Kirish
“1 Shohlar” va “2 Shohlar”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob bo‘lib, ikkala qismini bitta o‘ramga joylash uzunlik qilganidan, kitob ikki qismga — “1 Shohlar” va “2 Shohlar”ga bo‘lingan.
“1 Shohlar”ning ilk qismida (1-7–boblar) payg‘ambar hamda Isroilga yo‘lboshchilik qilgan oxirgi hakam Shomuilning hayoti to‘g‘risida hikoya qilinadi. Shomuil Isroilga hujum qilayotgan g‘animlarga qarshi jangda Isroil lashkariga yordam beradi. Lekin u keksaygach, xalq, lashkarga yo‘lboshchilik qilsin, deb Egamizdan bir shoh so‘rashga qaror qiladi.
Kitobning ikkinchi qismida (8-15–boblar) Egamiz Shomuilga Shoul degan odamni Isroilning birinchi shohi qilib tayinlash to‘g‘risida amr beradi. Shoul Kish deganning o‘g‘li edi. Shoul va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Yo‘natan Ommon hamda Filist xalqlariga qarshi olib borgan ko‘p janglarda g‘olib chiqadilar, lekin Shoul Egamizga chin dildan itoat etmaydi.
Kitobning uchinchi qismida (16-31–boblar) Egamiz Shomuilga Dovud ismli yosh yigitni yashirincha navbatdagi shoh qilib tayinlash to‘g‘risida amr beradi. Kitobda yana Dovud Gatlik bahaybat Filist jangchisi Go‘liyotni o‘ldirgandan keyin tez orada milliy qahramon bo‘lib ketgani to‘g‘risida ham hikoya qilinadi. Dovud tobora obro‘–e’tibor orttirib boraveradi. Shoul esa Dovuddan shubhalanadi. Garchi Dovud Shoulning qizi Mixalga uylangan va to‘ng‘ich o‘g‘li Yo‘natan bilan qadrdon do‘st bo‘lsa ham, Shoul Dovudni o‘ldirish payiga tushadi. “1 Shohlar”ning qolgan qismida Dovudning qanday qilib qutulgani va sahroda o‘zining kichik lashkariga yo‘lboshchi bo‘lgani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Shoul Dovudni ta’qib qilaveradi va nihoyat, Dovud Shouldan qutulish uchun o‘ziga ergashganlarni Filistlar joylashgan hududlarga olib ketadi.
Kitob Shoul va uning o‘g‘illari Filist lashkari bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lishi bilan tugaydi. Egamiz bergan va’dasini ado etib, Dovudni Isroil shohi qiladi: “Shoul Isroil shohi bo‘lmasin, deb uni Men rad etdim. Qani, endi qo‘chqor shoxini moy bilan to‘ldirib, yo‘lga otlan. Seni Baytlahmlik Essayning uyiga jo‘nataman. Uning o‘g‘illaridan bittasini O‘zimga shoh qilib tanladim.” (16:1)
1–BOB - Shohlar (birinchi kitob)
Elqana va uning Shilo‘dagi oilasi
1 Efrayim qirlarida joylashgan Rama shahrida bir odam yashardi. Uning ismi Elqana bo‘lib, Efrayim qabilasining Zuf urug‘idan bo‘lgan Yeroxam deganning o‘g‘li edi. Yeroxam — Elixuning o‘g‘li, Elixu — To‘xuning o‘g‘li, To‘xu — Efrayim qabilasiga mansub bo‘lgan Zufning o‘g‘li edi.
2 Elqananing Xanna va Paninna ismli ikki xotini bo‘lib, Paninnaning bolalari bor edi–yu, Xanna befarzand edi.
3 Elqana har yili Sarvari Olamga sajda qilib, qurbonlik keltirmoq uchun o‘z shahridan Shilo‘ga borardi. Shilo‘da Elax degan odamning Xo‘fnax va Finxaz degan ikki o‘g‘li bo‘lib, ular Egamizningruhoniylari edilar.
4 Elqana qurbonlik qilgan kuni xotini Paninnaga, o‘g‘illari bilan qizlariga bir ulushdan bersa,
5 Xannaga ham yaxshi joyidan bir ulush berardi. Chunki Egamiz Xannani bepusht qilib qo‘ygan bo‘lsa ham, Elqana uni yaxshi ko‘rardi.
6 Xannani Egamiz befarzand qilib qo‘ygani uchun, kundoshi Paninna Xannaga qattiq ozor berib xafa qilardi.
7 Har yili Xanna Egamizning uyiga borganda ham shu voqea yuz berardi: kundoshi Xannani xafa qilar, u esa yig‘lab hech narsa yemasdi.
8 Eri Elqana esa: — Xanna, nega yig‘layapsan, nimaga ovqat yemayapsan? — derdi. — Nimaga bu qadar g‘amginsan? Sen uchun men o‘nta o‘g‘ildan ham afzal emasmanmi?!
9 Bir kuni ular Shilo‘da yeb–ichib bo‘lganlaridan keyin, Xanna o‘rnidan turdi. Ruhoniy Elax Egamizning Ma’badi eshigi yonidagi kursida o‘tirgan edi.
10 Xanna dili xufton, achchiq–achchiq yig‘lab, Egamizga ibodat qilib
11 shunday va’da berdi: — Ey, Sarvari Olam! Shu cho‘ringning qayg‘usiga nazar solib yodga olsang, cho‘ringni unutmay, unga bir o‘g‘il ato etsang, o‘sha o‘g‘limni umrbod Senga nazr qilardim, uning boshiga ustara tegmasdi.
12 Xanna Egamiz huzurida uzoq vaqt ibodat qildi. Elax esa uning og‘ziga qarab turardi.
13 Xanna ichida gapirar, ovozi eshitilmas, faqat lablari qimirlardi. Shuning uchun Elax Xannani mast bo‘lsa kerak, deb o‘yladi:
14 — Qachongacha sarxush bo‘lib yurasan?! Endi sharobdan voz kech! — dedi.
15 — Yo‘q, unday emas, hazratim, — dedi Xanna. — Men ko‘ngli g‘amga to‘la bir ayolman. Na sharob ichganman, na bo‘za. Faqat yuragimdagini Egamga to‘kib solyapman.
16 Bu cho‘ringizni allaqanday yaramas xotin deb o‘ylamang. G‘am–qayg‘ularim ko‘pligidan, shu paytgacha ibodat qilyapman.
17 — Eson–omon bor, — dedi Elax. — Isroil xalqining Xudosi tilagingni bajo keltirsin.
18 — Men, cho‘ringizni iltifotingizga sazovor biling, — dedi Xanna. So‘ng borib ovqat yedi, endi chehrasi g‘amgin emas edi.
19 Ertasiga ular tong saharda turib, Egamizga sajda qilishdi. Keyin Ramaga — uylariga qaytib kelishdi. Elqana xotini Xanna bilan qovushdi. Egamiz Xannaga marhamat qildi.
20 Xanna homilador bo‘ldi va vaqt–soati yetib o‘g‘il tug‘di. “Uni Egamizdan tilab oldim”, deb otini Shomuil qo‘ydi.
21 Elqana Egamizga atab yillik qurbonlik marosimini o‘tkazish va va’dasini ado etish uchun oilasi bilan birga Shilo‘ga bordi.
22 Xanna bu safar bormadi. U eriga: — Go‘dak ko‘krakdan chiqqandan keyin olib boraman, u Egamizning huzurida bo‘ladi, umr bo‘yi o‘sha yerda qoladi, — dedi.
23 — Senga nima ma’qul bo‘lsa, shunday qilaver, — dedi Elqana. — Go‘dak ko‘krakdan chiqquncha shu yerda bo‘l. Egamiz O‘z va’dasini bajo qilsin. Xanna uyda qolib, o‘g‘li ko‘krakdan chiqquncha, uni emizdi.
24 Kichkintoy ko‘krakdan chiqdi. So‘ng Xanna uch yoshli buqa, bir tog‘ora un va bir mesh sharob olib, o‘g‘lini Egamizning Shilo‘dagi uyiga olib keldi. Bola hali yosh edi.
25 Buqani so‘yishgandan keyin, bolani Elaxning oldiga olib kelishdi.
26 — Ey, hazrat, meni eslaysizmi? — dedi Xanna. — Shu yerda, huzuringizda turib Egamga ibodat qilgan o‘sha ayol menman.
27 Men mana shu bola uchun Egamga iltijo qilgan edim, Egam tilagimni bajo qildi.
28 Shuning uchun uni Egamga bag‘ishladim, umr bo‘yi Unga atalgan bo‘lsin, dedim. Ular shu yerda Egamizga sajda qildilar.