1 Itoat evaziga beriladigan barakalar. 14 Itoatsizlikning evaziga olinadigan jazo.
Levilar 26 bob
1 O‘zingiz uchun butlar yasamang, o‘yib ishlangan tasvirlaru boshqa xudolarga atalgan toshlarni o‘rnatmang. Yurtingizda butsimon toshlar o‘rnatib, ularga sajda qilmang. Zotan Men Egangiz Xudoman.
2 Shabbat kunlariga rioya qiling, muqaddas makonimni izzat eting. Men Egangizman.
3 Agar qonunlarimga rioya qilib, amrlarimni bitta qoldirmay bajarsangiz,
4 Men o‘z vaqtida yomg‘ir yog‘diraman. Yer hosilini beradi, daraxtlar meva soladi.
5 G‘alla yanchish vaqti uzum terish paytiga ulashib ketadi, uzum terish payti ekin–tikin vaqtiga ulashib ketadi. To‘yguningizcha non yeysiz, yurtingizda bexatar yashaysiz.
6 Men yurtingizga tinchlik ato etaman, yotganingizda hech kim sizni vahimaga solmaydi. Yurtingizdan yirtqich hayvonlarni haydab yuboraman. Zaminingiz urush ko‘rmaydi.
7 G‘animlaringizni ta’qib qilasiz, ular qilichingizdan halok bo‘ladi.
8 Beshtangiz g‘animlarning yuztasini quvadi, yuztangiz o‘n mingtasini quvadi. Ularni qilichdan o‘tkazasizlar.
9 Sizlarga yuz buraman, barakali qilib ko‘paytiraman. Sizlar bilan qilgan ahdimga sodiq qolaman.
10 Eski hosilingizni yeb bo‘lmasingizdan, yangisiga joy bo‘shatish uchun eskisini chiqarib tashlaysizlar.
11 Men orangizda yashayman, sizlardan hazar etmayman.
12 Doimo orangizda bo‘laman. Men sizning Xudoyingiz, sizlar esa Mening xalqim bo‘lasizlar.
13 Men Egangiz Xudoman. Sizlar bundan buyon qul bo‘lmasligingiz uchun Men sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Qaddingizni rostlab yurishingiz uchun bo‘yinturug‘ingizni sindirganman.
14 Agar Menga quloq solmasangiz, Mening amrlarimni bajarmasangiz,
15 qonunlarimni rad etsangiz, qoidalarimdan nafrat qilsangiz, amrlarimni bajarmay, ahdimni buzsangiz,
16 Men boshingizga kulfat solaman, sizlarni tuzalmas kasallikka duchor qilaman, isitmangizni chiqarib, ko‘zingizning nurini olaman, joningizni iztirobga solman. Ekkan urug‘laringiz behudaga ketar, chunki hosilingiz g‘animlarga nasib etar.
17 Men yuzimni sizlarga qarshi buraman, dushmanlaringiz sizlarni mag‘lub etadi. Yovlaringiz ustingizdan hukmronlik qiladi. Sizlarni hech kim ta’qib qilmasa ham tumtaraqay bo‘lib qochasizlar.
18 Shunda ham Menga itoat qilmasangizlar, gunohlaringiz uchun jazoni yetti karra kuchaytiraman.
19 Takabbur qaysarligingizni sindiraman, osmonni temir kabi qattiq, yerni mis kabi zarang qilaman.
20 Mehnatingiz behudaga sarf bo‘lar: yeringiz hosil bermas, daraxtlaringiz meva solmas.
21 Shunda ham Menga qarshilik qilib itoat etmasangiz, gunohlaringizga yarasha yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman.
22 Sizlarga qarshi yirtqich hayvonlarni yuboraman. Ular sizlarni bolalaringizdan judo qiladi, mol–holingizni qirib yuboradi, shunda soningiz kamayib, ko‘chalaringiz huvullab qoladi.
23 Agar shundan ham saboq olmay, Menga qarshilik qilaversangiz,
24 Men ham sizlarga qarshiliq qilishni davom ettiraman. O‘zim gunohlaringizga yarasha yetti karra ko‘proq ta’ziringizni beraman.
25 Ahdimni buzganlaringiz uchun ustilaringizga yov qo‘shinlarini bostirib boraman. Shaharlaringizga qochib berkinsangizlar, oralaringizga o‘lat yuborib, sizlarni g‘animlar qo‘liga tutib beraman.
26 Rizq–ro‘zingizni qirqaman. O‘nta ayol bir tandirda non yopadi, nonni hammaga o‘lchab berishadi. Sizlar yeysizlaru, ammo to‘ymaysizlar.
27 Bordi–yu, shunda ham Menga quloq solmay qarshilik qilaversangiz,
28 Men ham g‘azab ustida sizlarga qarshilik qilaveraman. Gunohlaring uchun jazoni yetti karra ko‘paytiraman.
29 Sizlar hatto o‘g‘il–qizlaringizning tanasini yeydigan bo‘lasizlar.
30 Men sajdagohlaringizni buzib tashlayman, tutatqi qurbongohlaringizni vayron qilaman. Jasadlaringizni jonsiz butlaringiz ustiga uyib tashlayman. Sizlardan hazar qilaman.
31 Shaharlaringizni vayron etaman, muqaddas joylaringizni buzib tashlayman. Qurbonliklaringizning yoqimli hididan zavq olmayman.
32 Yurtingizni shu qadar xarob qilamanki, u yerda o‘rnashib oladigan g‘animlaringiz uning ahvolidan dong qotadi.
33 Sizlarni esa xalqlar orasiga tarqatib yuboraman, qilichimni yalang‘ochlab sizlarni ta’qib qilaman. Yurtingiz huvullab qoladi, shaharlaringiz xarobazorga aylanadi.
34 Sizlar g‘animlaringiz yerida bo‘lganingizda yurtingiz dam oladi. Xarob bo‘lib yotgan yillar davomida yurtingiz orom oladi.
35 Vayronalar ichra yotib, dam oladi, chunki sizlar yurtingizda yashab yurgan paytingizda yeringizga dam bermagan edingizlar.
36 G‘animlaringiz yurtida omon qolganlaringizning yuragiga vahima solaman. Sizlar hilpirayotgan bargning ovozidan dahshatga tushasizlar. Qilichdan qochganday qochasizlar. Hech kim sizni ta’qib qilmasa ham, qochib yiqilasizlar.
37 Hech kim sizni quvlamasa ham, joningizni hovuchlab qochasizlar, bir–biringizga turtilib yiqilasizlar. Ha, sizlar g‘animlaringizga bas kela olmaysizlar.
38 Shunda xalqlar orasidan yo‘q bo‘lib ketasizlar, g‘animlaringiz yurti sizni yutib yuboradi.
39 Omon qolganlaringiz g‘animlar yurtida o‘lasizlar. O‘z gunohlaringiz va ota– bobolaringizning gunohlari tufayli adoyi tamom bo‘lasizlar.
40 Lekin oxiri sizlar o‘z gunohlaringizni va ota– bobolaringizning gunohlarini tan olasizlar. Menga qilgan qarshiligu xiyonatga iqror bo‘lasizlar.
41 O‘sha gunohlaringiz tufayli Men sizlarga qarshilik qilib, sizlarni g‘animlaringiz yurtiga olib kelaman. Shunda sizning sunnatsiz yuragingiz kamtarlikka to‘ladi. Qilgan gunohlaringiz uchun jazo tortasizlar.
42 Shunda Men Yoqub bilan qilgan ahdimni yodga olaman. Is’hoq va Ibrohim bilan qilgan ahdimni ham yodimda tutaman, Men yurtni yodga olaman.
43 Huvullab yotgan yurt orom olgan yillar davomida, qilgan gunohlaringiz uchun jazo oladi. Axir, sizlar qoidalarimni rad etishga jazm etdingizlar, qonunlarimdan hazar qildingizlar.
44 Shunday bo‘lsa–da, Men sizlarni g‘animlaringiz yurtida rad etmayman, sizdan hazar qilmayman, tamomila qirib yubormayman. Sizlar bilan qilgan ahdimni buzmayman. Zotan Men sizning Egangiz Xudoman.
45 Men sizning manfaatingizni ko‘zlab, ota–bobolaringiz bilan qilgan ahdimni yodimda tutaman. Men Xudoyingiz bo‘lishim uchun, ota– bobolaringizni ellarning ko‘zi oldida Misrdan olib chiqqanman. Men Egangizman.”
46 Egamiz Muso orqali Isroil xalqiga Sinay tog‘ida bergan farmonu qonun–qoidalar shulardan iborat edi.