1 Xudo Ishayoni payg‘ambarlikka chaqiradi.
Ishayo 6 bob
1 Shoh Uzziyo vafot etgan yili men yuqoriga yuksalgan Rabbiyning taxtda o‘tirganini ko‘rdim. Uning libosining etaklari Ma’badni to‘ldirgan edi.
2 Uning tepasida seraflar shay turardi, har birining oltita qanoti bor edi. Ular ikki qanoti ila yuzlarini to‘sgandi, ikki qanoti ila oyoqlarini to‘sgandi, qolgan ikki qanoti bilan uchayotgan edi.
3 Ular bir–biriga hayqirishardi: “Muqaddasdir, muqaddasdir, Muqaddasdir Sarvari Olam! Uning ulug‘vorligi Butun olamni to‘ldirgan!”
4 Ularning hayqirgan ovozlari Ma’badni poydevorigacha titratib yubordi, Ma’bad tutun bilan to‘lib borardi.
5 Men shunday dedim: “Sho‘rim qursin! O‘ldim endi! O‘z ko‘zlarim bilan o‘sha Shohni, Sarvari Olamni ko‘rdim. Axir, men og‘zi nopok bir odamman, og‘zi nopok xalq orasida yashayman!”
6 Seraflardan biri men tomon uchdi, qo‘lida ko‘mir cho‘g‘i bor edi, otashkurak bilan qurbongoh ustidan o‘sha cho‘g‘ni olgan edi.
7 Ko‘mir cho‘g‘ini og‘zimga tekkizib, u shunday dedi: “Qara, bu cho‘g‘ lablaringga tegdi, endi ayblaring yuvildi, gunohlaringdan forig‘ bo‘lding.”
8 Shunda eshitdim Rabbiyning ovozini: “Kimni yuboraman? Biz uchun kim boradi?” Men aytdim: “Men shu yerdaman, mana, yuborgin meni.”
9 U shunday dedi: “Bor, mana shu xalqqa: ‘Tinglayverasiz, lekin anglab yetmaysiz, Qarab turibsizu, ammo bilmaysiz’, — deb aytgin.
10 O‘sha xalqning aqlini o‘tmas qil, Quloqlarini qilgin garang, Ko‘zlarini esa ko‘r qilgin. Toki ko‘rmay qolsin ko‘zlari, Eshitmay qolsin quloqlari. Anglamay qolsin aqllari, Toki yana Menga qaytib, Shifo topmasin ular.”
11 So‘radim: “Ey Rabbiy, qachongacha?” U aytdi: “Shaharlar vayron bo‘lib, Kimsasiz qolgunlaricha, Xonadonlarda biron jon qolmay, Yurt tamom vayron bo‘lguncha.
12 Oxiri, Men, Egangiz, hammani uzoqqa jo‘nataman, Yurtda esa ko‘plab tashlandiq joylar bo‘ladi.
13 Xalqning o‘ndan biri qolsa ham Yondirib yuboriladi. Ammo qayrag‘och, eman daraxtlar kesilganda To‘nkalari qolgani kabi Undan ham to‘nka qoladi. Uning to‘nkasi Muqaddas urug‘dir.”