1 Samodagi sajda.
Yuhannoga ko‘rsatilgan vahiy 4 bob
1 Shundan keyin men osmonda lang ochiq bir eshikni ko‘rdim. Ilgari menga gapirgan karnay sadosiga o‘xshash o‘sha ovoz yana eshitildi. U shunday dedi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga ko‘rsataman.”
2 Shu payt Muqaddas Ruh meni qamrab oldi. Men osmonda turgan bir taxtni ko‘rdim, unda bir Zot o‘tirar edi.
3 O‘tirgan Zotning qiyofasi qimmatbaho yashma va la’l toshlariday yarqirardi. Taxt atrofida zumrad tusidagi kamalak jilvalanardi.
4 Taxtning tevaragida yana yigirma to‘rtta taxt turardi. Bu taxtlarda oq kiyim kiygan, boshlarida oltin tojlari bo‘lgan yigirma to‘rt nafar oqsoqol o‘tirar edi.
5 Taxtdan chaqmoq chaqardi, momaqaldiroqning gulduros sadosi kelardi. Taxt oldida Xudoning yetti ruhi bo‘lgan yettita mash’al yonib turardi.
6 Taxtning oldida shisha dengizga o‘xshash billurday tiniq bir narsa bor edi. Taxtning atrofida to‘rtta jonli mavjudot turar edi, ularning oldi va orqasi ko‘zlar bilan qoplangan edi.
7 Birinchi mavjudot sherga, ikkinchisi buqaga o‘xshar edi, uchinchi mavjudotning yuzi odamning yuziga, to‘rtinchisi esa uchayotgan burgutga o‘xshar edi.
8 Bu to‘rtta mavjudotning har birida oltitadan qanoti bor edi. Ularning hamma yog‘i ko‘zlar bilan qoplangan edi, hatto qanotlarining tagida ham ko‘zlari bor edi. Ular kechayu kunduz tinmay shunday so‘zlarni takrorlar edilar: “Muqaddasdir, muqaddasdir, Muqaddasdir Qodir Xudo — Egamiz. U bor bo‘lgan, hozir ham bor, Kelajakda ham bor bo‘lar!”
9 Mavjudotlar taxtda O‘tirganni, to abad barhayot Zotni ulug‘lashardi, izzat–ikrom ko‘rsatib, shukronalar aytishardi.
10 Shunda yigirma to‘rt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Zot oldida yerga muk tushib, sajda qilishardi. Tojlarini taxt oldiga qo‘yib, shunday deyishardi:
11 “Yo Egamiz, yo Xudoyimiz! Sen qudratlisan! Ulug‘vorligu izzatga Sen loyqsan! Zero, butun borliqni Sen yaratgansan, Hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi, yaratildi.”