1 Soxta payg‘ambarlarning holi. 17 Jodugar ayollarning holi.
Hizqiyo 13 bob
1 Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi:
2 “Ey inson, Isroilda o‘zicha bashorat qilib yurgan payg‘ambarlarga qarshi bashorat qil. Ularga shunday deb ayt: Egamizning so‘zlarini eshiting!
3 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: axmoq payg‘ambarlarning holiga voy! Ular hech qanday vahiy ko‘rmagan, bashoratlarini o‘zlari o‘ylab to‘qishgan.
4 Ey Isroil xalqi, payg‘ambarlaringiz shahar vayronalari orasida daydib yurgan chiyabo‘rilarga o‘xshaydi.
5 Mana, ular devorning o‘pirilib tushgan joylarini qo‘riqlamadilar, devorni tuzatmadilar. Endi Egangiz kunidagi jangda Isroil xalqi o‘zini muhofaza qila olmaydi.
6 Payg‘ambarlaringizning ko‘rgan vahiylari soxta, karomatlari yolg‘ondir! Men ularni yubormaganman, ammo ular “Egamiz shunday demoqda”, deb gapiradilar. Yana o‘z gaplari amalga oshishini kutadilar!
7 Ko‘rgan vahiylari soxta emasmi?! Aytgan karomatlari yolg‘on emasmi?! Men ularga gapirmasam ham “Egamiz shunday aytmoqda” deb aytishadi!
8 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Sizlar yolg‘on gaplarni aytganlaringiz uchun, soxta vahiylarni ko‘rganlaringiz uchun, Men sizlarga qarshiman”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
9 “Men bu yolg‘onchi payg‘ambarlarga qo‘l ko‘taraman, ularni xalqim kengashidan yo‘q qilaman. Nomlarini Isroil xalqi ro‘yxatidan o‘chirib tashlayman, ular hech qachon Isroil yurtiga qaytib kelmaydilar. O‘shanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilib olasizlar.
10 Notinch paytlarda, bu payg‘ambarlar “tinchlik”, deya xalqimni yo‘ldan uradilar. Xalqim zaif devor ko‘targanda, payg‘ambarlar uni ohak bilan oqlaydilar.
11 Devorni oqlayotganlarga ayt: bu devor qulaydi. Uning ustiga jala yog‘adi, katta– katta do‘l tushadi, unga qarshi dovul turadi.
12 Devor qulaganda odamlar: “Devor oqlagandan nima foyda chiqdi?!” deb aytmaydimi?
13 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Men g‘azab ustida dovul turg‘izaman. Qahr ustida jala yog‘diraman. Jahl ustida do‘l yuborib, devorni qulataman.
14 Sizlar ohak bilan oqlagan bu devorni Men yiqitaman. Uni poydevorigacha ochib tashlayman. Qulagan devor sizlarni bosib qoladi, sizlar hammangiz halok bo‘lasizlar. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
15 Shu yo‘sinda Men g‘azabimni devor va devorni oqlagan odamlar ustiga yog‘diraman. Men sizlarga: “Devor ham, uni oqlagan odamlar ham yo‘q bo‘ldi, deb aytaman.
16 Ha, bu payg‘ambarlar notinch damlarda Quddus aholisiga bashorat qilib, tinchlik vahiylarini bergan edilar”, deb aytmoqda Egamiz Rabbiy.
17 “Ey inson, Isroil xalqining o‘zicha bashorat qilib yurgan ayollariga yuzlan. Ularga qarshi bashorat qilib,
18 ayt: — Egangiz Rabbiy shunday demoqda: “Ey, odamlarning jonini ovlab yurgan ayollar, sizlarning holingizga voy! Sizlar har bir odamning bilagiga tumor taqasizlar. Yoshu qarining boshiga yopinchiqlar yopasizlar. Sizlar xalqimning jonlarini ovlab turib, o‘z joningizni saqlab qolasiz, deb o‘ylaysizmi?!
19 Sizlar bir hovuch arpa bilan bir burda non uchun, xalqim oldida Meni badnom qildingiz–ku! Yolg‘onni xush ko‘rgan xalqimga yolg‘on gapirib, aybsiz odamni nobud qildingiz. O‘limga loyiq bo‘lgan odamning jonini esa asrab qoldingiz.”
20 Shuning uchun Egamiz Rabbiy aytmoqda: “Sizlar tumorlaringiz bilan odamlarning jonlarini ovlayapsizlar. Men o‘sha tumorlaringizga qarshiman. Men ularni qo‘llaringizdan yulib olaman, qafasdagi qushni ozod qilganday xalqimni ozod qilaman.
21 Yopinchiqlaringizni yirtib tashlayman, xalqimni changalingizdan xalos qilaman. Ular endi sizning qurbonlaringiz bo‘lmaydi. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
22 Sizlar yolg‘onlaringiz bilan solih odamning dilini ranjitdingiz. Men esa uni ranjitmoqchi emas edim. Fosiq odam yomon yo‘lidan qaytmasligi, jonini saqlab qolmasligi uchun sizlar uni qo‘llab turdingiz.
23 Shu sababdan endi sizlar yolg‘on vahiylar ko‘rmaysizlar, fol ochib yurmaysizlar. Men O‘z xalqimni changalingizdan ozod qilaman. O‘shanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.