Yuhanno Muqaddas xushxabar 1 bob

Kirish

Yuhanno Mazkur kitobning muallifi Zabadiyning o‘g‘li baliqchi Yuhannodir. U akasi Yoqub va Butrus bilan birga Iso Masihning eng yaqin shogirdi hisoblanadi. Yuhanno bu kitobda o‘z ismini ishlatmay, o‘zini Iso Masihning sevikli shogirdi deb tilga olgan (masalan, 13:23 ga qarang). Muallif mazkur Xushxabar orqali kitobxonlarga Isoning Najotkor — Masih ekanligini ko‘rsatadi, Isoga ishongan har bir odam abadiy hayotga erishishini aytib o‘tadi.

Ushbu kitob azaldan mavjud bo‘lgan “Kalom”, ya’ni dunyoga kelgan Iso Masih haqidagi ma’lumot bilan boshlanadi. Muallif kitobda Iso Masihning ko‘rsatgan mo‘jizalari va mo‘jizlar orqali isbotlagan haqiqati haqida so‘z yuritadi. Isoning o‘ldirilishi va tirilishi haqidagi hodisalar ham kitobdan o‘rin olgan. Iso tirilgandan keyin bir necha marta shogirdlariga zohir bo‘lgani haqidagi ma’lumot kitobga yakun yasaydi.

Kitobda Iso Masih O‘zini “hayot noni”, “hayotbaxsh suv manbayi”, “olamning nuri”, “yaxshi Cho‘pon”, “yo‘l, haqiqat va hayot”, “haqiqiy tok” va “odamlarni oxiratda tiriltiruvchi, ularga hayot beruvchi Zot” deb ataydi. Odamlar muhtoj bo‘lgan Najotkor — Iso Masih ekanligini matndan aniq ko‘rishimiz mumkin.

 

1–BOB - Yuhanno

Muqaddima: Azalda — Kalom

 

1 Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo bilan birga edi, Kalom — Xudo edi.
2 Azalda U Xudo bilan birga edi.
3 Butun borliq Kalom orqali yaratilgan, Usiz yaratilgan biron narsa mavjud emas.
4 Kalom — hayot manbayi edi, Bu hayot insonlarning Nuri edi.
5 Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa Nurni yengolmadi.
6 Xudo Yahyo ismli bir odamni yubordi.
7 Yahyo Nur haqida shahodat qilgani kelgan edi, toki hamma uning shahodati orqali imon keltirsin.
8 Uning o‘zi Nur emas edi, u faqat Nur haqida shahodat qilgani kelgandi.
9 Har bir odamni yoritadigan haqiqiy Nur dunyoga kelayotgan edi.
10 Ha, Kalom dunyoda edi, Dunyo U orqali yaratilgandi, Biroq dunyo Uni tanimadi.
11 U O‘z yurtiga keldi, Lekin O‘z xalqi Uni qabul qilmadi.
12 Uni qabul qilganlarning hammasiga esa, Unga imon keltirganlarga, U Xudoning farzandi bo‘lish huquqini berdi.
13 Ular na tana xohishidan, Na er xohishidan, Tabiiy yo‘l bilan emas, Balki Xudodan tug‘ilgan farzandlardir.
14 Kalom inson bo‘ldi, Oramizda yashadi. U inoyat va haqiqatga to‘lgandi. Biz esa Uning ulug‘vorligini ko‘rdik. Bu ulug‘vorlik Otadan kelgan yagona O‘g‘ilga mansub edi.
15 Yahyo U haqda guvohlik berib, baland ovozda dedi: — Mening ketimdan kelayotgan Zot mendan ulug‘dir, chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan, deb mana shu Kishi haqida aytgan edim.
16 Uning cheksiz inoyati tufayli Biz hammamiz baraka ustiga baraka oldik.
17 Xudo qonunniMuso orqali berdi, Inoyat va haqiqatni esa U Iso Masih orqali ko‘rsatdi.
18 Hech kim hech qachon Xudoni ko‘rgan emas, Ota bag‘ridagi, aslida Xudo bo‘lgan yagona O‘g‘il, Uni bizga tanitdi.
19 Quddusdagiyahudiylar Yahyoning oldiga ruhoniylarni va levilarni yubordilar. Ular kelib, Yahyodan: — Sen kimsan? — deb so‘radilar. Yahyo javob berishdan bosh tortmadi. U shahodat berib, ochiq–oydin:
20 — Men Masih emasman, — deb aytdi.
21 Yana undan: — Bo‘lmasa kimsan? Ilyosmisan? — deb so‘radilar. — Yo‘q! — dedi u. — Biz kutayotgan payg‘ambarmisan? — deb savol berdilar. U yana: — Yo‘q! — deb javob berdi.
22 — Unda kimsan? Bizni yuborganlarga javob berishimiz kerak. Sen o‘zing haqingda nima deysan? — deb so‘radilar.
23 — Ishayo payg‘ambar aytganiday: “Egamizga to‘g‘ri yo‘l oching”, deb sahroda yangrayotgan ovoz menman, — dedi Yahyo.
24 Farziylar tomonidan yuborilgan bu odamlar
25 Yahyoga dedilar: — Modomiki sen Masih ham, Ilyos ham, biz kutgan payg‘ambar ham emas ekansan, nega xalqni suvga cho‘mdirib yuribsan?
26 Yahyo ularga javoban shunday dedi: — Men odamlarni suvga cho‘mdiryapman, xolos. Lekin orangizda sizlar tanimaydigan bir Zot bor.
27 U mening orqamdan kelyapti, shunday bo‘lsa–da, men Uning chorig‘i iplarini yechishga ham arzimayman.
28 Bu hodisa Iordan daryosining sharqiy qirg‘og‘idagi Baytaniya qishlog‘ida yuz bergan edi. Yahyo o‘sha yerda odamlarni suvga cho‘mdirib yurardi.
29 Ertasi kuni Yahyo Isoning yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, shunday dedi: “Ana, Xudoning Qo‘zisi! U dunyoni gunohdan poklaydi!
30 Men ana shu Kishi haqida: “Mening ketimdan kelayotgan Zot, mendan ulug‘dir. Chunki U mendan oldin mavjud bo‘lgan”, deb aytgan edim.
31 Men Uning kimligini bilmas edim. Lekin Uni Isroil xalqiga tanitish maqsadida, men odamlarni suvga cho‘mdirgani keldim.”
32 Yahyo yana shunday shahodat berib dedi: — Men Ruhning osmondan kaptarday uchib kelganini va Uning ustiga qo‘nganini ko‘rdim.
33 O‘sha paytgacha men Uning kimligini bilmas edim. Lekin “Odamlarni suvga cho‘mdirasan”, deb meni yuborgan Xudo menga shunday degan edi: “Muqaddas Ruh kimning ustiga tushib qo‘nganini ko‘rsang, bilki, Muqaddas Ruhga Cho‘mdiruvchi O‘shadir.”
34 Men buni ko‘rdim va sizlarga “Bu — Xudoning O‘g‘lidir”, deb aytyapman.
35 Ertasi kuni Yahyo shogirdlarining ikkitasi bilan yana kechagi joyda edi.
36 U o‘tib ketayotgan Isoga qarab: — Ana, Xudoning Qo‘zisi! — dedi.
37 Ikkala shogird Yahyoning bu so‘zlarini eshitib, Isoning orqasidan ergashib borishdi.
38 Iso o‘girilib, ularning ergashib kelayotganini ko‘rdi–da, ulardan: — Sizlarga biron narsa kerakmi? — deb so‘radi. — Ravviy, Siz qayerda turasiz? — deyishdi ular. (“Ravviy” ustoz demakdir).
39 — Yuringlar, ko‘rasizlar, — dedi Iso. Ular borib, Isoning turar joyini ko‘rganlarida, soat to‘rt bo‘lib qolgan edi. Shuning uchun ular o‘sha kuni Iso bilan qolishdi.
40 Yahyodan Iso haqida eshitib, Unga ergashganlardan biri Idris edi. Idris — Shimo‘n Butrusning ukasi edi.
41 U darrov akasi Shimo‘nni topdi–da, unga: — Biz Masihni topdik, — dedi. (Masih “Xudoning Tanlagani” demakdir.)
42 Idris akasini Isoning oldiga olib keldi. Iso unga qarab dedi: — Sen Yuhanno o‘g‘li Shimo‘nsan. Sening isming Kifa bo‘ladi (Kifa yunonchada — Butrus, ya’ni “Tosh” demakdir).
43 Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo‘ldi. U Filipni uchratib, unga: — Ortimdan yur! — dedi.
44 Filip Baytsayda shahridan bo‘lib, Idris va Butrusning hamshahari edi.
45 Filip Natanilni topib, unga dedi: — Muso Tavrot kitobida, boshqa payg‘ambarlar esa o‘zlarining bitiklarida bir Zot to‘g‘risida yozishgan edi. Biz o‘sha Zotni topdik. U Nosira shahridan, Yusuf o‘g‘li Iso ekan!
46 — Nosira shahridan? U yerdan biron yaxshilik chiqarmidi?! — dedi Natanil unga. — Yur, ko‘rasan! — dedi unga Filip.
47 Iso yaqinlashib kelayotgan Natanilni ko‘rib, u haqda shunday dedi: — Ana Isroilning haqiqiy avlodi. U hiyla degan narsani bilmaydi.
48 Natanil Isodan so‘radi: — Siz meni qayerdan taniysiz? — Filip seni chaqirmasidan oldin, sen anjir daraxtining tagida eding. Men seni o‘sha yerda ko‘rgan edim, — deb javob berdi Iso.
49 Shunda Natanil dedi: — Ustoz, Siz Xudoning O‘g‘lisiz! Isroilning Shohisiz!
50 Iso unga javoban dedi: — Men senga: “Seni anjir daraxti tagida ko‘rdim”, deganim uchungina ishonyapsan. Sen bundan ham buyuk ishlarni ko‘rasan!
51 So‘ng yana shunday deb qo‘shib qo‘ydi: — Sizlarga chinini aytayin: sizlar osmon ochilganini va Xudoning farishtalari Inson O‘g‘li oldiga tushib–chiqayotganini ko‘rasizlar.