Kirish
Ester to‘g‘risidagi voqea Fors shohining Shushan qal’asidagi qishki saroyida bo‘lib o‘tadi. Shoh Axashverash{1} malikani haydab yuboradi. Keyin Ester ismli yosh yahudiy ayolni tanlab uni malika martabasiga ko‘taradi. Ester yetim bo‘lib, amakisi Mordaxay uni farzandi sifatida tarbiya qilgan edi. Mordaxay shoh saroyida xizmat qilardi. Mordaxay Esterni: “Yahudiy ekaningni hech kimga aytma”, deb ogohlantirgan, Ester ham Mordaxayga itoat etardi.
Shohning Homon ismli eng katta lavozimdagi amaldori bor edi. U yahudiylardan nafratlanardi. Homon shohni aldab, hamma yahudiylarni o‘ldirish to‘g‘risida ijozat oladi. Kitobning davomida Ester o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, xalqini qanday qilib saqlab qolgani haqida hikoya qilinadi.
Keyinchalik Mordaxay va Ester hamma yahudiylarga qanday qilib ularning hayoti saqlab qolinganini xotirlab turish uchun har yili Purim bayramini nishonlash to‘g‘risida maktub yozadilar.
Ester kitobining ibroniycha matnida Xudo eslanmaydi. Lekin Xudo Esterni malika qilib, o‘z xalqini qanday himoya etgani ko‘rsatiladi. Mordaxay Esterga shunday degan: “Kim bilsin, balki shunaqa kunlar uchun sen malikalik martabasiga erishgandirsan.” (4:14)
1–BOB - Ester
Axashverashning ziyofati
1 Bu voqea Axashverash davrida bo‘lib o‘tgan edi. Axashverash Hindistondan Habashistongacha bir yuz yigirma yetti viloyat ustidan hukmronlik qilardi.
2 Shoh Axashverash Shushandagi qal’ada shohlik taxtiga o‘tirgandan keyin,
3 hukmronligining uchinchi yilida barcha vazirlari va saroy a’yonlari, Fors va Midiya shohliklarining bosh lashkarboshilari va zodagonlari, qo‘li ostidagi viloyatlarning hokimlari uchun ziyofat berdi.
4 Axashverash ancha vaqt — bir yuz sakson kun davomida o‘z shohligining beqiyos boyligini, dabdabali va hashamatli ulug‘vorligini ko‘rsatdi.
5 Bu ziyofatdan keyin Axashverash Shushan qal’asining kattayu kichigiga shoh saroyining bog‘ hovlisida yetti kun ziyofat berdi.
6 Bog‘ning marmar ustunlari tepasidagi kumush halqalarga oliy navli va safsar rangli zig‘ir iplardan to‘qilgan, arqonlarga bog‘langan oq va ko‘k rangli zig‘ir pardalar osilgandi. Arg‘uvon va oq marmar, sadaf va qoramtir toshlar qoplangan joyga oltin va kumush o‘rindiqlar o‘rnatilgan edi.
7 Ichimliklar turli–tuman oltin qadahlarda berildi. Shohona sharob ham, shohning boyligi kabi, juda serob bo‘ldi.
8 Chunki shoh o‘z xonadoni boshqaruvchilariga: “Har kimga istaganicha berilsin”, deb farmon etdi. Shuning uchun ichimliklar, shohning farmoniga ko‘ra, mehmonlarning xohishiga qarab berildi.
9 Malika Vashti ham shoh Axashverash saroyida ayollar uchun ziyofat berayotgan edi.
10 Yettinchi kuni shoh sharob ichib vaqti chog‘ bo‘lib, o‘zining Maxumon, Bizta, Xarbona, Bixta, Avag‘ta, Zatar, Karkas ismli yettita mulozimiga farmon berdi:
11 “Malika Vashtiga shohona toj kiydirib, huzurimga olib kelinglar, xalqqa va a’yonlarga uning go‘zalligini ko‘rsatay.” Haqiqatan ham malika g‘oyat go‘zal edi.
12 Lekin malika Vashti kelmadi, mulozimlar orqali shohning bergan farmonini bajarishdan bosh tortdi. Shoh bundan qattiq g‘azablandi, malikadan g‘oyatda jahli chiqdi.
13 Shoh o‘z ishlarini qonun–qoidani biladiganlar oldida qilardi.
14 O‘sha paytda shohning yaqinlari Fors va Midiya shohligining yettita beki — Karshana, Shator, Admata, Tarshish, Miros, Marsano, Mamuxon edi. Ularning joyi shohning huzurida bo‘lib, shohlikda eng yuqori mavqeni egallagan edilar. — Shoh qonun–qoidalarni yaxshi biladigan o‘sha donishmandlardan so‘radi:
15 — Shoh Axashverash malika Vashtiga mulozimlar orqali farmon bergan edi, u itoat etmadi. Buning uchun qonunga binoan uni nima qilish kerak?
16 Shunda Mamuxon shoh va a’yonlar huzurida shunday javob berdi: — Malika Vashti yolg‘iz shohimiz oldidagina emas, balki shoh Axashverash hukmronligi ostidagi hamma viloyatlarning beklari va xalqi oldida aybdordir.
17 Chunki malikaning qilig‘ini hamma ayollar eshitishgach, ular: “Shoh Axashverash, malika Vashtini huzurimga olib kelinglar, deb farmon bergan ekan, malika bormabdi”, deb gapirib yuradilar va erlarini mensimay qo‘yadilar.
18 Malikaning qilig‘i to‘g‘risida eshitgan Fors va Midiya shohligi bekoyimlari shohimizning hamma a’yonlariga ayni o‘sha gapni aytadilar. O‘rtada kiborlik, dilsiyohlik paydo bo‘ladi.
19 Agar shohimiz ma’qul ko‘rsalar, o‘zlari butun shohlik hududi bo‘yicha qaror chiqarsinlar. Fors hamda Midiya shohligi qonunlariga: “Vashti shoh Axashverash huzuriga kirmasin, uning shohlikdagi martabasi boshqa yaxshirog‘iga berilsin”, degan qo‘shimcha kiritilsin va bu farmon o‘zgartirilmasin.
20 Shohlik qanchalik katta bo‘lmasin, shohimizning bu farmoni shohlik bo‘ylab tarqalganda, barcha ayollar — boyu kambag‘ali erlarini hurmat qiladigan bo‘ladilar.
21 Bu gap shohga va a’yonlarga ma’qul bo‘ldi. Shoh Mamuxon aytganiday qildi.
22 U qo‘li ostidagi hamma viloyatlarga maktub jo‘natdi. Maktub har bir viloyatning o‘z yozuvida va har bir xalqning o‘z tilida bitilgan bo‘lib, unda: “Har bir erkak o‘z oilasida xo‘jayin bo‘lsin va uning gapi gap bo‘lsin”, deb yozilgan edi.