6 Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari shoh Doroga maktub yuboradilar.
Ezra 5 bob
1 O‘sha davrda Xaggey va Iddo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarlar Yahudo yurtidagi va Quddusdagi yahudiylargaIsroil xalqining Xudosi nomidan bashorat qila boshladilar.
2 Shunda Shaltiyol o‘g‘li Zarubabel va Yohuzadax o‘g‘li Yoshua Xudoning Quddusdagi uyini qayta qurishga yana kirishdilar. Xudoning payg‘ambarlari ularning ishini qo‘llab– quvvatlab turdilar.
3 O‘sha zahoti Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay bilan Shatarbo‘zanay hamda ularning sheriklari yahudiylarning oldiga kelib: “Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb so‘rashdi.
4 Binoni qurayotgan odamlarning ismlarini ham talab qilishdi.
5 Lekin yahudiy oqsoqollarga Xudo nazarini solgan edi. Shuning uchun Fors amaldorlari shoh Doroga maktub yuborishga qaror qildilar. “Maktubga javob kelmaguncha yahudiylarni to‘xtatmaymiz”, deb kelishib oldilar.
6 Furot daryosining g‘arbidagi viloyat hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va ularning sheriklari — viloyat amaldorlari shoh Doroga maktub yubordilar.
7 Ular yuborgan maktubning mazmuni quyidagicha edi: “Shoh Doro janobi oliylariga tinchlik–omonlik bo‘lsin.
8 Shoh janoblariga ma’lum bo‘lsinki, biz Yahudo viloyatida ulug‘ Xudoga atab qurilayotgan uyga borgan edik. Bu uy yo‘nilgan toshlardan va sadr yog‘ochidan qurilyapti. Ish qunt bilan qilinyapti, qurilish bir maromda ilgarilab boryapti.
9 Biz o‘sha yerdagi oqsoqollar bilan gaplashdik, ulardan: “Bu uyni ko‘tarishga, uni qayta qurishga kim sizlarga ijozat berdi?” deb so‘radik.
10 Sizni xabardor qilib qo‘yaylik, deb ularga boshchilik qilayotgan odamlarning ismlarini ham so‘radik.
11 Ularning bizga bergan javobi shu bo‘ldi: — Biz Samoviy Xudoning qullarimiz. Biz tiklayotgan Xudoning bu uyi ancha yillar oldin Isroilning ulug‘ bir shohi tomonidan qurib bitkazilgan edi.
12 Lekin ota–bobolarimiz Samoviy Xudoni g‘azablantirdilar. Shuning uchun, Xudo ularni Xaldey qabilasidan bo‘lgan Bobil shohi Navuxadnazarning qo‘liga berdi. Navuxadnazar bu uyni vayron qilib, xalqni Bobilga surgun qildi.
13 -
14 Xudoning uyidan oltin va kumush buyumlarni olib, Bobildagi ma’badga olib ketdi. Lekin Bobil shohi Kurush o‘z hukmronligining birinchi yilida, Xudoning uyi qayta qurilsin, deb farmon chiqardi. U hatto Quddusdagi Ma’abadga qarashli o‘sha oltin va kumush buyumlarni Bobildagi ma’baddan olib kelishni buyurib, Shashbazzar degan odamga berdi. Shoh Kurushning o‘zi Shashbazzarni Yahudoning hokimi qilib tayinladi.
15 U Shashbazzarga shunday dedi: “Bu buyumlarni Quddusga olib bor. Xudoning uyini oldingi o‘rnida qurdirib, buyumlarni Ma’badga joylashtir.”
16 Shunda Shashbazzar kelib, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini yotqizdirdi. O‘shandan buyon hozirgacha qurilish davom etmoqda, hali tugagani yo‘q.
17 Endi, shohimizga ma’qul bo‘lsa, Bobildagi shoh hujjatlarini sinchiklab qarab chiqsalar. O‘shanda shoh Kurush Xudoning Quddusdagi o‘sha uyini qayta qurish uchun farmon chiqarganmi yoki yo‘qmi, ko‘radilar. Shohimiz bu ishga oid qarorlarini bizga ma’lum qilishlarini so‘raymiz.”