Kirish
“Qonunlar” kitobi Musoning Mo‘ab yurtida Isroil xalqiga aytgan nutqlari to‘plamidan tashkil topgan. Muso bu nutqlarini sahrodagi uzoq sayohatdan keyin, Isroil xalqi Kan’on yurtiga kirmasidan oldin aytgan edi.
Kitob tarkibidagi nutqning eng muhim mavzulari quyidagichadir:
Muso Isroil xalqiga o‘tgan qirq yil davomida bo‘lib o‘tgan eng muhim hodisalarni eslatadi. Shu bilan birga, xalqni Xudoga sodiq va itoatkor bo‘lishga undaydi. Muso ularga shunday deb uqtiradi: “Egangiz Xudo sizlarga sahroda g‘amxo‘rlik qilganini yodingizda tutinglar.”
Muso o‘nta amrni qayd qiladi. Birinchi amrga alohida urg‘u berib, xalq yolg‘iz Xudoga sajda qilishi kerakligini ta’kidlaydi. So‘ng Isroil xalqining ijtimoiy hayotini boshqaradigan turli xil qonunlarga to‘xtalib o‘tadi.
Muso xalqqa Xudo tuzgan ahdning ma’nosini eslatadi. Xalqni ahd majburiyatlariga sodiq bo‘lishga chaqiradi.
Muso Xudo xalqining navbatdagi yo‘lboshchisi qilib Yoshuani tayinlaydi. So‘ng Xudoning sodiqligiga atalgan bir kuyni ijro etadi, Isroil qabilalarini birma–bir duo qilib chiqadi. Oxiri, Iordan daryosining sharqiy tomonidagi Mo‘ab yurtida olamdan ko‘z yumadi.
Kitobning mohiyati shundan iboratki, Xudo O‘zi tanlagan sevimli xalqini qutqardi, ularga baraka berdi. Isroil xalqi buni yodda tutishi kerak edi, Xudoni sevib, Unga itoat etishi lozim edi. Shundagina ular yashab, barakaga to‘la hayotga ega bo‘lishadi.
Mazkur kitobning 6–bobidagi 4-6–oyatlar muhim oyatlar hisoblanadi. Iso Masih bu oyatlardagi so‘zlarni amrlarning eng buyugi, deb ataydi: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudoyimizdir, Egamiz tanhodir. Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun vujudingiz bilan sevinglar.”
1–BOB - Qonunlar
Sinay tog‘idagi voqealarning qayd qilinishi
1 Mazkur kitobda Musoning Isroil xalqiga aytgan nutqi bayon qilingan. U bu nutqini Iordan daryosining sharq tomonidagi cho‘lda aytgan edi. Bu cho‘l Suf degan joyning qarshisida joylashgan bo‘lib, uning bir tomonida Poron shahri, qarama– qarshi tomonida Tofal, Lobon, Xazero‘t va Dizaxab shaharlari bor edi.
2 (Sinay tog‘idan Kadesh–Barnagacha Seir tog‘lari bo‘ylab o‘n bir kunlik yo‘ldir.)
3 Isroil xalqi Misrdan chiqqandan keyin, qirqinchi yilning o‘n birinchi oyi birinchi kunida Muso ularga Egamizning amr etgan so‘zlarini aytdi.
4 Bundan oldin u Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixo‘nni hamda Ashtaro‘t va Edrey shaharlarida hukmronlik qilgan Bashan shohi O‘gni mag‘lub qilgan edi.
5 Iordanning sharqiy tomonida, Mo‘ab yurtida Muso bu qonunlarni Isroil xalqiga quyidagicha tushuntira boshladi:
6 Egamiz Xudo Sinay tog‘ida bizga shunday dedi: “Bu tog‘da ancha vaqt turib qoldingizlar.
7 Endi yo‘lga tushinglar, Amor xalqining qirlariga va ularga qo‘shni bo‘lgan Kan’on xalqining yurtiga boringlar. Bu o‘lkaga Iordan vodiysi, qirlar, g‘arbdagi qirlar etaklari, Nagav cho‘li, O‘rta yer dengizining qirg‘og‘i, Lubnon va buyuk Furot daryosigacha bo‘lgan yerlar kiradi.
8 Mana shu yerlarni sizlarga beryapman. Boringlar, o‘sha yurtni mulk qilib olinglar. Men, Egangiz, bu yerlarni ota–bobolaringiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga hamda ularning avlodlariga beraman, deb ont ichganman.”
9 Biz Sinay tog‘ida turgan paytimizda men sizlarga shunday degan edim: “Bir o‘zim og‘irligingizni ko‘tara olmayman.
10 Egangiz Xudo sizlarni ko‘paytirdi. Mana, bugun sizlar osmondagi yulduzlarday son–sanoqsiz bo‘ldingiz.
11 Ota– bobolaringizning Xudosi — Egamiz O‘z va’dasiga muvofiq sizlarni yana ming karra ko‘paytirsin, sizlarga baraka bersin.
12 Bir o‘zim sizning og‘irligingizni, muammolaru janjallaringizni ko‘tara olarmidim?!
13 Endi har bir qabilangizdan dono, aql–idrokli va obro‘li kishilarni tanlab olinglar. Men o‘sha odamlarni sizlarga yo‘lboshchilar qilaman.”
14 Sizlar menga: “Rejangiz yaxshi”, deb javob berdingizlar.
15 Shunda men dono va obro‘li qabila yo‘lboshchilaringizni ustingizdan nazoratchi qilib tayinladim. Ularga mingboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi va turli nazoratchilar vazifalarini bo‘lib berdim.
16 O‘sha vaqtda hakamlaringizga shunday deb buyurgan edim: “Birodarlaringiz orasidagi muammolarga yaxshilab quloq soling. Hukmingiz to‘g‘ri bo‘lsin, Isroil xalqi orasidagi muammolarni hamda qondoshingiz bilan musofir orasidagi muammolarni to‘g‘ri hukm qiling.
17 Hukmda tarafkashlik qilmang. Kattaga ham, kichikka ham birday quloq soling. Odamlardan qo‘rqmang, chunki hukm Xudonikidir. O‘zingiz yecha olmagan masalalarni menga olib keling, ularni o‘zim yechaman.”
18 Qilishingiz lozim bo‘lgan hammasini o‘shanda sizlarga aytdim.
19 Keyin Egamiz Xudo buyurganiday biz Sinay tog‘idan ketdik. O‘zlaringiz ko‘rgan keng va vahimali sahro orqali Amor xalqining qirlariga boradigan yo‘ldan yurib, Kadesh–Barnaga bordik.
20 Shundan keyin men sizlarga aytdim: “Mana, Egamiz Xudo bizga berayotgan Amor xalqining qirlariga yetib keldik.
21 Qaranglar, mana shu yerlarning hammasini Egamiz Xudo sizlarga berdi. Qani, endi boringlar, ota–bobolaringizning Xudosi — Egamizning va’dasiga muvofiq o‘sha yerni qo‘lga kiritinglar. Qo‘rqmanglar, vahimaga tushmanglar.”
22 Sizlar hammangiz oldimga kelib aytdingizlar: “Bormasimizdan oldin odamlar yuboraylik. Ular o‘sha yurtni tekshirsin. Biz boradigan yo‘l va bosib oladigan shaharlar haqida xabar olib kelishsin.”
23 Rejangiz menga ma’qul bo‘ldi. Orangizdan o‘n ikki kishini, har bir qabiladan bittadan odamni tanlab oldim.
24 Ular qirlarga chiqdilar, Eshko‘l vodiysigacha yetib borib, o‘sha yurtni tekshirdilar.
25 U yurtning mevalaridan bizga olib keldilar. “Egamiz Xudo bizga bergan yurt yaxshi ekan”, deb aytdilar.
26 Lekin sizlar bu yurtga borishdan bosh tortdingizlar, Egangiz Xudoning amriga qarshi chiqdingizlar.
27 Chodirlaringizda ming‘irlab shunday dedingiz: “Egamiz bizni yomon ko‘radi. U bizni Amor xalqining qo‘liga berib, o‘ldirish uchun Misrdan olib chiqdi.
28 Qayerga ketyapmiz o‘zi?! Birodarlarimiz yuragimizni yorib bo‘ldi–ku! U yerdagi odamlar bizdan kuchliroq, bo‘ylari ham balandroq ekanini aytishdi. Ularning ulkan shaharlari osmon o‘par devorlar bilan o‘ralgan ekan! U yerda hatto Inoq avlodini ham ko‘rishgan ekan.”
29 Shunda men sizlarga dedim: “Vahimaga tushmanglar, ulardan qo‘rqmanglar.
30 Egangiz Xudoning O‘zi oldingizda yuradi. Ko‘zingiz oldida Misrda jang qilganday, sizlar uchun jang qiladi.
31 Egangiz Xudo sizlarga sahroda g‘amxo‘rlik qilganini o‘zingiz ko‘rdingiz. U sizlarni shu yergacha, xuddi ota o‘g‘lini opichlaganday, butun yo‘l bo‘yi ko‘tarib keldi.
32 Shunda ham sizlar Egangiz Xudoga ishonmayapsiz.
33 U esa qarorgoh qurishingiz uchun joy qidirib, oldingizda yurardi. Yuradigan yo‘lingizni ko‘rsatib, kechasi ustun shaklidagi alanga ichida, kunduzi esa ustun shaklidagi bulut ichida borardi.”
34 Egamiz noliganingizni eshitib, g‘azablandi. U ont ichib dedi:
35 “Men ota–bobolaringizga va’da qilgan hosildor yurtga bu qabih naslining birontasi ham kirmaydi.
36 O‘sha yurtni faqat Yafunax o‘g‘li Xolib ko‘radi. U Menga sodiq qoldi. Shuning uchun unga va uning avlodiga o‘zi qadam qo‘ygan yerni beraman.”
37 Sizlarni deb Egamiz mendan g‘azablanib aytdi: “Sen ham u yerga kirmaysan.
38 U yurtga yordamching Nun o‘g‘li Yoshua kiradi. Unga dalda ber. Yurtni xalqqa mulk qilib, olib beradigan o‘shadir.
39 O‘shanda sizlar, bolalarimiz dushmanlarga o‘lja bo‘ladi, deb aytgan edingizlar. Bolalaringiz hanuz yaxshi bilan yomonning farqiga bormaydi, ammo yurtga kiradigan o‘shalardir. Men u yurtni bolalaringizga beraman. Ha, ular o‘sha yurtni egallab oladilar.
40 Sizlar esa sahroga qaytinglar! Qizil dengizga boradigan yo‘ldan ketinglar.”
41 Egamizning bu gaplaridan keyin, sizlar menga shunday dedingizlar: “Egamizning oldida gunoh qildik. Endi borib, Egamiz Xudo bizga amr qilganidek, jang qilamiz.” Sizlar, o‘sha qirlarni qo‘lga kiritish oson bo‘ladi, deb o‘ylab, jang qurollaringizni oldingiz.
42 Lekin Egamiz menga shunday dedi: “Ularga ayt, tepaga chiqishmasin. Jang qilib yurishmasin. Axir, Men ular bilan bo‘lmayman. Aks holda, dushmanlari ularni mag‘lub qiladi.”
43 Sizlarga shunday desam ham, menga quloq solmadingizlar. Egamizning amriga qarshi chiqib, o‘zboshimchalik bilan qirlarga chiqdingizlar.
44 O‘sha qirlarda yashaydigan Amor xalqi qarshilik ko‘rsatib, sizlarni arilar kabi quvdilar. Sizlarni Seirda tor– mor qildilar. Xo‘rmaxgacha ta’qib qilib, qirib tashladilar.
45 Omon qolganingiz qaytib kelib, Egamizga faryod qildingizlar. Lekin Egamiz na nolangizga quloq soldi, na sizlarga e’tibor berdi.
46 Shunday qilib, Kadesh–Barnada ancha turdingiz, birmuncha vaqt u yerda qolib ketdingiz.