Matto Muqaddas xushxabar 1 bob

KirishMatto

Mazkur kitob Yangi Ahd turkumidagi to‘rtta Xushxabardan birinchisidir. Kitob muallifi Matto Isoning o‘n ikki shogirdidan biri bo‘lib, Isoning hayoti va faoliyatini batafsil bayon etgan. Kitob tarkibidagi “Haqiqiy baxtiyorlik” (5:1-7:28), “Ibodat” (6:9-13) va “Oltin qoida” (7:12) kabi hikoyalar nihoyatda mashhur bo‘lib, odamlarga yod bo‘lib ketgan.

Kitobning asosiy mavzularidan biri Xudoga bo‘lgan itoatkorlikdir. Kitobda Xudoga itoatkorlik to‘g‘risida 7 marta gapirilgan. Birinchi bor bu haqda Iso suvga cho‘mdirilganda aytgan edi, o‘shanda U: “biz Xudoning amrini to‘la bajarishimiz zarur”, degandi (3:15).

Muallif Matto Isoning ta’limoti va faoliyatini keng yoritdi. U Eski Ahd bitiklari Isroil xalqi uchun katta ahamiyatga egaligini bilib, payg‘ambarlarning bashoratlariga asoslangan holda, Isoning Xudo tomonidan yuborilgan Masih ekanligini asosladi. Mattoning bu kitobni yozishdan maqsadi masihiylarning e’tiqodi Eski Ahd bitiklariga mustahkam asoslanganini ko‘rsatish edi. Shu orqali u masihiylarga imonda o‘sishlari uchun zamin yaratmoqchi bo‘ldi.

Kitob Isoning O‘z shogirdlariga bergan buyuk amri bilan yakunlanadi: “Yeru osmondagi butun hokimiyat Menga berilgan. Shuning uchun borib, barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar. Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar. Zotan, Men har doim, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birgaman.” (28:18-20)

1–BOB - Matto

Iso Masihning nasl–nasabi

1 Ibrohim va Dovud avlodidan bo‘lgan Iso Masihning nasabnomasi quyidagicha:
2 Ibrohimdan Is’hoq tug‘ildi. Is’hoqdan Yoqub tug‘ildi. Yoqubdan Yahudo va uning aka–ukalari tug‘ildilar.
3 Yahudo va Tamaradan Paraz va Zarah tug‘ildilar. Parazdan Xazron tug‘ildi. Xazrondan Oram tug‘ildi.
4 Oramdan Ominadov tug‘ildi. Ominadovdan Naxsho‘n tug‘ildi. Naxsho‘ndan Salmo‘n tug‘ildi.
5 Salmo‘n va Rahobadan Bo‘az tug‘ildi. Bo‘az va Rutdan Obid tug‘ildi. Obiddan Essay tug‘ildi.
6 Essaydan shoh Dovud tug‘ildi. Shoh Dovud va Uriyoning sobiq xotinidan Sulaymon tug‘ildi.
7 Sulaymondan Raxabom tug‘ildi. Raxabomdan Abiyo tug‘ildi. Abiyodan Oso tug‘ildi.
8 Osodan Yohushafat tug‘ildi. Yohushafatdan Yo‘ram tug‘ildi. Yo‘ramdan Uzziyo tug‘ildi.
9 Uzziyodan Yo‘tom tug‘ildi. Yo‘tomdan Oxoz tug‘ildi. Oxozdan Xizqiyo tug‘ildi.
10 Xizqiyodan Manashe tug‘ildi. Manashedan Omon tug‘ildi. Omondan Yo‘shiyo tug‘ildi.
11 Isroil xalqi Bobilga surgun qilingan davrda Yo‘shiyo Yexoniyoni va boshqa o‘g‘il farzandlarni ko‘rdi.
12 Isroil xalqi Bobilga surgun qilingandan keyin Yoxoniyodan Shaltiyol tug‘ildi. Shaltiyoldan Zarubabel tug‘ildi.
13 Zarubabeldan Abihud tug‘ildi. Abihuddan Eliyaqim tug‘ildi. Eliyaqimdan Azo‘r tug‘ildi.
14 Azo‘rdan Zodo‘x tug‘ildi. Zodo‘xdan Axim tug‘ildi. Aximdan Elihud tug‘ildi.
15 Elihuddan Elazar tug‘ildi. Elazardan Mattan tug‘ildi. Mattandan Yoqub tug‘ildi.
16 Yoqubdan Maryamning eri Yusuf tug‘ildi. Maryamdan esa Masih deb atalgan Iso tug‘ildi.
17 Shunday qilib, Ibrohimdan Dovudgacha hammasi bo‘lib o‘n to‘rt nasl, Dovuddan Bobildagi surgungacha o‘n to‘rt nasl va Bobildagi surgundan Masih tug‘ilgungacha o‘n to‘rt nasldir.
18 Iso Masihning tug‘ilishi shunday sodir bo‘ldi: Isoning onasi Maryam Yusufga unashtirib qo‘yilgan edi. Ularning nikohidan oldin Maryam Muqaddas Ruhdan homilador ekanini bildi.
19 Maryamning bo‘lg‘usi eri Yusuf solih odam bo‘lib, Maryamni sharmanda qilishni istamay, birovga bildirmasdan fotihasini buzmoqchi bo‘ldi.
20 Yusuf bu haqda o‘ylab yurganda, Egamizning bir farishtasi unga tushida zohir bo‘lib dedi: “Ey Dovud o‘g‘li Yusuf! Maryamga uylanishdan qo‘rqma, chunki qornidagi bola Muqaddas Ruhdan paydo bo‘lgan.
21 Maryam O‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Iso qo‘yasan, chunki U O‘z xalqini gunohlardan qutqaradi.”
22 Bu barcha voqealar Egamizning payg‘ambar orqali aytgan quyidagi so‘zlari bajo bo‘lishi uchun yuz bergan edi:
23 “Qiz homilador bo‘ladi, u o‘g‘il tug‘adi, Uning ismini Immanuil, deb qo‘yishadi.” Immanuil “Xudo biz bilan” deganidir.
24 Yusuf uyg‘onib ketdi. Egamizning farishtasi buyurgandek, u Maryamga uylandi.
25 Ammo Maryam O‘g‘il tug‘magunicha unga yaqinlashmadi. Bola tug‘ilganda esa Yusuf Unga Iso deb ism qo‘ydi.