1 Shoh Oxozga xabar. 10 Immanuil to‘g‘risida bashorat.
Ishayo 7 bob
1 Uzziyoning nabirasi, Yo‘tomning o‘g‘li Oxoz hukmronligi davrida Oram shohi Ratan va Ramaliyo o‘g‘li Isroil shohi Pekax Quddusga kelib, saf tortdilar. Ammo uni bosib ololmadilar.
2 Dovud xonadoniga: “Oram lashkari Efrayim xalqi bilan ittifoq tuzibdi”, degan xabar yetib keldi. Shoh Oxoz hamda xalq shunchalik vahimaga tushdilarki, hammalari shamolda tebrangan daraxtday titradilar.
3 Shunda Egamiz Ishayoga dedi: “Sen o‘g‘ling Sheryosub bilan katta yo‘lga chiqqin. U yo‘l kir yuvuvchining dalasi tomon ketgan. Yuqori hovuz arig‘ining oxiri bo‘lgan o‘sha joyda Oxozni kutib olib,
4 unga shunday deb aytinglar: ‘O‘zingni bos, tinchlan, qo‘rqma! Oram shohi Ratan va Ramaliyo o‘g‘li g‘azabga mingan, ammo ularni deb qo‘rquvdan titramagin. Ikkovi ham yonib bitayotgan g‘o‘laday.
5 Efrayim va Ramaliyo o‘g‘li bilan birga, Oram senga qarshi fitna qilib, shunday dedi:
6 «Yahudoga bostirib boramiz. Xalqini vahimaga solib, qo‘lga olamiz. So‘ng To‘val o‘g‘lini Yahudo shohi qilib tayinlaymiz».
7 Ammo Egamiz Rabbiy aytmoqda: «Bu fitna amalga oshmas, Bu hech qachon yuz bermas.
8 Oramning boshi Damashqdir, Damashqning boshi Ratandir, Oltmish besh yildan so‘ng Efrayim Qirilib bitar, aslo xalq bo‘lmas.
9 Efrayimning boshi Samariyadir, Samariyaning boshi Ramaliyo o‘g‘lidir. Agarda so‘zimga ishonmasangiz, Mustahkam tura olmaysiz».’”
10 Egamiz yana Oxozga shunday dedi:
11 — Men, Egang Xudodan o‘zingga nishona so‘ra, o‘sha nishona o‘liklar diyoridan chuqur yoki falak toqidan baland bo‘lsin.
12 Shunda Oxoz: — So‘ramayman, Egamni sinamayman, — dedi.
13 Shunda Ishayo dedi: — Eshiting, ey Dovud xonadoni! Odamlarni bezdirganingiz sizlarga kamlik qilganday, Xudoyimni ham bezdirasizlarmi?!
14 Endi Rabbiyning O‘zi sizlarga nishona beradi: ana, qiz homilador, u o‘g‘il tug‘adi va Uning ismini Immanuil qo‘yadi.
15 O‘sha bola yomonni rad etib, yaxshini tanlashni biladigan yoshga yetganda qatiq va asal yeydi.
16 Ha, o‘sha vaqt kelmasdan oldin, sizlarni vahimaga solayotgan ikkala shohning yerlari tashlandiq bo‘ladi.
17 Egam sizning va xalqingizning, ota–bobolaringizning xonadoni boshiga shunday kunlarni soladiki, Efrayim Yahudodan ajralib chiqqandan beri bunday kunlar ularning boshiga tushmagan: evoh, Ossuriya shohi kelmoqda!
18 O‘sha kuni Egam Misr daryolarining yuqori oqimidagi pashshalarga, Ossuriya yurtidagi arilarga ishora qiladi.
19 Shundan keyin ularning hammasi kelib, chuqur soyliklarga, qoyalarning yoriqlariga joylashadilar. Hamma chakalakzorlarga, hamma yaylovlarga o‘rnashib oladilar.
20 O‘sha kuni Rabbiy Ossuriya shohini ishlatadi. U Rabbiyning qo‘lida Furot daryosining ortida kiraga olingan ustara kabi bo‘ladi. Ha, soqolingizni butunlay qirib tashlaydi, boshu oyog‘ingizda birorta tuk qolmaydi.
21 O‘sha kuni bir odam ikki qo‘y va bir g‘unajinni tirik saqlab qoladi.
22 U odamda shuncha ko‘p sut bo‘ladiki, u suzma qatiq yeydi. Yurtda qolganlarning hammasi suzma qatiq va asal yeydi.
23 Ming kumush tangaga arziydigan, toklarga to‘la bir uzumzor bor. O‘sha kuni mana shu uzumzor ham chakalakzoru tikanzorlarga aylanadi.
24 Shundan keyin odamlar u yerga kamonu o‘qlari bilan boradigan bo‘ladi.
25 Bir zamonlar ishlov berilgan, ekin ekilgan barcha tepaliklarga endi sizlar bormaysizlar. Axir, chakalakzoru tikanzorlardan qo‘rqasizlar–da. U yerlarda mollar o‘tlaydi, u yerlarni qo‘y–echkilar toptaydi.