Kirish
Ishayo payg‘ambar qirq yil davomida faoliyat ko‘rsatgan. Mana shu davrda Yahudo shohlaridan to‘rttasi birin–ketin hukmronlik qildi. O‘sha qirq yil davomida Ossuriya shohligi kengayib boraverdi. Ko‘p xalqlar Ossuriyaga qarshi jang qilish niyatida birlashdilar, ammo Ossuriya baribir Isroil va uning yon atrofidagi yurtlar ustidan g‘alaba qozondi. Minglab odamlar asirga olindi. Yahudo shohligi butunlay bosib olinmagan bo‘lsa–da, Ossuriyaga juda ko‘p boj–soliqlar to‘lar edi.
Ishayo payg‘ambarning kitobi uch qismdan iborat. Kitobning birinchi qismida (1-39–boblar) Xudoning muqaddasligi hamda U butun olamning shohi bo‘lib, katta qudratga ega ekanligiga alohida urg‘u berilgan. Egamiz muqaddas Shoh bo‘lgani uchun, Yahudoda bo‘layotgan fosiqliklar Uning g‘azabini keltirardi. Davlat a’yonlari buzuq edi. Yurtda buzg‘unchiligu adolatsizlik hukm surardi. Yahudo xalqini va boshqa ellarni jazolash niyatida Ossuriya va Bobil shohliklarini Egamiz ularning ustiga yubordi. Ammo shunda ham Egamiz O‘z xalqiga kelajak uchun umid berdi. Agar ular Xudoga qaytib, yana Unga umid bog‘lasalar ular albatta Xudodan himoya topardilar.
Kitobning ikkinchi (40-55–boblar) qismida Egamiz jazolangan xalqlarga gapiradi (40:1-2). O‘sha xalqlar juda ham tushkun ahvolda edilar, Egamiz ularga umid berdi. O‘sha xalqlarning butlari kuchsiz ekanligini Xudo tushuntirmoqchi bo‘ldi. Uning O‘zi tanho Xudo ekanligini aytdi. Agar Isroil xalqi Xudoga qaytsa U o‘z xalqini va boshqa xalqlarni Bobilliklar qo‘lidan qutqarardi. Isroil xalqi o‘z yurtiga qaytib, Egamizdan barakalar olardi, farovon yashardilar. Egamiz butun olamni yaratgan, bu olam Uning qo‘li ostida bo‘lgani uchun o‘sha va’dalarni berishga qodirdir.
Kitobning uchinchi qismida (56-66–boblar) Egamiz O‘ziga sodiq bo‘lganlarga juda ham ajoyib kelajak va’da qiladi. Kitobning mana shu qismida faqat Isroil xalqi haqida emas, balki boshqa xalqlar haqida ham so‘z yuritiladi. O‘sha ajoyib kelajakka nazar tashlash uchun Egamizning va’dalari bir darcha sifatida xizmat qiladi. Bu kelajakda Egamiz shunday bir dunyo yaratadiki, bu dunyo quvonchga to‘la bo‘lib, unda birorta ham qiyinchiligu dard bo‘lmaydi:
“Mana, qarang! Yangi osmon, yangi yer yaratyapman.
Ilgari bo‘lganlar endi eslanmaydi,
Ular hech qachon yodga olinmaydi.
Yaratayotgan ishlarim tufayli
To abad shodlaning, xursand bo‘ling.
Men Quddusni shodlik qilib,
Xalqini quvonch qilib yaratyapman.
Men Quddus tufayli sevinaman,
Xalqim Menga quvonch keltiradi.
Endi Quddusda hech qachon
Yig‘i, faryod tovushi eshitilmaydi.” (65:17-19)
1–BOB - Ishayo
Xudo O‘z xalqiga tanbeh beradi
1 Omiz o‘g‘li Ishayoning Yahudo hamda Quddusga oid bashorati. Bu davrlarda Yahudoda Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo kabi shohlar hukmronlik qilardi.
2 Eshiting, ey samolar, tingla, ey zamin, Shudir Egamizning kalomi: “Bino qildim bolalarni, ulg‘aytirdim ularni, Ammo ular isyon qildilar Menga.
3 Ho‘kiz biladi o‘z egasini, Hatto eshak bilar kim uni boqishini, Ammo xalqim Isroil bilmaydi, Ular tushunmaydi Meni, o‘z Egasini.”
4 Eh, gunohkor elat, aybi muqarrar xalq, Eh, qabih nasllar! Nomussizlarcha ish qilar bu bolalar, Eh, Egamizni tark etgan ular, Isroil xalqining muqaddas Xudosiga Shakkoklik qilgan, Egamizga orqa o‘girgan ular!
5 Egam aytar: “Nega yana muncha kaltak istaysiz?! Ne uchun isyonni davom ettirursiz?! Yaralangan butun bosh, Madordan ketgan butun yurak.
6 Boshdan oyoq sog‘ joyi yo‘q, Yiring ila qoplangan, ko‘karib ketgan, Yaralaridan qon oqib yotar, Tozalanmagan, bog‘lanmagan, yog‘ surtilmagan.
7 Vayronalar ichra yotar yurtingiz, Olovda yonib ketgan shaharlaringiz! Oldingizda yeringizni Yeb bitirar kelgindilar, Begonalar yurtingizni vayron qilar.
8 Ammo aziz Quddus Qamal qilinganday bo‘lar, U o‘xshab qolar Uzumzordagi yolg‘iz chaylaga, Polizda tikkaygan kapaga.”
9 Eh, agarda Sarvari Olam Qoldirmaganda edi besh–oltitamizni, Sado‘m shahriga o‘xshab qolgan bo‘lardik, G‘amo‘ra shahriga o‘xshagan bo‘lardik.
10 Egamizning kalomini eshiting, Sado‘m yo‘lboshchilarining izdoshlari! Xudoyimizning o‘gitiga quloq soling, G‘amo‘ra xalqining sheriklari!
11 “Nima keragi bor Menga?! Ko‘plab qurbonligingiz?! To‘yib ketdim endi Kuydirilgan qo‘chqorlar nazri, Bo‘rdoqi yog‘laridan, — deb aytmoqda Egamiz. — Menga xush kelmadi buqalarning, Qo‘zilar va echkilarning qoni.
12 Huzurimda hozir bo‘lganingizda, Muqaddas Hovlimni bulg‘asin, deb kim aytdi? Bularni sizlardan kim so‘radi?!
13 Endi soxta nazrlar qilmanglar Menga, Tutatqingiz ham Menga jirkanchdir! Toqat qilmasman endi Chorlovlaringizni, fosiq yig‘iningizni, Yangi oy bayramiyu Shabbat kuningizni.
14 Nafratlandim yangi oy bayramingizdan Hamda ‘muqaddas’ kunlaringizdan. Bular Menga og‘ir yuk bo‘ldi, Toliqqanman bularni ko‘tarishdan.
15 Hatto ko‘p ibodat qilganingizda ham, Eshitmasman Men sizlarni. Menga ochganingizda qo‘llaringizni, Sizlardan yashiraman Men ko‘zlarimni. Qo‘llaringiz qonga botgandir.
16 Poklang, tozalang o‘zingizni, Ko‘z oldimdan yo‘qoting! Qabih qilmishlaringizni, Qabihlikni endi bas qiling!
17 O‘rganing ezgulik qilishni, Adolatni izlang, Yo‘lga soling zolimni, Himoya qiling yetimni, Beva haqi uchun kurashing.”
18 Egamizning kalomi shudir: “Qani, endi birgalashib o‘ylaylik: Gunohlaringiz qizil rangga o‘xshasa ham, Sizlar qorday oppoq bo‘lasiz. Gunohlaringiz qirmizi rangga o‘xshasa ham, Sizlar momiqday oppoq bo‘lasiz.
19 Agar Menga itoat etsangiz chin ko‘ngildan, Yeysiz, albatta zaminning sara hosilidan.
20 Ammo rad etib, Menga bo‘ysunmasangiz, Qilichning damiga ro‘para bo‘lgaysiz.” Egamizning O‘zi shunday deb aytdi.
21 Qanday qilib sodiq shahar fohishaga aylandi?! Solihlik joylashib, adolatga to‘la bo‘lmaganmidi?! Endi esa bu yerda qotillar qoldi!
22 Kumushing toshqol bo‘ldi, Sharobing suv bilan aralashdi.
23 Ha, isyonkordir yo‘lboshchilaring, O‘g‘rilarga sherikdir ular. Har biri porani sevar, Hadyaning ortidan quvar. Yetimni ular himoya qilmas, Bevaning arzi ularga yetib bormas.
24 Endi Isroil xalqining qudratli Xudosi, Sarvari Olam — Rabbiy aytadi: “Ha, dushmanlarimga g‘azabimni socharman, G‘animlarimdan o‘ch olib, tasalli toparman.
25 Yana sizlarga qarshi qo‘l ko‘taraman. Ishqor bilan tozalaganday, Jamiki qorishmani yo‘q qilib, Toshqollarni ajrataman.
26 Azalda bo‘lganiday Odil hakamu maslahatchilarni beraman. Shundan so‘ng senga nom qo‘yilar: ‘Solihlik shahri, Sadoqat shahri’, deya.”
27 Shunda Quddus adolat orqali qutqariladi, Tavba qilganlar solihlik tufayli najot topadi.
28 Isyonkoru gunohkorlar birga qiriladi, Egamizdan voz kechganlar halok bo‘ladi.
29 Sizlar sharmanda bo‘larsiz O‘zingiz xush ko‘rgan emanlar sababli. Mana, uyalib qolarsiz O‘zingiz tanlagan sajdagoh bog‘lar tufayli.
30 Ha, sizlar o‘xshab qolasiz Yaprog‘i qovjiragan emanga, Hamda suvsiz qaqragan boqqa.
31 Kuchlilar ham cho‘pga o‘xshab qoladi. Ishlari lov etgan olovga o‘xshaydi. O‘zlariyu ishlari birga yonib ketadi, Hech kim bu olovni o‘chirolmaydi.