1–BOB - Luqo
Kirish
Mazkur kitob Yangi Ahd tarkibidagi to‘rtta Xushxabarning uchinchisidir. Bu kitob muallifi Luqodir. U havoriy Pavlusning sodiq do‘sti bo‘lib, ko‘p safarlarda unga hamrohlik qilgan yaqin hamkori edi. Xushxabarlar orasida Luqo bayon etgan Xushxabar eng uzuni bo‘lib, Isoning hayoti va faoliyatini boshidan oxirigacha batafsil bayon etadi. Luqo Isoni nafaqat Isroilning, balki butun dunyoning Najotkori qilib tasvirlaydi. Iso haqidagi Xushxabar barcha millat va xalqlarga qaratilganini ko‘rsatadi.
Mazkur Xushxabar tarkibiga boshqa Xushxabarlarda bo‘lmagan ko‘plab masal va hikoyalar kiritilgan. Bular quyidagilardir: farishtalarning hamdu sano qo‘shig‘i, chaqaloq Isoni cho‘ponlar ziyorat qilishi, o‘smir Iso Ma’badda, rahmdil Samariyalik haqida masal va darbadar o‘g‘il.
Bu Xushxabar boshqalaridan bir necha jihati bilan ajralib turadi. Kitobda odamlarning qiyinchiliklari va muhtojliklariga katta e’tibor qaratilgan. Muallifning bayon qilishicha, Muqaddas Ruh Isoni qamrab olib, Uni yo‘qsillarga Xushxabar yetkazishga chorlagan (4:18). Kitobda ibodatga ham alohida urg‘u beriladi, ayniqsa Iso ma’lum vaziyatlarda ibodat qilgani aytib o‘tiladi. Shuningdek, muallif ayollarning jamiyatdagi tutgan o‘rni, kambag‘allarga jonkuyarlik, gunohkorlarga inoyatli bo‘lish va Muqaddas Ruh haqidagi mavzularni keng yoritadi.
Kitobni o‘qir ekansiz, quvonch hissi qalbingizni yayratadi, ayniqsa dastlabki boblarda Isoning tug‘ilishi to‘g‘risidagi xabar va ro‘y bergan hodisalar dilingizni shodon hayratga to‘ldiradi, kitobning so‘nggi boblarida hikoya qilingan Isoning osmonga ko‘tarilib ketishi haqidagi voqea esa qalbga umid baxsh etadi.
1 Hurmatli Teofil! O‘zingizga ma’lumki, ko‘p odamlar oramizda Xudoning qilgan ishlari tafsilotini yozishga kirishganlar.
2 Bu voqealarni yozishda ular bo‘lib o‘tgan hodisalarni boshidan ko‘rgan va ularni bizga yetkazgan odamlarning so‘zlarini asos qilib olganlar.
3 Shuning uchun, men ham hammasini boshidan sinchiklab tekshirganimdan keyingina, bu voqealarning tafsilotini tartib bilan sizga yozib berishga qaror qildim,
4 toki sizga o‘rgatilgan ta’limotning haqiqiyligiga o‘zingiz ishonch hosil qiling.
5 ahudiya shohi Hirod davrida Zakariyo degan bir ruhoniy bor edi. U Abiyo urug‘idan kelib chiqqandi, xotini Elizabet esa Horun naslidan edi.
6 Ikkovi ham Xudo oldida solih bo‘lib, Egamizning amru farmonlariga bekami–ko‘st rioya qilishardi.
7 Elizabet bepusht bo‘lgani uchun, ularning farzandi yo‘q edi. Buning ustiga ikkovi ham keksayib qolgan edilar.
8 Zakariyoning ruhoniylar bo‘linmasi Ma’badda navbatchilik qilayotgan kunlarning birida, Zakariyo Xudoning huzurida ruhoniylik vazifasini bajarayotgan edi.
9 Ruhoniylarning odati bo‘yicha, Egamizning Ma’badiga kirib xushbo‘y tutatqilar tutatish qur’asi unga tushgandi.
10 Tutatqi tutatish vaqtida katta bir olomon tashqarida ibodat qilayotgan edi.
11 Shu payt Egamizning bir farishtasi Zakariyoga zohir bo‘ldi. Farishta tutatqi qurbongohining o‘ng tomonida turardi.
12 Zakariyo uni ko‘rib, qo‘rqqanidan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
13 Farishta unga dedi: — Zakariyo, qo‘rqma, sening iltijolaring ijobat bo‘ldi. Xotining Elizabet senga bir o‘g‘il tug‘ib beradi. Uning ismini Yahyo qo‘yasan.
14 U senga shodlik va quvonch keltiradi, uning tug‘ilganidan ko‘pchilik xursand bo‘ladi.
15 U Egamiz nazarida ulug‘ bo‘ladi, sharobu o‘tkir ichimliklarni og‘ziga olmaydi. Onasining qornidayoq Muqaddas Ruhga to‘ladi.
16 Isroil xalqidan bo‘lgan ko‘plarni u Egasi Xudoga qaytaradi.
17 U Ilyos payg‘ambarning ruhi va qudratiga to‘lib, RabbimizMasihdan oldin keladi. Rabbimizga tayyor bir xalqni taqdim qilish uchun, otalarning yuraklarini farzandlariga moyil qiladi, itoatsizlarning fikrini solihlar donoligi tomon buradi.
18 Zakariyo farishtaga dedi: — Men bunga qanday amin bo‘laman? Axir, men keksayib qolganman, xotinim ham qarib qolgan bo‘lsa?
19 Farishta unga shunday javob berdi: — Men Xudoning huzurida turadigan Jabroilman. Sen bilan gaplashgani, senga bu Xushxabarni e’lon qilgani yuborilganman.
20 Senga aytganlarim o‘z vaqtida bajo bo‘ladi. Ammo mening so‘zlarimga ishonmaganing uchun tildan qolasan. Aytganlarim bajo bo‘lmaguncha, gapirolmaysan.
21 Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning Ma’badda imillab qolganiga hayron bo‘ldi.
22 Nihoyat, Zakariyo tashqariga chiqdi, ammo so‘zlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning Ma’badda vahiy ko‘rganligini tushundi. Zakariyo soqov bo‘lib qolgani uchun xalq bilan imo–ishoralar orqali so‘zlashishga majbur bo‘ldi.
23 Ma’baddagi xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi.
24 Oradan ko‘p o‘tmay, xotini Elizabet homilador bo‘ldi. U dastlabki besh oy davomida uyidan chiqmay yurdi. U shunday derdi:
25 “Buni men uchun Egam qildi. U menga marhamat ko‘rsatib, xalq orasida meni sharmandalikdan qutqardi.”
26 Elizabetning homilasi olti oylik bo‘lganda, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga,
27 Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi.
28 Farishta uning oldiga borib: — Salom, ey Xudo yorlaqagan qiz! Egamiz sen bilandir, — dedi.
29 Maryam farishtaning so‘zlaridan sarosimaga tushdi. “Bunday salomlashuv nimani bildirar ekan?” deb o‘ylanib qoldi.
30 Farishta unga dedi: — Maryam, qo‘rqma, sen Xudodan inoyat topding.
31 Sen homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘asan. Uning ismini Iso qo‘yasan.
32 U buyuk bo‘ladi. Uni Xudoyi Taoloning O‘g‘li deb atashadi. Egamiz Xudo Unga bobosi Dovudning taxtini beradi.
33 U to abad Yoqub nasli ustidan hukmronlik qiladi, hukmronligining oxiri bo‘lmaydi.
34 — Men hali er ko‘rmagan bo‘lsam, bu qanday bo‘ladi? — deb so‘radi farishtadan Maryam.
35 Farishta javob berdi: — MuqaddasRuh seni qamrab oladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu bois tug‘adigan O‘g‘ling muqaddas bo‘ladi, U Xudoning O‘g‘li deb ataladi.
36 Mana, qarindoshing Elizabet ham qariligida homilador bo‘ldi, u o‘g‘il tug‘adi. Homilasi olti oylik. Odamlar esa uni bepusht deb aytardilar.
37 Xudo uchun imkonsiz narsa yo‘q!
38 — Men Egamning bandasiman. Hammasi sen aytganday bo‘lsin, — deb javob berdi Maryam. Shundan keyin farishta ketdi.
39 Ko‘p o‘tmay Maryam shoshilganicha Yahudiya qirlaridagi shaharga yo‘l oldi.
40 U Zakariyoning uyiga kirib, Elizabet bilan salomlashdi.
41 Elizabet Maryamning salomini eshitgani zahoti qornidagi bolasi o‘ynoqlab ketdi. Elizabet Muqaddas Ruhga to‘lib,
42 baland ovozda shunday xitob qildi: — Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi bola ham muborakdir!
43 Men kim bo‘libmanki, Rabbim Masihning onasi mening huzurimga kelibdi!
44 Sening saloming qulog‘imga yetishi bilanoq, qornimdagi bola quvonchdan o‘ynoqlab ketdi.
45 Naqadar baxtlisan! Chunki Egamiz aytganlarini amalga oshirishiga sen ishonding.
46 Maryam shunday dedi: “Butun vujudim bilan Egamni ulug‘layman,
47 Najotkorim Xudodan ko‘nglim shod–xurram.
48 Axir, U menday arzimas bandasiga nazar soldi. Jamiki nasllar endi meni baxtli deb aytadi.
49 Zotan, Qodir Xudo men uchun buyuk ishlar qildi, Muqaddasdir Uning nomi.
50 Undan qo‘rqqanlarga U nasllar osha marhamat qiladi.
51 U O‘zining qudratini ko‘rsatdi, Yuragi takabburlarni to‘zg‘itib tashladi.
52 Hukmdorlarni taxtlaridan tushirdi, Faqirlarni esa yuksaltirdi.
53 Ochlarni ne’matlar ila to‘ydirdi, Boylarni esa quruq jo‘natdi.
54 Ota–bobolarimizga bergan va’dasi bo‘yicha, Ibrohimga, uning nasliga
55 Shafqat qilishni to abad yodida tutdi. Quli Isroilga yordam berdi.”
56 Shunday qilib, Maryam Elizabetnikida uch oycha qoldi, keyin uyiga qaytib ketdi.
57 Elizabetning oy–kuni yetib, o‘g‘il tug‘di.
58 Qo‘ni–qo‘shni va qarindoshlari Egamizning unga ko‘rsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi.
59 Ular sakkizinchi kuni bolaning sunnatiga kelishdi. Unga Zakariyo, deb otasining ismini qo‘ymoqchi bo‘lishdi.
60 Bunga bolaning onasi e’tiroz bildirib: — Yo‘q, ismini Yahyo qo‘yamiz, — dedi.
61 Lekin boshqalar: — Qarindosh–urug‘ing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yo‘q–ku, — deyishdi unga.
62 Shu payt otasiga imo–ishora qilib, undan bolaga qanday ism qo‘ymoqchi ekanligini so‘rashdi.
63 Zakariyo imo–ishora orqali bir taxtacha so‘radi va: “Uning ismi Yahyo bo‘ladi”, — deb yozdi. Hamma hayron qoldi.
64 Shu payt Zakariyo yana tilga kirib, gapira boshladi va Xudoga hamdu sano aytdi.
65 Hamma qo‘shnilari hayratda qoldi, butun Yahudiya qirlarida bu voqea ovoza bo‘lib ketdi.
66 Bu haqda eshitganlarning hammasi: “Ajabo, bu bola kim bo‘larkin?” — deya mulohaza qilishardi. Chunki Egamizning qudrati unda namoyon edi.
67 Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga to‘lib, bashorat qila boshladi:
68 “Isroilning Xudosi Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga yordamga keldi, O‘z xalqini asoratdan xalos qildi.
69 Azaldan bizga va’da berganday, Muqaddas payg‘ambarlari orqali aytganday,
70 Quli Dovud xonadonidan Bizga qudratli Najotkorni yubordi.
71 Toki U bizni dushmanlarimizdan qutqarsin, Bizdan nafratlanadiganlarning hammasidan xalos etsin.
72 Shunday qilib, Xudo ota–bobolarimizga iltifot ayladi, Muqaddas ahdini yodida tutdi.
73 Otamiz Ibrohimga bergan o‘sha qasamyodiga ko‘ra,
74 U bizni yovlarimiz qo‘lidan qutqardi, Endi biz Unga qo‘rqmasdan xizmat qila olamiz.
75 Butun umrimiz davomida Uning oldida muqaddas va solih bo‘la olamiz.
76 Sen ham, bolajonim, Xudoyi Taoloning payg‘ambari deb atalasan. Zero, sen Rabbimiz Masihdan oldin yurasan, U yuradigan yo‘lni hozirlaysan.
77 Xalqiga najot topishlarini e’lon qilasan, Xudo ularning gunohlarini kechirishini aytasan.
78 Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy, U samodan bizga ufq nurini sochadi.
79 Zulmatda, o‘lim soyasida o‘tirganlarni yoritadi, Tinchlikka olib boradigan yo‘lni bizga ko‘rsatadi.”
80 Bola ulg‘ayib, ruhan kuchaydi. Isroil xalqiga xizmat qiladigan vaqti kelmaguncha, sahroda yashadi.