1 Ayub ilgari Xudo unga bergan baraka haqida gapiradi.
Ayub 29 bob
1 Ayub gapida davom etdi:
2 “Qani endi, Xudo menga G‘amxo‘rlik qilgan paytlari qaytib kelsa edi.
3 O‘sha paytlarda Xudo O‘z chirog‘i bilan yo‘limni yoritardi, Uning nuri bilan zulmatdan o‘tar edim.
4 Kuch–quvvatga to‘lgan paytlarimda Xudo bilan bo‘lgan do‘stligim chodirimni to‘ldirib turardi.
5 Qodir Xudo men bilan edi, Farzandlarim ham atrofimda yurardi.
6 Uyimda qaymoq oshib–toshib yotardi, Zaytunzorlarimdanmoy ariq bo‘lib oqardi.
7 Shahar darvozasi oldida o‘tirganimda, Yo‘lboshchilar orasidan joy olganimda,
8 Yoshlar meni ko‘rib, yo‘l berardi, Hatto keksalar ham o‘rnidan turardi.
9 Oqsoqollar ham gapidan to‘xtab, Og‘izlarini qo‘llari bilan berkitardi.
10 Boshliqlarning ham ovozi tinardi, Tillari tanglayiga yopishib qolardi.
11 Gaplarimni eshitganlar meni maqtardi, Ko‘rganlar men haqimda yaxshi gapirardi,
12 Axir, men nola qilgan yo‘qsillarga yordam berardim, Suyanchig‘i yo‘q yetimlarni chetda qoldirmas edim.
13 O‘limdan qutqarilgan bu odamlar meni duo qilardilar, Yordamim bilan bevalarning qalbini quvonchga to‘ldirardim.
14 Solihlikka kiyim kabi o‘rangandim, Odillikni sallam va to‘nimday kiyib yurardim.
15 Ko‘rlarga ko‘z bo‘ldim, Cho‘loqlarga oyoq bo‘ldim.
16 Faqirlarga ota bo‘ldim, Musofirlarning arzlarini eshitib, himoya qildim.
17 Zolimlarning tishlarini sindirdim, Ularning og‘zidan o‘ljasini tortib oldim.
18 Men shunday deb o‘ylardim: “Uzoq umr ko‘rib, o‘z uyimda hayotdan ko‘z yumaman.
19 Axir, men ildizlari suvga yetgan, Shoxlarida tun bo‘yi shabnam turadigan daraxtdayman.
20 Doimo obro‘yim baland bo‘laveradi, Kuchim qayta–qayta yangilanaveradi.”
21 Hamma sukut saqlab, menga quloq solardi, Bizga qanday maslahat berarkan, deb kutardi.
22 Mening so‘zlarimdan keyin hech kim gap qo‘shmasdi, So‘zlarim ularning ustiga shabnamday ohista tushar edi.
23 Ular yomg‘ir kutganday meni kutishardi, So‘zlarim bahor yomg‘iri singari ularga singib ketardi
24 Ularga kulib qarasam, ko‘zlariga ishonishmasdi, Marhamat qilishimni umid bilan kutishardi.
25 Ularga bosh bo‘lib, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatardim, Lashkarlari orasidagi shohday yashar edim, Ular qayg‘uga tushganlarida tasalli berardim.”