Kirish
Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini Rimdagi jamoatga yozgan. Rimdagi jamoat yahudiy hamda g‘ayriyahudiy bo‘lgan masihiylardan iborat edi. Pavlus Rimga borishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Uning maktubni yozishdan maqsadi o‘zini Rimdagi jamoatga tanishtirish, ularga Iso Masih haqidagi ta’limotni tushuntirish va ularning yordamida Ispaniyada o‘z xizmatini davom ettirish edi. Mazkur maktubda Pavlus Xushxabarni to‘liq va har tomonlama sharhlaydi. Maktubning mohiyati Pavlusning quyidagi so‘zlarida o‘z ifodasini topgan: “Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi, chunki Muqaddas bitiklarda: «Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi», deb yozilgan.” (1:17)
Maktubning dastlabki qismida (1-4–boblar) Pavlus bu ta’limotini batafsil tushuntiradi. Har bir inson, yahudiy yoki g‘ayriyahudiy bo‘lishidan qat’iy nazar, gunohkor bandadir, shu sababdan hamma Xudo bilan yarashishi kerak. Bunga esa savob ishlar, dindorlik yoki Xudoning qonuniga amal qilish orqali emas, balki Iso Masihga bo‘lgan imon orqaligina erishsa bo‘ladi.
Maktub davomida (5-8–boblar) Pavlus Musoning qonuni va Muqaddas Ruh borasida so‘z yuritadi. Nima maqsadda Xudo qonunni berganini tushuntirib, imonli kishining hayotida amal qiladigan Muqaddas Ruhning qudrati haqida yozadi. Pavlus maktubining bu qismida Masihga imon keltirgan insonning yangi hayotini tasvirlaydi. Bu yangi hayotning manbayi Xudo bilan o‘rnatilgan munosabat bo‘ladi. Yangi hayotga qadam qo‘ygan bunday inson Xudo bilan uyg‘unlikda yashaydi va u Muqaddas Ruhning yordamida gunoh kuchidan ozod bo‘ladi.
So‘ng Pavlus e’tiborini Xudoning najot rejasiga qaratadi (9-11–boblar). Bu rejada u yahudiylar va g‘ayriyahudiylarning o‘ziga yarasha tutgan o‘rni borligini aytib o‘tadi. Ilohiy rejaga ko‘ra, butun insoniyat najot topib, Xudoning Masih orqali bergan inoyatidan bahramand bo‘lishi uchun yahudiylar Masihni rad etishlari kerak edi. Lekin muallifning ta’kidlashicha, vaqti kelib yahudiylar ham Masihni tan olishadi.
Maktubning so‘nggi qismida (12-16–boblar) Pavlus masihiylarga kundalik turmushga oid nasihatlar beradi. Ularni mehr–oqibatli bo‘lishga, Xudoga manzur hayot kechirishga chaqiradi. Shuningdek, Xudoga xizmat qilish, hukumatga bo‘ysunish, insoniyat oldidagi majburiyatlar va vijdon masalasi kabi mavzularni yoritadi. Maktub duoyi salomlar bilan yakunlanadi.
1–BOB - Rimliklarga maktub
1.Salom 8.Pavlusning Rimga borish istagi 18.Insoniyatning gunohkorligi
1 Men, Iso Masihning quli bo‘lgan Pavlusdan, Rimdagi birodarlarimga salom! Men havoriylikka da’vat etilganman, Xudoning Xushxabarini yoyish uchun tanlanganman.
2 Muqaddas Bitiklarda yozilganday, Xudo bu Xushxabarni beraman, deb, O‘z payg‘ambarlari orqali va’da bergan edi.
3 Bu Xushxabar insoniy jihatdan Dovudning zurriyoti bo‘lgan Xudoning O‘g‘li haqidadir.
4 Xudoning O‘zi Rabbimiz Iso Masihni o‘likdan tiriltirdi. Shu orqali Muqaddas Ruhning kuchiga to‘la bo‘lgan Iso Masih Xudoning O‘g‘li ekanligi isbotlandi.
5 Mana shu Iso Masih orqali Xudo menga inoyat ko‘rsatib, havoriy bo‘lish vazifasini berdi. Toki barcha xalqlar Xudoga ishonib, itoat etsinlar, shunda Iso Masihning nomi ulug‘lanadi.
6 Sizlar ham o‘sha xalqlar qatori Iso Masihga tegishli bo‘lishga da’vat etilgansizlar.
7 Men ushbu maktubimni sizlarga — Rimdagi birodarlarimga yozyapman. Xudo sizlarning hammangizni yaxshi ko‘rib, O‘zining aziz xalqi bo‘lishga chorlagan. Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
8 Avvalambor Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukr qilaman, chunki butun dunyo sizlarning imoningiz haqida gapiryapti.
9 Xudoning O‘g‘li haqidagi Xushxabarni yoyar ekanman, chin qalbimdan Xudoga xizmat qilaman. Xudo shohid, men doim sizlar uchun ibodat qilaman.
10 Ibodatlarimda, doim Xudodan: “Agar irodang bo‘lsa, imkon ber, men borib, Rimdagi birodarlarimni ko‘rib kelay”, deb so‘rayman.
11 Sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti, chunki sizlar bilan ruhiy in’omlarni baham ko‘rsam, deyman, shunda sizlar imonda yanada mustahkamroq bo‘lardingiz.
12 To‘g‘rirog‘i, ko‘rishganimizda, bir–birimizning imonimizdan dalda olsak, deyman.
13 Birodarlar, bilib qo‘yinglar, men ko‘p marta sizlarning oldingizga borishni rejalashtirgandim, ammo nimagadir hech yo‘l ochilmadi. Boshqa xalqlar orasida Xushxabarni aytib, yaxshi natijalarga erishdim. Rimda ham shunday natijalarga erishishni istayman.
14 Mening burchim madaniyatliyu madaniyatsizlarga, ziyoliyu o‘qimishsizlarga ham Xushxabarni aytishdan iborat.
15 Shuning uchun men sizlarga, ya’ni Rimdagilarga ham Xushxabarni aytishga intizorman.
16 Men Xushxabardan or qilmayman, chunki Xudoning kuch–qudrati bo‘lgan bu Xushxabar orqali unga ishonganlarning hammasi qutqariladi. Ishonadiganlar yahudiymi, g‘ayriyahudiymi, farqi yo‘q!
17 Bu Xushxabarda oshkor qilinganki, Xudo insonlarni imon orqali, ha, faqatgina imon orqali oqlaydi, chunki Muqaddas Bitiklarda: “Solih inson imon tufayli hayotga ega bo‘ladi”, — deb yozilgan.
18 Barcha fosiqligu adolatsizlik ustiga samodan Xudoning qahri yog‘iladi, chunki insonlar o‘z adolatsizliklari bilan haqiqatga to‘sqinlik qilyaptilar.
19 Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo‘lsa, ularga ravshandir, Xudoning O‘zi ularga zohir etgan.
20 Borliq yaratilgandan beri Xudoning ko‘rinmas xususiyatlari, ya’ni abadiy qudrati va ilohiyoti ochiq ko‘rinib turibdi. Xudoning ijodiga qarab, Uning xususiyatlarini tushunib olsa bo‘ladi. Shunday ekan, ular: “Xudoni bilmaymiz”, deb bahona qilolmaydilar.
21 Ular Xudoni bilsalar–da, Uni ulug‘lamadilar, Unga shukr qilmadilar. Aksincha, bema’ni o‘y–xayollarga berilib ketdilar, ularning nodon onglari zulmatga cho‘kdi.
22 Ular o‘zlarini aqlli, deb hisoblaydilar, aslida esa nodondirlar.
23 Ular mangu, ulug‘vor Xudoga emas, balki o‘tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi jonivorlar suratidagi butlarga sajda qildilar.
24 Shuning uchun Xudo ularni o‘z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og‘ushida qoldirdi. Shu sababdan ular bir–birlarining badanlari bilan behayo ishlar qiladilar.
25 Ular Xudoning haqiqatini yolg‘on bilan almashtirib, Yaratuvchiga emas, balki yaratilganga sajda qilib, xizmat qiladilar. Faqatgina yaratuvchi Xudoga to abad hamdlar bo‘lsin! Omin.
26 Haqiqatni rad qilganlari uchun Xudo ularni o‘zlarining behayo ehtiroslariga topshirdi. Hatto ayollar ham tabiiy jinsiy munosabatni notabiiy munosabatga almashtirib, bir–birlari bilan jinsiy aloqa qildilar.
27 Xuddi shuningdek, erkaklar ham ayollar bilan bo‘ladigan tabiiy jinsiy munosabatdan voz kechib, bir–birlariga nisbatan shahvoniy hirs bilan yondilar. Erkaklar bir–birlari bilan behayo ishlar qilib, qilmishlariga yarasha jazo tortyaptilar.
28 Bu odamlar Xudoni tanib–bilishni rad qilganlari uchun, Xudo ularni buzuq xayollarga topshirib qo‘ydi, shu bilan ular qilish mumkin bo‘lmagan ishlarni qiladilar.
29 Ular har turli adolatsizlik, yomonlik, ochko‘zlik va yovuzlikka to‘lib, hasadgo‘ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe’llikka mukkasidan ketgandirlar. Ular g‘iybatchi bo‘lib,
30 odamlarning orqasidan gapiradilar. Xudodan nafratlanadilar. Ular surbet, takabbur, maqtanchoqdirlar. Ular yovuz ishlar qilishning har xil yo‘llarini topadilar, ota–onalariga itoat qilmaydilar.
31 Ular nodondirlar, ularga ishonib bo‘lmaydi, ularda mehr–shafqat yo‘q.
32 Xudoning qonunida, shunday ishlarni qiladigan odamlar o‘limga loyiq, deb aytilganini biladilar. Shunday bo‘lsa–da, ular nafaqat bu ishlarni o‘zlari qiladilar, balki o‘shanday ishlarni qiluvchilarni qo‘llab–quvvatlaydilar.