Kirish
Mazkur maktub muallifi havoriy Pavlusdir. Pavlus bu maktubini qamoqda bo‘lgan paytda* Kolosa shahridagi imonlilar jamoatiga yozgan. Bu shahar hozirgi Turkiya hududida, Efes shahrining sharqida joylashgan edi. Kolosadagi imonlilar jamoatiga Pavlus emas, balki Epafras ismli masihiy yetakchi asos solgan edi. Maktubda Pavlus Epafrasning ismini bir necha marta tilga olgan. Maktub yozilgan paytda Epafras Pavlus bilan birga edi.
Ushbu maktubda asosiy urg‘u Iso Masihga berilgan. Pavlus Masihning shaxsiyati va U bergan najotning to‘liqligi haqida so‘z yuritadi, insoniy falsafaning puchligini ko‘rsatadi. Muallif Masihni ulug‘laydi, Uni turli tarzda: ko‘rinmas Xudoning surati, dunyo yaratilmasdan oldin mavjud bo‘lgan va butun borliqni asrab turgan Zot, jamoatning Boshi, ilohiy komillik namoyandasi, butun borliqni Xudo bilan yarashtirgan Najotkor, deb ta’riflaydi. Pavlus Kolosalik imonlilarni Masihga umid bog‘lashga, Xudo bilan birlikda, Unga bo‘ysungan holda yashashga chaqiradi.
Pavlusning maqsadi Kolosa jamoatidagi yolg‘on ta’limotni fosh etish edi. U Kolosadagi imonlilarni ogohlantirib, diniy rasm–rusumlardan ehtiyot bo‘linglar, najot topish uchun o‘zingizni qiynoq–azoblarga solmanglar, quruq safsatalardan qochinglar, farishtalarga sajda qilmanglar, deb nasihat qiladi. Najot topish uchun Masihga ishonishning o‘zi kifoya ekanligini o‘rgatadi.
Maktub so‘ngida muallif masihiylarga nasihatlar va ko‘rsatmalar beradi. Xudoning sevgisi ularning kundalik hayotida, chunonchi, er–xotin munosabatlarida, ota–ona va farzandlar, xo‘jayin va qul munosabatlarida aks etishi kerakligini ta’kidlaydi.
1–BOB - Kolosaliklarga maktub
1.Salom 3.Shukrona ibodati 24.Pavlus — Jamoat xizmatkori
1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihninghavoriysi bo‘lgan men — Pavlus hamda birodarim Timo‘tiydan
2 Kolosa shahridagi Xudoning azizlari, Masihga tegishli bo‘lgan sodiq birodarlarimizga salom! Otamiz Xudo sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin!
3 Sizlar uchun ibodat qilganimizda biz har doim Xudoga, Rabbimiz Iso Masihning Otasiga shukr aytamiz.
4 Chunki Iso Masihga bo‘lgan imoningiz va Xudoning barcha azizlariga ko‘rsatayotgan sevgingiz haqida biz eshitdik.
5 Xudo sizlar uchun jannatda shodlik tayyorlab qo‘yganiga umid bog‘ladingiz. Imoningiz va sevgingiz mana shu umidingizga asoslangan. Xushxabar, ya’ni haqiqat so‘zi sizlarga yetib kelganda bu umid haqida eshitdingiz.
6 Bu Xushxabar butun dunyo bo‘ylab samara keltirib, yoyilmoqda. Xushxabarni eshitib, Xudo inoyatining haqiqiy ma’nosini tushunib yetgan kuningizdan beri sizlarning orangizda ham Xushxabar samara bermoqda.
7 Sizlar bu Xushxabarni bizning aziz hamkorimiz Epafrasdan eshitdingiz. U sizlar uchun sadoqat bilan Masihga xizmat qilyapti.
8 Muqaddas Ruh sizlarga ato qilgan mehr–muhabbat haqida u bizga aytib berdi.
9 Shu sababdan sizlar haqingizda eshitgan kunimizdan beri sizlar uchun ibodat qilishni kanda qilmayapmiz. Xudoning Ruhi beradigan donolik va aql–idrok orqali Uning irodasini to‘liq anglab yeting, deb ibodat qilyapmiz.
10 Shunda sizlar Rabbimiz Isoga munosib hayot kechirib, har jihatdan Uni xursand qilasizlar. Qilgan har bir yaxshiligingiz samara keltiradi va sizlar Xudoni yanada chuqurroq tushunib bilasizlar.
11 Xudo O‘zining buyuk qudrati bilan sizlarni kuch–qudratga to‘ldirib, har qanday vaziyatda sizlarga sabr–toqat va bardosh bersin.
12 Xudo O‘zining aziz xalqiga va’da qilgan nurdan bahramand bo‘lishni sizlarga loyiq ko‘rgani uchun quvonch bilan osmondagi Otamizga shukrona ayting.
13 U bizni zulmat hukmronligidan qutqarib, sevikli O‘g‘lining Shohligiga qabul qildi.
14 O‘z O‘g‘li orqali bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi.
15 Ko‘rinmas Xudoning surati Masihdir, U butun borliqning to‘ng‘ichidir.
16 Xudo butun borliqni Masih orqali yaratgan. Yeru ko‘kdagi bor mavjudot, Ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan har bir narsa, G‘ayritabiiy kuchlar, taxtu saltanatlar, Bularning hammasi Masih orqali, Uning O‘zi uchun yaratilgandir.
17 Masih butun borliqdan oldin mavjud edi, Butun borliq U tufayli mustahkam turibdi.
18 Masih jamoatning boshidir, Jamoat Masihning tanasidir. Hamma narsaning ibtidosi Masihdir, U hammadan ustun bo‘lishi uchun Birinchi bo‘lib o‘likdan tiriltirilgan.
19 Butun komillikni Xudo Isoda jo qilishni ma’qul ko‘rdi.
20 Yeru ko‘kdagi borliq mavjudotni Masih orqali Xudo O‘zi bilan yarashtirib, Masihning xochda to‘kilgan qoni orqali Ular bilan tinchlik o‘rnatdi.
21 Sizlar ham bir vaqtlar Xudoga dushman edingizlar. Fikru zikringiz Xudodan uzoq bo‘lib, yomon ishlar qilardingizlar.
22 Masihning jismoniy tanadagi o‘limi orqali Xudo sizlarni O‘zi bilan yarashtirdi. Endi sizlar Xudoning oldida muqaddas, benuqson va aybsiz turasizlar.
23 Shunday ekan, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turishingiz kerak. Sizlar Xushxabarni eshitib, umidga ega bo‘ldingiz. O‘sha umidingizni yo‘qotmang. Bu Xushxabar yer yuzidagi butun jonzotga e’lon qilindi. Men — Pavlus o‘sha Xushxabarning xizmatchisiman.
24 Men sizlar uchun azob chekayotganimdan xursandman. Chunki shu yo‘l bilan men ham Masihning O‘z tanasi, ya’ni jamoat uchun chekayotgan azoblarida qatnashyapman.
25 Xudoning xabarini sizlarga to‘liq e’lon qilishim uchun U meni jamoatning xizmatchisi qilib tayinladi.
26 Bu Xushxabar asrlaru nasllar davomida sir tutilgan edi, endi esa u Xudoning azizlariga oshkor qilindi.
27 Masih orqali hamma xalqlar ham boy ulug‘vorlikka yetishishlarini barchamizga ko‘rsatishni istadi. Bu sirning mohiyati shudir: Masih, ya’ni ulug‘vorlikka yetishish umidi sizlarning orangizdadir.
28 Har biringiz Masih tanasining yetuk a’zosi sifatida Xudoning oldida turishingiz uchun biz hammani ogohlantirib, donolik bilan ta’lim berib, Masih haqida o‘rgatyapmiz.
29 Men ham ana shu maqsadda jon-jahdim bilan xizmat qilar ekanman, menga kuchli ta’sir qilayotgan Masihning qudratiga suyanaman.