1 Shabbat kuni to‘g‘risida amr. 4 Muqaddas chodir qilish uchun tayyorgarlik. 20 Xalq Muqaddas chodir uchun nazrlar olib keladi. 30 Muqaddas chodirni qilish uchun Egamiz tanlagan mohir ustalarni Muso tayinlaydi.
Chiqish 35 bob
1 So‘ngra Muso Isroil xalqining butun jamoasini to‘plab, ularga gapirdi: — Sizlarga Egamizning amri shunday:
2 “Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. Yettinchi kun — Shabbat kuni esa hamma ishlardan tinib, Egamizga atab ajratilgan kundir. Kimki Shabbat kuni ishlasa, o‘sha odamning jazosi o‘lim.
3 Shabbat kuni bironta maskaningizda ham olov yoqmanglar.”
4 Keyin Muso Isroil xalqining butun jamoasiga aytdi: — Egamiz sizlarga quyidagilarni amr etdi:
5 “Men, Egangizga, chin ko‘ngildan nazr qiladigan odam nazrini olib kelsin. Xalq Menga quyidagilarni nazr qilsin: oltin, kumush, bronza,
6 ko‘k, safsar, qirmizi rangli ip, mayin zig‘ir matosi, echki juni,
7 qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri, akas yog‘ochi,
8 moychiroqlar uchun zaytun moyi, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, xushbo‘y hidli tutatqi uchun ziravorlar,
9 efod va ko‘krakpechga taqiladigan aqiq hamda boshqa qimmatbaho toshlar.
10 Oralaringizdan mohir ustalar kelib, Men, Egangiz, amr qilgan Muqaddas chodirni yasasin. Chodir quyidagi ashyolardan iborat bo‘lsin:
11 chodirning ichki qavati, uning yopinchiqlari, ilgaklari, romlari, tambalari, ustunlari va tagliklari,
12 sandiq, uning xodalari, qopqog‘i va sandiqni to‘sib turadigan ichki parda,
13 xontaxta, uning xodalari, hamma buyumlari va unga qo‘yiladigan muqaddas nonlar,
14 yorug‘ bo‘lishi uchun chiroqpoya, uning buyumlari, moychiroqlari va moychiroqlar uchun zaytun moyi,
15 tutatqi qurbongohi va uning xodalari, muqaddas qiladigan moy va xushbo‘y hidli tutatqi, Muqaddas chodirga kiraverishdagi parda,
16 qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh, uning bronza panjarasi, xodalari va hamma buyumlari, qo‘lyuvgich va uning tagligi,
17 hovlini to‘sib turadigan pardalar, ustunlari, tagliklari va hovliga kiraverishdagi parda,
18 Muqaddas chodir bilan hovli uchun qoziqlar va arqonlar,
19 Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga ajoyib qilib tikilgan liboslar — ruhoniy Horun va uning o‘g‘illari uchun muqaddas liboslar.”
20 Shunday qilib, Isroil xalqining butun jamoasi Musoning yonidan qaytib ketdi.
21 Yuragi zavq– shavqqa to‘lgan har bir odam borib, Uchrashuv chodirini va chodirda doimiy xizmatlarda foydalaniladigan ashyolarni qilish uchun, muqaddas ruhoniylik liboslarini tikish uchun Egamizga nazrlar olib kelishdi.
22 Shunday qilib, hamma yuragi zavq–shavqqa to‘la erkagu ayol har turli oltin taqinchoqlarni — jig‘a, sirg‘a, uzuk, marjonlarni olib kelishdi.
23 Kimda ko‘k, safsar va qirmizi rangli ip, mayin zig‘ir matosi, echki juni, qizilga bo‘yalgan qo‘chqor terisi, yumshoq teri bo‘lsa, olib keldi.
24 Kim kumush yoki bronzani Egamizga nazr qilishga qodir bo‘lsa, uni olib kelib, Egamizga nazr qildi. Kimda akas yog‘ochi bo‘lsa, chodirni va uning ashyolarini tayyorlashda foydalangani olib keldi.
25 Ip yigirishga mohir ayollar o‘z qo‘llari bilan yigirgan ko‘k, safsar va qirmizi rangli ipni va mayin zig‘irdan yigirilgan ipni nazr qilib olib kelishdi.
26 Echki junidan ip yigirishga mohir ayollar yuragi zavq–shavqqa to‘lib, echki junidan ip yigirib olib keldilar.
27 Oqsoqollar efod va ko‘krakpechga taqish uchun aqiq va boshqa qimmatbaho toshlar,
28 shuningdek, moychiroqlar, muqaddas qiladigan moy uchun ziravorlar, xushbo‘y hidli tutatqi uchun ziravorlar va zaytun moyi olib kelishdi.
29 Isroil xalqining yuragi zavq–shavqqa to‘la erkagu ayoli Muso orqali Egamiz amr etgan hamma ishni bajargani Egamizga ko‘ngildan chiqarib nazrlar olib kelishdi.
30 Keyin Muso Isroil xalqiga aytdi: “Ana, Egamiz Yahudo qabilasidan Urining o‘g‘li, Xurning nabirasi Bazalilni tanladi.
31 Egamiz uni O‘z Ruhi bilan to‘ldirib, hunarmandchilikning hamma turi bo‘yicha mohir, idrokli qildi, qobiliyat ato qildi.
32 U ajoyib badiiy bezaklar qilishga va bularga oltin, kumush va bronza bilan ishlov berishga,
33 qimmatbaho toshlarni o‘yib ishlov berib jihozlashga, yog‘och o‘ymakorligiga, badiiy hunarmandchilikka layoqatli qildi.
34 Egamiz Bazalilga va Dan qabilasidan Oxisamaxning o‘g‘li Oxoliyovga o‘z mahoratini boshqalarga o‘rgatish iqtidorini ato qildi.
35 Bu odamlar har qanday ishni bajara olsin, deb Egamiz ularga mahorat ato qildi. Ular har qanday ashyodan har turli buyumlar qilishga qodirdir. Ular ijod qilib, buyumlar yasay oladilar, to‘qishni biladilar, ko‘k, safsar, qirmizi iplardan foydalanib, mayin zig‘ir matosiga naqsh solishni biladilar. Ular har turli ishlarni bajarishga mohir hunarmanddir.