Kirish
Mazkur kitob muallifi Luqodir, bu uning ikkinchi kitobidir. Uning birinchi kitobi “Luqo bayon etgan muqaddas Xushxabar” deb atalgan. Muallif Luqo bu Xushxabarda Isoning faoliyati va ta’limotini batafsil bayon etadi. Mazkur kitobda esa u o‘z hikoyasini davom ettirib, havoriylarning faoliyatini izchil yoritadi.
Kitobning tub mag‘zi Isoning shogirdlariga aytgan quyidagi so‘zlarida aks etgan: “Muqaddas Ruh sizlarni qamrab olganda, kuch–qudratga to‘lasizlar. Quddusda, Yahudiya va Samariyada, yer yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim bo‘lasizlar” (1:8). Kitobda Iso Masihni o‘likdan tiriltirgan Xudoning qudratiga va Muqaddas Ruhning faoliyatiga katta urg‘u beriladi. Kitobni “Muqaddas Ruhning havoriylar orqali ko‘rsatgan faoliyati” deb nomlasa ham bo‘ladi.
Bu kitobda ko‘plab davlatlar tilga olingani bois, dastlabki o‘qishda kitobning yagona maqsadi Masih haqidagi Xushxabarning yoyilishini tasvirlab berishdir, deb o‘ylashimiz mumkin. Ammo muallif bu kitobni yozishda bundan–da buyukroq maqsadni ko‘zlagan. Iso Masih samoga ko‘tarilib ketgandan keyin, Uning shogirdlari bir qator muammolarga duch kelganlar. Eng katta muammolardan biri “Xudoning xalqiga qo‘shilishga kimning haqi bor?” degan savol edi. Iso Masih va uning birinchi shogirdlari yahudiy bo‘lganlari sababli, Xushxabar faqatgina yahudiylarga qaratilgan, deb o‘ylashlari tabiiy edi. Ammo havoriy Filip Xushxabarni Samariyaliklarga olib borgandan keyin va havoriy Butrus Rim yuzboshisi Korniliyning uyiga tashrif buyurgandan so‘ng, masihiylarning bu mavzudagi tushunchasi o‘zgara boshlaydi. Ular, Iso Masih yahudiylarni ham, g‘ayriyahudiylarni ham gunohlaridan xalos qilishga kelgan, degan xulosaga kelishadi. Xudo har bir millat va xalqni Iso Masihga ishonishga chorlaydi.
Havoriy Pavlusning sharofati bilan Masih haqidagi Xushxabar dunyoning ko‘p joylariga yetib boradi. Pavlus Masihga imon keltirishdan oldin, farziy mazhabiga mansub bo‘lib, o‘sha davrning mashhur Tavrot tafsirchisi, Oliy kengash a’zosi Gamaliyolning shogirdi edi. Tavrot qonunini mukammal bilgan Pavlus yahudiy dinini jon–jahdi bilan himoya qiladi, u Masih jamoatini* ayovsiz ta’qib etadi. Biroq Iso Masih vahiyda O‘zini Pavlusga ayon qilgandan keyin, Pavlus Isoning sodiq shogirdlaridan biriga aylanadi. Shundan so‘ng Pavlus Rim imperiyasining deyarli hamma hududlarida Xushxabarni va’z qiladi. U hatto dunyoning o‘sha zamondagi eng buyuk shahri Rimga yetib borib, shohlaru hukmdorlarga Masih to‘g‘risidagi Xushxabarni aytadi.
Mazkur kitobga bir nechta va’z kiritilgan. Bu va’zlar yordamida biz o‘sha davrdagi masihiylarning dunyoqarashini teranroq anglab olamiz, ularning jamiyatdagi ijtimoiy ziddiyatlarga bo‘lgan munosabatini ko‘ramiz. Bu ziddiyatlarga yahudiy va butparast xalqlarning udumlari, Rim hukumati va Yunon madaniyati misol bo‘lib xizmat qiladi. Biroq kitobdagi voqealardan ko‘rinib turibdiki, Iso Masih haqidagi Xushxabarning yoyilishini hech kim va hech narsa to‘xtata olmaydi, hech qanday ziddiyat unga to‘sqinlik qila olmaydi.
1–BOB
Havoriylarning faoliyati
1 Ey Teofil, birinchi kitobimda Iso faoliyatining boshidan to oxirigacha qilgan va o‘rgatgan hamma ishlari to‘g‘risida yozgandim.
2 U osmonga ko‘tarilmasdan oldin, Muqaddas Ruh kuchi orqali O‘zi tanlagan havoriylarga ko‘rsatmalar bergan edi.
3 Iso azob chekib o‘lgandan keyin, bir qancha ishonchli dalillar orqali havoriylarga tirilganini ko‘rsatdi. Qirq kun davomida ularga zohir bo‘lib, Xudoning Shohligi to‘g‘risida gapirdi.
4 Iso o‘z havoriylari bilan yeb–ichar ekan, ularga shunday amr berdi: — Quddusdan ketib qolmanglar, Otamning bergan va’dasi bajo bo‘lishini kutinglar. Bu va’da haqida sizlarga aytgan edim.
5 Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirar edi, sizlar esa yaqin kunlarda Muqaddas Ruhga cho‘mdirilasizlar.
6 Havoriylar birga yig‘ilganlarida, Isodan shunday deb so‘radilar: — Rabbimiz, hozir Isroilda Shohlikni Siz tiklaydigan vaqt emasmi?
7 Iso ularga shunday javob berdi: — Vaqt va davrlarni Otam O‘z hokimiyati orqali o‘rnatgan, bularni bilish sizning ishingiz emas.
8 Ammo Muqaddas Ruh sizlarni qamrab olganda, kuch–qudratga to‘lasizlar. Quddusda, Yahudiya va Samariyada, yer yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim bo‘lasizlar.
9 Iso shu gaplarni aytgandan keyin, havoriylarning ko‘zi oldida osmonga ko‘tarildi. Bulut Isoni havoriylarning ko‘zlaridan yashirdi.
10 Iso ko‘tarilib ketgandan keyin ham havoriylar ko‘zlarini uzmay osmonga qarab turardilar. Shu payt birdan oq kiyim kiygan ikki odam ularning oldida paydo bo‘ldi.
11 — Ey Jalilaliklar! — dedi ular. — Nimaga osmonga qarab turibsizlar? Iso osmonga ko‘tarilganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizlar. U osmonga qanday ko‘tarilgan bo‘lsa, xuddi shunday qaytib keladi.
12 Shundan keyin ular Zaytun deb atalgan tog‘dan Quddusga qaytib keldilar. Zaytun tog‘i Quddus yonida bo‘lib, shahardan taxminan yarim soatlik yo‘l edi.
13 Ular shaharga kirganlaridan keyin, o‘zlari turadigan xonadonning boloxonasiga chiqdilar. Butrus, Yuhanno, Yoqub, Idris, Filipp, To‘ma, Bartolomey, Matto, Altey o‘g‘li Yoqub, vatanparvar Shimo‘n, Yoqub o‘g‘li Yahudo shu yerda edilar.
14 Ular doimo ibodat qilgani yig‘ilishardi. Ular qatorida ba’zi bir ayollar, shuningdek Isoning onasi Maryam va Uning ukalari ham bor edi.
15 Bir kuni yuz yigirmata imonli birodar yig‘ilgan edilar. Butrus ular oldida turib, shunday dedi:
16 — Birodarlarim! Muqaddas Ruh oldindan Dovud orqali Yahudo haqida bashorat qilgandi. Muqaddas Bitiklardagi uning bu so‘zlari amalga oshishi kerak edi.
17 Yahudo bizlarning birimiz hisoblanib, bu xizmatda ishtirok etishga tanlangandi. Ammo u Isoni qamash uchun kelganlarga boshchilik qildi.
18 Keyin yovuz ishi bilan qo‘lga kiritgan pulga dala sotib oldi. Ammo o‘sha yerda yiqilib tushdi, qorni yorilib, ichak–chovoqlari chiqib ketdi.
19 Bu voqea butun Quddus aholisiga ma’lum bo‘ldi, shuning uchun odamlar o‘sha joyni Haqaldama, ya’ni Qon dalasi deb atadilar.
20 Zabur kitobida shunday yozilgan: Uning makoni tashlandiq bo‘lib qolsin, U yerda yashaydigan biron jon qolmasin. Yana shunday deyilgan: Uning o‘rnini boshqasi olsin.
21 Shunga ko‘ra, biz Yahudoning o‘rniga boshqa bir odamni tanlashimiz kerak. Toki u, biz singari, Rabbimiz Isoning tirilgani haqida guvohlik bersin.
22 Bu odam Rabbimizning Yahyo tomonidan suvga cho‘mdirilgan kunidan boshlab, to osmonga ko‘tarilgan vaqtgacha bizga hamrohlik qilganlardan biri bo‘lishi shart.
23 Shunday qilib, ular ikki kishini oldinga chiqardilar. Ulardan biri Yusuf (uning yana Barsabo va Yustus degan ismi bor edi), ikkinchisi esa Mattiya edi.
24 Ular ibodat qilib, shunday dedilar: “Ey Rabbimiz! Sen hamma odamlarning yuragini bilasan.
25 Mana shu ikkovidan qaysi birini havoriylik xizmati uchun tanlaganingni bizga ko‘rsatgin, chunki Yahudo xizmatini tashlab, o‘ziga tegishli yerga ketgan.”
26 Havoriylar ular uchun qur’a tashladilar. Qur’a Mattiyaning chekiga tushdi. Mattiya o‘n bir havoriyga qo‘shildi.