Kirish
Yoshua kitobi Isroil xalqining Xudo ularga beraman, deb va’da qilgan yurtni egallashi haqida hikoya qiladi. O‘sha yurt Kan’on, deb atalardi. Bu kitob o‘z nomini hikoyaning qahramoni Nun o‘g‘li Yoshuadan olgan. Musoning o‘limidan keyin Yoshua Isroil xalqining yo‘lboshchisi qilib tayinlangan edi.
Yoshua kitobi ikki qismga bo‘lingan. Birinchi qismda (1-12–boblar) Isroil xalqi Kan’ondagi ko‘p shahar va qishloqlarni bosib olishiga Xudoning O‘zi yordam beradi. Ba’zan U mo‘jizalar orqali madad beradi. Masalan, Yerixo shahri uchun bo‘lgan jangda Xudo mana shu shaharning devorlarini buzib, yer bilan yakson qiladi (6:20). Keyinroq esa Givon shahri uchun bo‘lgan jangda Xudo osmondan yirik do‘l yog‘dirib, dushman jangchilarini ezib tashlaydi. Undan keyin Xudo quyoshni bir joyda to‘xtatib qo‘yadi. Isroil xalqi esa bundan foydalanib, kun botgunga qadar anchagina dushman jangchilarini ushlab o‘ldiradi (10:1-15).
Ammo Isroil xalqi, faqatgina Egamiz Xudoga sajda qilib, Uning amrlarini bajaramiz, deb bergan va’dasini buzgandan so‘ng, Xudo ularga yordam berishni rad qiladi. Masalan, Ay shahri uchun bo‘lgan jangda Isroil xalqi mag‘lub bo‘ldi, chunki Isroil xalqi Xudo bilan qilgan ahdini bir kishi buzgan edi (7:1-12).
Bu kitobning ikkinchi qismi (13-24–boblar) Isroil qabilalarining har biri qanday qilib o‘z yerini olganini tasvirlaydi. Isroil xalqi Iordan daryosining sharqidagi yerlarni bosib oladi. Mana shu yer Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga bo‘lib beriladi. Lekin endi ular boshqa qabilalarga Iordan daryosining g‘arbidagi Kan’on yurtining qolgan joylarini bosib olishlariga yordam berishi kerak edi. Iordan daryosining g‘arbida Yahudo, Efrayim va Manashe qabilasining boshqa yarmi o‘z yerlarini tezgina qo‘lga kiritadilar. Yurtning qolgan joylari esa qismlarga bo‘linadi. Isroil xalqining vakillari u yerlarni tekshirib chiqadi. Qolgan qabilalarning har biriga qaysi qismni berishni Yoshuaga Xudo ko‘rsatadi. Levi qabilasi Xudoga xizmat qilish uchun ajratib olingan edilar, shuning uchun ular boshqa qabilalarga o‘xshab u yerdan ulush olmadi. Yurtdan ulush berish o‘rniga, bu qabilaga butun yurt bo‘ylab yashashi uchun shahar, qishloqlar berildi.
Kitobning oxirida Yoshua ikki marta Xudoning Isroil xalqiga qanchalik yaxshilik qilgani haqida so‘zlaydi. Shundan keyin esa Yoshua ularni chorlab shunday da’vat qiladi: “Endi Egamizdan qo‘rqing, Unga sodiq bo‘lib, doimo chin dildan xizmat qiling.” (24:14)
1–BOB - Yoshua
Xudo Yoshuaga Kan’on yerlarini bosib olishni buyuradi
1 Egamiz O‘zining quli Muso vafotidan keyin Musoning yordamchisi Yoshuaga shunday dedi:
2 “Mening qulim Muso vafot etdi. Endi hammangiz — butun Isroil xalqi Men sizlarga berayotgan yurtga kirish uchun Iordan daryosidan o‘tishga tayyorlaninglar.
3 Musoga va’da berganimday, oyog‘ingiz tekkan hamma joyni sizlarga beraman.
4 Janubdagi sahrodan shimoldagi Lubnongacha, sharqdagi buyuk Furot daryosidan g‘arbdagi O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan joylar, Xet xalqining hamma yerlari sizning yurtingiz bo‘ladi.
5 Ey, Yoshua, bir umr hech kim senga bas kela olmaydi. Muso bilan bo‘lganimday, sen bilan ham birga bo‘laman. Seni tark etmayman, hech qachon tashlab ketmayman.
6 Dadil va botir bo‘l, Isroil xalqining ota–bobolariga, sizlarga mana shu yurtni beraman, deb va’da qilganman, ular bu yerlarni olib, ega bo‘lishiga sen bosh bo‘lasan.
7 Dadil va botir bo‘lishing kerak, Men qulim Muso orqali buyurgan qonunlarning hammasini bitta qoldirmay bajargin, borgan joyingda ishlaring o‘ngidan kelishi uchun bu qonunlardan o‘ngga ham, chapga ham og‘ma.
8 Tavrot kitobida yozilganlar tilingdan tushmasin, ularni bitta qoldirmay bajarishing uchun kechayu kunduz ular haqida fikr yuritgin. Shunda ishlaring yurishib, o‘ngidan keladi.
9 Amr qilaman, dadil va botir bo‘l, vahimaga tushma, qo‘rqma, qayerga borsang ham, Men, Egang Xudo, sen bilan birga bo‘laman.”
10 Shundan keyin Yoshua Isroil qabilalarining nazoratchilariga shunday deb buyurdi:
11 — Qarorgoh bo‘ylab yurib, xalqqa quyidagi gaplarni aytinglar: “Oziq–ovqatlaringizni tayyorlanglar, chunki uch kundan keyin Egangiz Xudo sizga berayotgan yurtga egalik qilish uchun Iordan daryosidan o‘tasizlar.”
12 Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga Yoshua shunday dedi:
13 — Egamizning quli Musoning amr qilib aytgan so‘zlarini eslang. U sizlarga: “Egangiz Xudo sizlarga osoyishtalik berib, mana shu yerlarni berdi”, — deb aytgan edi.
14 Xotinlaringiz, bolalaringiz, mol–qo‘ylaringiz Muso sizlarga bergan yerda — Iordanning mana shu sharq tomonida qoladi. Orangizdagi barcha qurollangan jasur jangchilar esa birodarlaringizning oldida borib, Iordan daryosidan o‘tadi.
15 Birodarlaringiz ham Egangiz Xudo berayotgan yurtni egallamaguncha, jasur jangchilaringiz ularga yordam beradi. Egamiz birodarlaringizga ham sizga berganday osoyishtalik bergandan keyingina Egamizning quli Muso sizlarga bergan Iordanning sharqidagi o‘z yeringizga qaytib, joylashasizlar.
16 Ular Yoshuaga shunday deb javob berishdi: — Siz buyurgan hamma narsani qilamiz, qayerga yuborsangiz boramiz.
17 Hamma narsada Musoga qanday itoat qilgan bo‘lsak, sizga ham shunday itoat qilamiz. Egangiz Xudo, Muso bilan bo‘lganidek, siz bilan birga bo‘lsin!
18 Sizning aytgan so‘zlaringizga qarshi chiqqanlar, birorta buyrug‘ingizga bo‘ysunmaganlarning jazosi o‘limdir. Siz faqat dadil va botir bo‘ling.