1 Fisih ziyofati. 15 Alangali bulut.
Sahroda 9 bob
1 Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin ikkinchi yilning birinchi oyida Egamiz Sinay sahrosida Musoga dedi:
2 “Isroil xalqiga ayt, ular Fisih ziyofatini belgilangan vaqtda,
3 shu oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda nishonlashsin. Bayramning hamma qonun–qoidalariga rioya qilishsin.”
4 Shunday qilib, Muso Isroil xalqiga: “Fisih ziyofatini nishonlanglar”, deb buyruq berdi.
5 Isroil xalqi birinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda Sinay sahrosida Fisih ziyofatini nishonladi. Ular hamma narsani Egamizning Musoga bergan amri bo‘yicha qilishdi.
6 Biroq odam murdasiga tegib harom bo‘lganlar o‘sha kuni Fisih ziyofatida ishtirok etisha olmadi. Ular o‘sha kuniyoq Muso bilan Horunning huzuriga kelib shunday deyishdi:
7 — Biz murdaga tekkanimiz uchun harommiz. Lekin nima uchun biz chetda qolishimiz kerak? Biz ham, Isroil xalqi qatori, belgilangan vaqtda Egamizga qurbonlik keltirmoqchimiz!
8 Muso ularga: — Kutib turinglar–chi, Egamiz sizlar to‘g‘ringizda qanday amr berar ekan, eshitay, — deb javob berdi.
9 Musoga Egamiz shunday javob berdi:
10 — Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Birortangiz yoki avlodlaringizdan kimdir murdaga tegib harom bo‘lsa yoki safarga ketgan bo‘lsa, Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlayversin.
11 Bunday odamlar bayramni ikkinchi oyning o‘n to‘rtinchi kuni oqshomda nishonlab, qurbonlik go‘shtini xamirturushsiz non va taxir o‘tlar bilan birga yeyishsin.
12 Ertalabgacha taomdan qoldirishmasin. Qurbonlikning birorta suyagini sindirishmasin. Fisih ziyofatini hamma qonunlarga muvofiq nishonlashsin.
13 Lekin bironta odam pok bo‘lib, safarda bo‘lmasa va shunga qaramay, Fisih ziyofatini nishonlashdan bosh tortsa, belgilangan vaqtda Egamizga bag‘ishlab qurbonlik qilmagani uchun Isroil xalqi orasidan yo‘q qilinsin. Shunday qilib, u o‘z gunohi uchun jazosini tortadi.
14 Orangizda yashayotgan musofir Egamizga bag‘ishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi bo‘lganda, o‘sha qonun–qoidalarga rioya qilishi lozim. Hammangiz uchun — sizlar va musofirlar uchun qonun bitta bo‘lsin.”
15 Muqaddas chodir o‘rnatilgan kuni chodirni bulut qoplab oldi. Oqshomdan ertalabgacha Muqaddas chodir tepasidagi bulutning ko‘rinishi alangaga o‘xshar edi.
16 Har doim shu ahvol yuz berardi: chodirni kunduzi bulut qoplab olar, tunda esa bulut alangaga o‘xshab turardi.
17 Bulut chodir tepasidan ko‘tarilgach, Isroil xalqi yo‘lga chiqardi. Bulut to‘xtagan joyda esa Isroil xalqi chodir tikardi.
18 Isroil xalqi Egamizning amri bilan yo‘lga chiqar va Egamizning amri bilan chodir tikardi. Bulut Muqaddas chodir tepasida turgan vaqt mobaynida, ular ham joylaridan siljimas edilar.
19 Bulut chodir tepasida uzoq kunlar turib qolganda ham, Isroil xalqi Egamizning talabiga rioya qilib, yo‘lga chiqmasdi.
20 Ba’zan esa bulut chodir tepasida ozroq kun turardi. Bunday paytda ham Isroil xalqi Egamizning amriga muvofiq to‘xtardi, Uning amri bilan yo‘lga chiqardi.
21 Ayrim vaqtlarda esa bulut chodir tepasida bor–yo‘g‘i bir kechagina turib, ertalab ko‘tarilar edi. Shunda Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi. Bulut ko‘tarilgan payti, kechasi bo‘ladimi, kunduzi bo‘ladimi, Isroil xalqi ham yo‘lga chiqardi.
22 Ba’zan bulut ikki kun, bir oy yoki uzoqroq vaqt mobaynida chodir tepasida turib qolardi. Shunda Isroil xalqi ham qarorgohda qolib, yo‘lga chiqmasdi. Bulut ko‘tarilgandan so‘ng Isroil xalqi yo‘lga chiqardi.
23 Ular Egamizning amri bilan to‘xtab, Uning amri bilan yo‘lga chiqishardi. Muso orqali Egamiz bergan amrlariga muvofiq hamma talablarni bajarishar edi.