Kirish
“3 Shohlar” va “4 Shohlar”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob bo‘lib, ikkala qismini bitta o‘ramga joylash uzunlik qilganidan, kitob ikki qismga — “3 Shohlar” va “4 Shohlar”ga bo‘lingan. “3 Shohlar” o‘sha yaxlit kitobning birinchi qismidir. Bu kitoblar Isroil tarixining davomidir.
“3 Shohlar” kitobi uch qismdan iborat. Birinchi qismda (1-2–boblar) shoh Dovud hayotining so‘nggi yillari va uning o‘g‘li Sulaymon qanday qilib Isroil shohi bo‘lgani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Ikkinchi qism (3-11–boblar) Sulaymon hukmronligi davridagi voqealarni o‘z ichiga olib, bu qismda uning qanchalik shuhrat taratgani va boyigani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Ikkinchi qismda, asosan, Egamizning Quddusdagi uyini Sulaymon qanday qilib qurgani va bag‘ishlagani to‘g‘risida bayon qilinadi. Kitobning qolgan qismi (12-22–boblar) Sulaymonning vafotidan keyin yuz bergan voqealardan — shimoldagi qabilalarning Sulaymon o‘g‘li Raxabomga qarshi isyon ko‘targani, Isroil xalqining ikkita alohida shohlikka bo‘linib ketgani to‘g‘risidagi voqealardan iborat. Janubdagi shohlik — Yahudo shohligi, shimoldagisi — Isroil shohligi deb ataladigan bo‘ldi. “3 Shohlar”ning bu qismi ikkala shohlikning hukmdorlari tarixini o‘z ichiga oladi. Ushbu kitob Yahudo shohi Yohushafat va Isroil shohi Oxaziyo hukmronligi davridagi voqealar bilan tugaydi.
Kitobda har bir shoh Xudoga bo‘lgan sodiqligiga qarab hukm qilinadi. Agar shoh Xudoning qonuniga sodiq bo‘lib, Unga itoat etsa, u yaxshi deb maqtaladi. Agar shakkoklik qilib, to‘g‘ri yo‘ldan ozsa, qabih deb hukm qilinadi. Hamma Isroil shohlari Egamizdan yuz o‘girib, begona xudolarga sajda qilganlari uchun, qabih shohlar deb hukm qilinadi. Yahudo shohlarining ko‘pchiligi o‘z bobolari shoh Dovuddan namuna olib, uning yo‘lidan yurganlari va Egamizga sajda qilganlari uchun yaxshi shohlar deb e’tirof etiladi.
“3 Shohlar” yana shimoliy shohlikning qabih hukmdori Axab va malika Izabelga qarshi turgan Ilyos payg‘ambar to‘g‘risidagi mashhur voqealarni ham qamrab olgan. Ilyos payg‘ambar Isroil xalqini Egamizga itoat etishga va begona xudolarga sajda qilmaslikka da’vat etadi. Ilyos xalqqa shunday deb tanbeh berdi: “Qachongacha ikki kemaning uchini tutib yurasizlar?! Agar Egamiz Xudo bo‘lsa, Unga ergashinglar. Bordi–yu, Baal Xudo bo‘lsa, unga sajda qilinglar. ...Baalning payg‘ambarlari iltijo qilib Baalni chaqirishsin. Men ham iltijo qilib Egamizni chaqiraman. Kimning Xudosi alanga orqali javob bersa, Xudo O‘shadir.” (18:21, 24)
1–BOB - Shohlar (uchinchi kitob)
Keksaygan shoh Dovud
1 Shoh Dovud ancha keksaydi. Uni ko‘rpa–to‘shaklar bilan o‘rab tashlashsa ham, hech isimas edi.
2 Shunda a’yonlari Dovudga aytishdi: — Hazrati oliylari uchun yosh, bokira qiz qidirib topsak. O‘sha qiz shohimiz oldida bo‘lsin, parvarish qilsin, shohimizning quchog‘ida yotsin. Ana shunda shoh hazratlari isiydilar.
3 Shunday qilib, butun Isroil hududi bo‘ylab chiroyli, bo‘yi yetgan qizni qidirdilar. Nihoyat, Shunamlik Obisha ismli qizni topib, shoh huzuriga olib kelishdi.
4 Qiz g‘oyatda go‘zal edi. U shohni parvarish qilib, uning xizmatida bo‘ldi. Lekin shoh qizga yaqinlashmadi.
5 Absalom vafot etgandan keyin, Dovudning Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo ismli o‘g‘li “Men shoh bo‘laman”, deb o‘zini juda katta tutadigan bo‘lib qoldi. U o‘ziga jang aravalari, chavandozlar va ellikta qo‘riqchi oldi.
6 Otasi esa “Nima uchun sen bunday qilyapsan?” deb hech qachon uni tergamadi. Odoniyo Absalomdan keyingisi bo‘lib, juda chiroyli yigit edi.
7 U Zeruya o‘g‘li Yo‘ab va ruhoniy Abuatarga maslahat soldi. Ikkovi ham Odoniyo tarafiga o‘tdilar.
8 Lekin ruhoniy Zodo‘x, Yohayido o‘g‘li Binayo, payg‘ambar Natan, Shimax, Rey va Dovudning qo‘riqchilari Odoniyo tomonga o‘tmadilar.
9 Odoniyo En–Ro‘g‘ol bulog‘i bo‘yidagi Zo‘xalat toshi yonida qo‘y, buqa va boqilgan buzoqlarni qurbonlik qilib, hamma aka–ukalarini — shoh o‘g‘illarini, shohga qarashli barcha Yahudo a’yonlarini taklif qildi.
10 Payg‘ambar Natanni, Binayoni, shohning qo‘riqchilarini, ukasi Sulaymonni esa taklif qilmadi.
11 Shundan so‘ng Natan Sulaymonning onasi Botshevaga dedi: — Xaggitdan tug‘ilgan Odoniyo o‘zini–o‘zi shoh qilganini, Dovud hazratlari esa bu ahvoldan bexabar ekanini eshitmadingmi?
12 Endi men senga shunday maslahat beraman: Sen o‘zingning va o‘g‘ling Sulaymonning hayotini qutqar.
13 Shoh Dovud saroyiga borib, uning huzuriga kirgin. Shohga shunday deb ayt: “Shoh hazratlari bu cho‘risiga, mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi, deb va’da bermaganmidilar?! Nimaga endi Odoniyo shoh bo‘lib qoldi?”
14 Sen u yerda shoh bilan suhbatni davom ettirayotganingda, men orqangdan kirib, sening gapingni qo‘llab–quvvatlayman.
15 Botsheva borib, shoh Dovudning xonasiga kirdi: shoh juda munkillab qolgan, Shunamlik Obisha esa uning xizmatini qilayotgan edi.
16 Botsheva shohga egilib ta’zim qildi. — Tila tilagingni, — dedi shoh.
17 Botsheva unga dedi: — Shoh hazratlari! Bu cho‘ringizga o‘z Egangiz Xudo nomi bilan ont ichib “Mendan keyin o‘g‘ling Sulaymon shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edingiz–ku.
18 Endi esa Odoniyo shoh bo‘lib qolibdi. Shoh hazratlari esa bu haqda hech narsa bilmaydilar.
19 U bir talay buqa, boqilgan buzoq va qo‘ylar so‘yib, shohimizning hamma o‘g‘illarini, ruhoniy Abuatarni, lashkarboshi Yo‘abni taklif qilibdi. Qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmabdi.
20 Shoh hazratlari! Jamiki Isroil xalqining ko‘zlari sizga qadalgan, o‘zingizdan keyin taxtga kim o‘tirishini siz e’lon qilishingizni kutishyapti.
21 Aks holda shoh hazratlari olamdan o‘tib, ota–bobolari yoniga ketganlarida, men va o‘g‘lim Sulaymon xiyonatkorday bo‘lib qolamiz.
22 Botsheva shoh bilan gaplashayotganda, payg‘ambar Natan kelib qoldi.
23 Shunda shohga: “Payg‘ambar Natan shu yerdalar, sizni ko‘rmoqchilar”, deb xabar berishdi. Natan shoh huzuriga kirdi–yu, yer o‘pib unga ta’zim qildi.
24 Keyin u shohga dedi: — Shoh hazratlari! Siz “Mendan keyin Odoniyo shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb aytgan edingizmi?
25 U bugun chiqiboq bir talay buqa, boqilgan buzoq, qo‘ylar so‘yib, shohning hamma o‘g‘illarini, qo‘shiningizning lashkarboshilarini va ruhoniy Abuatarni taklif qildi. Hammalari Odoniyoning huzurida yeb–ichib o‘tirishibdi, “Yashasin shoh Odoniyo!” deb baqirishyapti.
26 Men, qulingizni, ruhoniy Zodo‘xni va Yohayido o‘g‘li Binayoni, qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmadi.
27 Bularning hammasi shoh hazratlarining xohishiga ko‘ra bo‘ldimi? Shoh hazratlari o‘zlaridan keyin taxtga kim o‘tirishi haqida biz, qullariga nega ayon qilmadilar?
28 Shunda Dovud “Botshevani menga chaqiringlar!” — dedi. Botsheva kirib, shoh qarshisida turdi.
30 Shoh ont ichib aytdi: — Meni har qanday balolardan doimo saqlab kelgan Xudoyim shohid! Men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan ont ichib, senga “O‘g‘ling Sulaymon mendan keyin shoh bo‘ladi, mendan keyin taxtga u o‘tiradi”, deb va’da bergan edim. O‘sha ontimni bugun ado etaman.
31 Botsheva yer o‘pib, shohga ta’zim qildi: — Shohimiz Dovud hazratlari dunyo turguncha tursinlar!
32 — Ruhoniy Zodo‘xni, payg‘ambar Natanni, Yohayido o‘g‘li Binayoni mening huzurimga taklif qilinglar! — dedi shoh Dovud. Ular shoh huzuriga kirib keldilar.
33 Shundan so‘ng shoh ularga: — Yoningizga shohingizning qo‘riqchilarini olinglar, — dedi. — O‘g‘lim Sulaymonni mening xachirimga o‘tqazib, Gixo‘n bulog‘iga olib boringlar.
34 U yerda ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Sulaymonning boshiga moy surtib, uni Isroil shohi qilsinlar. Keyin burg‘u chalib, baland ovoz bilan: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb aytinglar.
35 So‘ng uning orqasidan qaytib kelinglar. U kelgach, mening taxtimga o‘tirsin, mening o‘rnimga shoh bo‘lsin. Men uni Isroil va Yahudoning hukmdori qilib tayinladim.
36 Binayo shohga qarata: — Omin! Shohimiz hazratlarining Xudosi — Egamizning amri ham shunday bo‘lsin! — dedi.
37 — Egamiz doim shoh hazratlari bilan bo‘lgan edi. Bundan keyin U Sulaymonga yor bo‘lsin, Sulaymonning taxtini shohimiz Dovud hazratlari taxtidan ham yuksak qilsin.
38 Ruhoniy Zodo‘x, payg‘ambar Natan, Yohayido o‘g‘li Binayo, shohning Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilari Sulaymonni shoh Dovudning xachiriga o‘tqazib jo‘nadilar. Nihoyat, uni Gixo‘n bulog‘iga olib keldilar.
39 Ruhoniy Zodo‘x chodirdan olib kelgan moy solingan qo‘chqor shoxini olib chiqdi va Sulaymonning boshiga moy surtdi. Keyin burg‘u chaldilar. Shunda butun xalq: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb qichqirdi.
40 Xalq Sulaymonga ergashib, nay chalib, o‘yin–kulgi qilib ketdi. Xalqning qiyqirig‘idan go‘yo yer titrab ketdi.
41 Odoniyo va hamma taklif qilinganlar taomni yeb bo‘lar–bo‘lmas, shovqin–suronni eshitib qoldilar. Yo‘ab burg‘u ovozini eshitib: “Nimaga bunchalik shovqin? Shaharni larzaga keltiradi–ya”, — dedi.
42 U gapini tugatmagan ham ediki, ruhoniy Abuatarning o‘g‘li Yo‘natan kirib keldi. — Kel, — dedi Odoniyo unga, — sen ulug‘ odamsan, yaxshi xabar olib kelyapsan–ov.
43 — Yo‘q, shohimiz Dovud hazratlari Sulaymonni shoh qilib ko‘tardilar, — deb javob berdi Yo‘natan.
44 — Shoh Dovud u bilan birga ruhoniy Zodo‘xni va payg‘ambar Natanni, Binayoni, o‘zining Xaretlik va Palatlik qo‘riqchilarini yubordi. Ular Sulaymonni shohning xachiriga o‘tqazishdi.
45 Ruhoniy Zodo‘x va payg‘ambar Natan Gixo‘n bulog‘ida Sulaymonning boshiga moy surtib, shoh qildilar. U yerdan shod–xurram bo‘lib qaytib kelishdi. Shuning uchun shahar ola–g‘ovur bo‘lib qoldi. Sizlar eshitayotgan shovqin–suronning boisi shudir.
46 Sulaymon shohlik taxtiga o‘tiribdi.
47 Shohning a’yonlari Dovud hazratlarini tabriklash uchun kelib shunday deyishdi: “Sulaymonning nomini Xudoyingiz sizning nomingizdan ham ko‘proq ulug‘lasin, uning taxtini sizning taxtingizdan ham yuksaltirsin.” Shoh esa to‘shagida yotganicha Xudoga sajda qilib,
48 bunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bugun ko‘zlarim ochiqligida zurriyotimdan bittasini taxtga o‘tqazdi.”
49 Odoniyoning mehmonlari qo‘rquv ichida o‘rinlaridan turib, hammasi har yoqqa tarqalib ketdilar.
50 Odoniyo ham Sulaymondan qo‘rqqanidan o‘rnidan turdi–yu, qochib borib, qurbongohning burchagidan mahkam ushlab oldi.
51 Sulaymonga shu xabarni olib keldilar: “Odoniyo shoh Sulaymondan qo‘rqyapti, u qurbongohning burchagini mahkam ushlab olib, Sulaymon, bu qulimni o‘ldirmayman, deb oldin menga so‘z bersin, deyapti.”
52 — Agar u menga sodiq bo‘lsa, — dedi Sulaymon, — birorta tukiga zarar yetmaydi. Bordi–yu, ko‘nglida yomonlik bo‘lsa, boshini olaman.
53 Shoh Sulaymon odam yuborib, Odoniyoni qurbongohdan oldirib keldi. Odoniyo kelib, shoh Sulaymonga ta’zim qildi. Shundan so‘ng Sulaymon: “Bor, uyingga jo‘na!” — dedi unga.