1 So‘nggi nasihatlar. 20 So‘nggi duolar.
Ibroniylarga maktub 13 bob
1 Bir–biringizni birodarlarday yaxshi ko‘rishni davom ettiringlar.
2 Mehmondo‘stlikni unutmanglar. Zero, mehmondo‘st bo‘lgan ba’zi odamlar o‘zlari bilmagan holda farishtalarni mehmon qilishgan.
3 Qamoqdagi birodarlaringizni unutmanglar, go‘yo o‘zingiz ham ular bilan birga qamoqda o‘tirgandek, ularni yodingizda tutinglar. Xo‘rlanganlarni unutmanglar, o‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ringlar.
4 Nikohni hammangiz e’zozlanglar. Er–xotinlik munosabatini beg‘ubor saqlanglar. Fahshu zinoga berilganlarni Xudo hukm qiladi.
5 Pulga ko‘ngil bog‘lamanglar. Bori bilan qanoatlaninglar. Zero, Xudo: “Sizlarni tashlab ketmayman, sizlarni tark etmayman”, — deb aytgan.
6 Shuning uchun biz ishonch bilan ayta olamiz: “Egam Madadkorimdir, shu bois qo‘rqmayman. Insonlar menga nima qila oladi?!”
7 Xudoning kalomini sizlarga o‘rgatgan ustozlaringizni xotirlanglar. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida fikr yuritinglar. Imonlariga taqlid qilinglar.
8 Iso Masih kecha, bugun va to abad O‘shadir, U o‘zgarmaydi.
9 Shunday ekan, turli xil g‘alati ta’limotlarga berilib, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketmanglar. Qurbonlik marosimlariga doir yegulik–ichgulik qoidalariga rioya qilavermay, yaxshisi, Xudoning inoyati bilan yuragingizni baquvvat qilinglar. Axir, insonlar yaratgan bu qoidalar ularga rioya qiluvchilarga hech qanday foyda keltirmaydi.
10 Esingizda bo‘lsin, biz ko‘zga ko‘rinmaydigan, haqiqiy qurbongoh oldida sajda qilmoqdamiz. Yerdagi qurbongoh oldida sajda qilayotganlar haqiqiy qurbongohda sajda qila olmaydilar.
11 Ilgarilari oliy ruhoniy xalqni gunohlaridan poklash uchun hayvonlarni qurbonlik qilardi. U qurbonliklar qonini Muqaddas xonaga olib kirgandan so‘ng, go‘shtini yemasdan, so‘yilgan hayvonlarni qarorgohdan tashqarida kuydirardi.
12 Shu singari Iso ham shahar darvozasidan tashqarida azob chekib o‘ldi. U O‘z qonini to‘kib, xalqini gunohlardan pokladi.
13 Kelinglar, endi biz ham qarorgoh tashqarisiga Isoning oldiga chiqaylik. U bilan birga xo‘rliklarga chidaylik.
14 Zero, bizning bu dunyoda doimiy maskanimiz yo‘q, biz bo‘lg‘usi shaharga ko‘z tikkanmiz.
15 Shunday ekan, Iso orqali Xudoga hamdu sano nazrlarini taqdim qilaveraylik. Isoni Rabbimiz deb e’tirof etishimiz Xudoga qurbonlikday bo‘lsin.
16 Yaxshilik qilishni va bir–birimizga yordam berishni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir.
17 Jamoatdagi boshliqlaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar. Axir, ular imon yo‘lida sizlarga posbonlik qiladilar, Xudoning oldida sizlar uchun hisobot beradilar. Ularga itoat qilsangiz, ular o‘z ishini xursandchilik bilan bajaradilar, bo‘lmasa, o‘lgan kunidan qiladilar. Bundan sizga nima foyda bo‘ladi?!
18 Men uchun ibodat qilinglar. Vijdonim toza ekanligiga aminman. Hurmatga loyiq hayot kechirishga harakat qilyapman.
19 O‘tinib so‘rayman, men uchun ibodat qilinglar, toki sizlarning oldingizga tezroq qaytib boray.
20 Tinchlik beradigan Xudo bizning Rabbimiz Isoni o‘likdan tiriltirdi. Iso O‘z qoni bilan abadiy ahdni muhrlagani uchun Xudo Uni xalqining ulug‘ Cho‘poni qilib tayinladi.
21 Shu qadar buyuk ishlarni qilgan Xudoning xohish–irodasini bajara olishingiz uchun U sizlarga har qanday ezgu fazilatu in’om bersin. U O‘zining manzur murod– maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin. Iso Masihga abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin! Omin.
22 Ey birodarlarim, sizlarga qisqagina maktub yozdim. O‘tinaman, maktubimdagi nasihatlarni sabr–toqat bilan qabul qilinglar.
23 Aytmoqchi, birodarimiz Timo‘tiy qamoqdan chiqdi. Agar u bu yerga vaqtida yetib kelsa, sizlarni ko‘rgani borganimda, uni ham olib boraman.
24 Jamoatdagi hamma boshliqlaringizga va barcha Xudoning azizlariga salom aytinglar. Italiyalik birodarlarimiz sizlarga salom yo‘llayaptilar.
25 Xudoning inoyati hammangizga yor bo‘lsin.