Kirish
Mazkur maktubning muallifi o‘zi haqida hech qanday ma’lumot qoldirmagan. Ammo maktubning mazmunidan muallif — Tavrotqonunini yaxshi biladigan, yahudiylarning va masihiylarning orasida obro‘–e’tibor qozongan shaxs ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Muallif ushbu xatini Iso Masihga ishongan yahudiylarga yo‘llagan. O‘sha davrda masihiylar ko‘p qarshiliklarga duch kelib, imondan qaytmoqchi bo‘lgan edilar. Muallif esa ularga dalda berib, Iso Masihga bog‘lagan ishonchni mahkam tutishga va oxirigacha Unga sodiq qolishga undaydi.
Maktubda Iso Masihning ulug‘vorligiga alohida urg‘u berilgan. U farishtalardan ham, qadimgi payg‘ambarlardan ham, ruhoniylardan ham ulug‘ ekanligi ko‘rsatilgan. Iso Masih Xudo tomonidan tanlangan abadiy Oliy ruhoniydir. U insoniyatning gunohlarini to abad yuvib tashlash uchun O‘zini qurbon qilib, Yangi Ahdning vositachisi bo‘ldi. Shu orqali Iso Masih bizni cheksiz qut–barakadan bahramand qildi. Ammo Masihning ezguligini tatib ko‘rib, imondan qaytgan va shu orqali Masihni oyoq osti qilgan odamlarning gunohini hech qanday qurbonlik yuva olmasligini muallif ta’kidlab o‘tgan. Maktubning oxirida Xudoni mamnun qilish haqida nasihatlar berilgan.
1–BOB - Ibroniylarga maktub
Xudo O‘z O‘g‘li orqali oxirgi so‘zini ayon qildi
1 Xudo qadimda ota–bobolarimizga ko‘p marta va turli tarzda payg‘ambarlar orqali gapirgan edi.
2 Bu oxirgi kunlarda esa U bizga O‘z O‘g‘li orqali gapirdi. Xudo koinotni O‘g‘li orqali yaratgan va Uni butun borliqning vorisi qilib tayin etgan.
3 O‘g‘il — Xudo shuhratining porlashi, Xudo borlig‘ining aniq suratidir. U O‘zining qudratli kalomi bilan koinotni asrab turibdi. U O‘z jonini fido qilib, bizni gunohlardan pokladi, so‘ng samoda Ulug‘vor Xudoning o‘ng tomonida o‘tirdi.
4 Darhaqiqat, Xudo Masihga “O‘g‘il” deb ulug‘ nom berdi. Bu nom Masih farishtalardan nihoyatda yuksak martabaga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi.
5 Axir, Xudo bironta farishtaga: “Sen Mening O‘g‘limsan, Bugun Men Senga Ota bo‘ldim”, — deb aytmagan! Yoki: “Men Unga Ota bo‘laman, U esa Menga O‘g‘il bo‘ladi.” — demagan!
6 To‘ng‘ich O‘g‘lini bu dunyoga yana yuborishidan oldin esa, Xudo shunday deb aytadi: “Hamma farishtalarim Unga sajda qilsinlar.”
7 Farishtalar haqida esa Xudo: “Men O‘z malaklarimni shamollarga aylantiraman, Xizmatkorlarimni lovullagan olov qilaman, — degandi.
8 Ammo O‘z O‘g‘liga U shunday degan: “Sen Xudosan, Sening taxting abadiydir, Adolat hassasi shohliging hassasidir.
9 Sen solihlikni sevasan, qabihlikdan nafrat etasan. Shu bois Men Seni do‘stlaringdan ustun qildim, Ha, Men, Xudoying, shodlik moyini Senga surtdim.”
10 Yana O‘g‘liga shunday degan: “Sen Rabbiysan, Azalda zaminning poydevorini Sen qo‘ygansan, Samolarni O‘z qo‘llaring ila yaratgansan.
11 Ular yo‘q bo‘lib ketar, Sen turaverasan, Ularning hammasi kiyim kabi eskirib ketadi.
12 Keraksiz libosday ularni taxlab qo‘yasan, To‘zib ketgan kiyimday ularni almashtirasan. Sen esa hech o‘zgarmassan, Sen to abad yashaysan.”
13 Xudo bironta farishtaga: “Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha, Sen Mening o‘ng tomonimda o‘tirgin”, — deb aytmagan.
14 Axir, farishtalar bor–yo‘g‘i xizmatchi ruhlar! Xudo ularni abadiy hayotdan bahramand bo‘ladigan odamlarga xizmat qilish uchun yuborgan.