1 Pavlusning Quddusga sayohati. 27 Pavlus Ma’badda qamoqqa olinadi.
Havoriylarning faoliyati 21 bob
1 Biz ular bilan xayrlashib, kemaga o‘tirdik va to‘g‘ri Kos oroliga keldik. Ertasi kuni Rodos oroliga, keyin esa Patara shahriga bordik.
2 U yerda biz Finikiyaga ketayotgan kemani topib, o‘sha kemada suzib ketdik.
3 Kiprga yaqinlashganimizda, bu orolni chap tomonimizda qoldirib, Suriyaga yo‘l oldik. Tirda kemadan yuk tushirmoqchi bo‘lganlari uchun, biz qirg‘oqda qoldik.
4 Isoning u yerdagi shogirdlarini qidirib topdik va ular bilan bir hafta qoldik. Ular Muqaddas Ruh qudrati bilan Pavlusga, Quddusga bormang, deb aytdilar.
5 Bu yerda vaqtimiz oxirlab qolgach, yo‘lga chiqib, safarimizni davom ettirdik. Imonlilarning hammasi, xotinlari va bola–chaqalari bilan birga bizni shahar tashqarisigacha kuzatib chiqdi. Dengiz bo‘yida tiz cho‘kib, ibodat qildik.
6 So‘ng bir– birimiz bilan xayrlashdik. Biz kemaga chiqdik, ular ham uylariga qaytib ketdilar.
7 Biz Tirdan sayohatni davom ettirib, Ptolemey shahriga keldik. U yerdagi imonlilarni ziyorat etib, bir kun yonlarida qoldik.
8 Ertasi kuni yo‘lga chiqib, Qaysariyaga keldik. Xushxabarchi Filippning uyiga borib unikida qoldik. Filipp oziq– ovqat taqsimlash uchun saylangan yetti kishidan biri edi.
9 Filippning to‘rtta turmushga chiqmagan qizi bo‘lib, ularga bashorat qilish in’omi berilgan edi.
10 U yerda bir necha kun bo‘lganimizdan keyin, Yahudiyadan Agav degan payg‘ambar keldi.
11 U bizning oldimizga keldi va Pavlusning kamarini olib, o‘zining oyoq–qo‘llarini bog‘ladi–da, shunday dedi: — MuqaddasRuh demoqda: mana bu kamarning egasini yahudiylar Quddusda xuddi shu singari bog‘lab, uni g‘ayriyahudiylar qo‘liga topshiradilar.
12 Bu gapni eshitganimizdan keyin biz ham, u yerdagi odamlar ham Pavlusga, Quddusga bormang, deb yalinib–yolvordik.
13 Shunda Pavlus quyidagicha javob berdi: — Nima qilyapsizlar? Nimaga yig‘lab, yuragimni siqyapsizlar? Men faqat oyoq–qo‘llarim bog‘lanishiga emas, balki Rabbimiz Isoning nomi uchun Quddusga borib o‘lishga ham tayyorman.
14 Biz Pavlusni ko‘ndira olmaganimizdan keyin, “Rabbimiz istaganiday bo‘lsin”, deb jim qoldik.
15 Bu yerda ma’lum vaqt bo‘lganimizdan keyin, biz tayyorgarligimizni ko‘rib, Quddusga yo‘l oldik.
16 Qaysariyadan Isoning ba’zi shogirdlari biz bilan birga bordilar. Ular bizni Isoning dastlabki shogirdlaridan bo‘lgan Kiprlik Minasonning uyiga olib keldilar. Biz uning xonadonida qoldik.
17 Quddusga kelganimizda, imonlilar bizni xursandchilik bilan qabul qildilar.
18 Keyingi kuni Pavlus biz bilan birga Yoqubni ko‘rgani bordi. Barcha jamoatoqsoqollari ham u yerda yig‘ilishgan edi.
19 Pavlus ular bilan salomlashgandan keyin, o‘zining xizmati orqali g‘ayriyahudiylar orasida Xudo qilgan ishlarni batafsil hikoya qilib berdi.
20 Ular bu gaplarni eshitib, Xudoga hamdu sano aytdilar. Keyin Pavlusga dedilar: — Birodarimiz Pavlus, ko‘rib turibsizki, yahudiylar orasida bir necha ming odam imonga kelgan. Ularning hammasi qonunga chin dildan o‘zlarini bag‘ishlaganlar.
21 Ularning eshitishicha, siz g‘ayriyahudiylar orasida yashayotgan hamma yahudiylarga, Musoning qonunidan voz kechinglar, bolalaringizni sunnat qilmanglar, yahudiylarning urf–odatlariga rioya qilmanglar, deb ta’lim bergan ekansiz.
22 Endi nima bo‘ladi? Sizning kelganingizni ular albatta eshitadilar.
23 Endi bizning aytganlarimizni qiling. Oramizda nazr atagan to‘rtta odam bor.
24 Shu odamlarni yoningizga olib, ular bilan birga poklanish marosimida ishtirok eting. Ular sochlarini oldirganlarida talab qilingan poklanish qurbonligining xarajatlarini o‘zingiz to‘lang. Shunday qilib, siz to‘g‘ringizda aytilgan gaplar haqiqat emasligini, siz esa Musoning qonuniga rioya qilgan holda yashayotganingizni hamma bilib oladi.
25 Imonli g‘ayriyahudiylarga kelsak, bir qancha vaqt oldin biz ularga maktub jo‘natib, quyidagi qarorimizni ma’lum qilgan edik: “Butlarga keltirilgan qurbonlik go‘shtini va qoni chiqarilmagan hayvon go‘shtini tanovul qilishdan hamda zinodan o‘zlaringizni tiyinglar.”
26 Ertasi kuni Pavlus o‘sha odamlarni yoniga olib, ular bilan birga o‘zini pokladi. So‘ng Ma’badga kirib, poklanish kunlari qachon tugashini, har bir odam uchun qachon qurbonlik keltirilishini e’lon qildi.
27 Yetti kunlik marosim oxirlab qolgan edi. Asiya viloyatidan kelgan yahudiylar Pavlusni Ma’badda ko‘rib qoldilar. Ular olomonni qayrab, Pavlusni ushladilar.
28 — Ey Isroil xalqi! Yordam beringlar! — deb shovqin soldi ular. — Manavi odam hamma joyda bizning xalqimizga, qonunimizga, Ma’badga qarshi ta’lim berib yuradi. Buning ustiga, u yunonlarni Ma’badga olib kelib, bu muqaddas joyni bulg‘adi!
29 Bunday deyishlariga sabab, bundan oldin ular Efeslik Trofimni shaharda Pavlus bilan birga ko‘rishgan bo‘lib, “Pavlus o‘sha g‘ayriyahudiyni Ma’badga olib kirdi”, deb o‘ylagan edilar.
30 Butun shahar oyoqqa turdi, xalq birgalashib harakatga keldi. Ular Pavlusni tutib, Ma’baddan sudrab chiqarib tashladilar. O‘sha zahoti Ma’bad eshiklari yopildi.
31 Olomon endi Pavlusni o‘ldirmoqchi bo‘lib turgan edi, Rim lashkarining mingboshisiga: “Butun Quddus oyoqqa turdi”, degan xabar yetib keldi.
32 Mingboshi o‘sha zahoti askarlari va yuzboshilarni olib, olomon tomonga yugurib ketdi. Olomon mingboshi bilan uning askarlarini ko‘rgach, Pavlusni kaltaklashni bas qildilar.
33 Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, uni qamoqqa oldi va ikkita kishan bilan bog‘lashni buyurdi. So‘ngra u: “Bu odam kim? U nima qildi?” deb so‘radi.
34 Olomon orasidan ba’zilari bir nimalar deb shovqin soldi, boshqasi yana nimalardir dedi. G‘ala–g‘ovur bo‘lganidan mingboshi nima yuz berganini aniq bila olmadi. Shuning uchun u Pavlusni qal’aga olib borishni buyurdi.
35 Pavlus zinapoyaga kelganda, olomon shunchalik junbishga keldiki, askarlar Pavlusni ko‘tarib ketishlariga to‘g‘ri keldi.
36 Olomon Pavlusning ortidan ergashib: “Unga o‘lim!” deb shovqin solardi.
37 Askarlar Pavlusni qal’aga olib kirayotganlarida, u mingboshiga: “Sizga bir narsani aytsam mumkinmi?” dedi. — Yunoncha bilasanmi?! — deb hayron qoldi mingboshi. —
38 Bir qancha vaqt oldin isyon boshlab, to‘rt ming qurollangan kallakesarni sahroga olib chiqqan Misrlik mabodo sen emasmisan?
39 — Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarshish shahridanman, — dedi Pavlus. — O‘sha muhim shaharning fuqarosiman. Iltimos, xalqqa gapirishimga ijozat bering.
40 Mingboshi Pavlusga ijozat bergach, u zinapoyada turib, odamlarga qo‘li bilan: “Jim bo‘linglar!” degan ishorani qildi. Odamlar tinchlangandan keyin, Pavlus ularga oromiy tilida gapira boshladi: