1 Yettinchi muhr. 6 Oxirzamon karnaylari.
Yuhannoga ko‘rsatilgan vahiy 8 bob
1 Qo‘zi yettinchi muhrni yechganda, osmon yarim soatcha sukunatda qoldi.
2 Men Xudoning huzurida turgan yettita farishtani ko‘rdim. Ularning har biriga bittadan karnay berildi.
3 Boshqa bir farishta kelib, qurbongohning oldida turdi. Uning qo‘lida oltin otashkurak bor edi. Unga ko‘p xushbo‘y tutatqilar berildi. U bu tutatqilarni barcha Xudo azizlarining ibodatlariga qo‘shib, taxt oldida turgan oltin qurbongoh ustida nazr qilishi kerak edi.
4 Tutatqilarning tutuni Xudo azizlarining ibodatlari bilan birga farishtaning qo‘lidan yuqoriga Xudoning huzuriga ko‘tarildi.
5 Farishta otashkurakni olib, uni qurbongohdagi otash bilan to‘ldirdi–da, yer yuziga uloqtirib yubordi. O‘shanda momaqaldiroqning gulduros sadosi yangrab, chaqmoq chaqdi, zilzila boshlandi.
6 Yettita farishta qo‘llaridagi karnaylarni chalishga tayyorlandilar.
7 Birinchi farishta karnayini chaldi. Shunda do‘l, olov va qon yer yuziga yog‘dirildi. Yerning uchdan bir qismi yonib ketdi, daraxtlarning uchdan biri va hamma o‘t–o‘lanlar kuyib ketdi.
8 Ikkinchi farishta karnayini chaldi. Shunda lovullab yonayotgan ulkan toqqa o‘xshash bir narsa dengizga otildi. Dengizning uchdan bir qismi qonga aylandi.
9 Dengizdagi jonzotlarning uchdan bir qismi o‘ldi, kemalarning uchdan bir qismi halokatga uchradi.
10 Uchinchi farishta karnayini chaldi. Shunda osmondan ulkan bir yulduz tushdi. Mash’al bo‘lib yonayotgan bu yulduz daryolarning uchdan bir qismiga va suv buloqlariga tushdi.
11 Bu yulduzning nomi Erman edi. Suvlarning uchdan bir qismi achchiq bo‘ldi. Suvning achchiqligidan ko‘p odamlar o‘ldi.
12 To‘rtinchi farishta karnayini chaldi. Quyoshning uchdan bir qismi, oyning va yulduzlarning uchdan bir qismi zarba yeb, qorong‘ilashdi. Natijada kunduzning ham, tunning ham uchdan bir qismi yorug‘liksiz qoldi.
13 Keyin men boshim uzra uchib ketayotgan bir burgutni ko‘rdim. U baland ovozda shunday deganini eshitdim: “Yer yuzida yashayotganlarning holiga voy! Holiga voy! Holiga voy! Axir, qolgan uchta farishta hozir karnaylarini chalishadi.”