Kirish
Amos payg‘ambar Yahudo yurtining keng yaylovlarida suruvini boqib yurgan oddiy bir cho‘pon edi. U payg‘ambar bo‘lish uchun hech qanday tahsil olmagan (7–bob, 14–oyat). Shunga qaramay, Egamiz uni shimoliy Isroil shohligiga yuborib, u yerda yashagan xalqqa bashorat qilishni buyurdi. Amos Yahudo yurtidagi o‘zi yashayotgan Taxuva qishlog‘ini tark etib, Isroil yurtidagi Baytil shahriga bordi. Ehtimol, o‘sha davrlarda Baytil Isroildagi butparastlikning eng ashaddiy o‘chog‘i bo‘lgandir.
Ushbu kitobning boshlanishida Amos payg‘ambar Isroil atrofidagi xalqlar to‘g‘risida bashorat qildi. Isroil xalqining, ayniqsa, boy–badavlat odamlarning qismatini e’lon qildi. Negaki ular kambag‘al yurtdoshlarini shilib, o‘zlariga qul qilib olishardi. O‘sha davrda Isroil xalqining aksariyat qismi Xudoning yo‘lidan og‘ib, butlarga sig‘ina boshlagan edi. Shunga qaramay, ular Egamizdan najot kutishardi. Amos esa xalqni ogohlantirib shunday aytadi:
Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni seving,
Mahkamalarda adolat o‘rnating.
Balki shunda Yusuf naslidan omon qolganlarga
Parvardigori Olam — Egamiz iltifot qilar. (5:15)
1–BOB - Amos
1 Ushbu kitobda taxuvalik cho‘ponlardan biri bo‘lgan Amosning so‘zlari bayon etilgan. Isroil to‘g‘risidagi bu so‘zlar Amosga zilziladan ikki yil avval vahiy orqali ayon bo‘lgan edi. O‘sha davrda Yahudo yurtida shoh Uzziyo, Isroil yurtida esa Yo‘sh o‘g‘li shoh Yoribom hukmronlik qilayotgan edilar.
2 Amos shunday dedi: “EgamizSiondan turib o‘kiradi, Quddusdan gulduros ovozi yangraydi! Cho‘ponlarning yaylovlari qurib qoladi, Karmil cho‘qqisidagi o‘tlar xazon bo‘ladi.”
3 Egamiz shunday demoqda: “Damashq aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular Gilad aholisini temir tishli xo‘ptir bilan yanchidi.
4 Shunday ekan, Men shoh Xazayilning saroyiga olov yog‘diraman, Olov Banhadadning qal’alarini kuydirib tashlaydi.
5 Men Damashq darvozalarining tambalarini sindiraman. “Qabihlik vodiysi”ning hukmdorini yo‘q qilaman, Bayt–Edenda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Oram xalqi asirlikka tushadi, Xir yurtiga olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir.
6 Egamiz shunday demoqda: “G‘azo aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman, Axir, ular butun bir xalqni asirlikka olib, Edomga qul qilib sotdilar.
7 Shunday ekan, Men G‘azo devoriga olov yog‘diraman, Olov G‘azo qal’alarini kuydirib tashlaydi.
8 Men Ashdod shahrining hukmdorini yo‘q qilaman, Ashqalonda saltanat hassasini tutgan zotni halok qilaman. Exron shahriga qarshi qo‘l ko‘taraman, Omon qolgan Filistlarni qirib tashlayman!” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
9 Egamiz shunday demoqda: “Tir aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular birodarlik ittifoqini unutib, Butun bir xalqni Edomliklarga qul qilib sotdilar.
10 Shunday ekan, Men Tir devoriga olov yog‘diraman, Olov Tir qal’alarini kuydirib tashlaydi.”
11 Egamiz shunday demoqda: “Edom aholisi gunoh ustiga gunoh qildi! Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular qardoshi Isroil xalqiga rahm qilmadilar. Ularni qilich bilan ta’qib qilib, Qahrini cheksiz sochdilar, G‘azabidan hech tushmadilar.
12 Shunday ekan, Men Temon shahriga olov yog‘diraman, Bozrax qal’alarini olov kuydirib tashlaydi.”
13 Egamiz shunday demoqda: “Ommon xalqi gunoh ustiga gunoh qildi, Men ularni jazosiz qoldirmayman. Axir, ular hududini kengaytirish uchun Giladga hujum qildilar, O‘shanda homilador ayollarning qorinlarini yordilar.
14 Shunday ekan, Men Rabba shahrining devoriga o‘t qo‘yaman, Olov Rabba qal’alarini kuydirib tashlaydi. O‘sha kuni jangdagi hayqiriqlar falakni tutadi, Jang bo‘ron kabi avj oladi.
15 Ommon shohi surgun qilinadi, U bilan birga mulozimlar ham olib ketiladi.” Egamizning kalomi shudir.