Kirish
“Voiz” kitobi inson hayotining maqsadi va mohiyati haqida chuqur o‘ylagan donishmand Voizning{1} fikrlaridan iborat. An’anaga ko‘ra, Voiz — shoh Sulaymondir, deb aytishadi. Hayotining asosiy qismini ortda qoldirgan Voiz o‘z boshidan kechirganlariga nazar tashlab, dunyo haqida fikr yuritadi. Uning o‘zi hayot va o‘lim chegarasida edi. O‘limning ortiga hech kim nazar tashlay olmaydi. Voizning nazarida dunyo inson tushunmaydigan, boshqalarga tushuntirish qiyin bo‘lgan masalalarga to‘ladir.
Voiz o‘z tushunchasi bo‘yicha insonlarni va ularning qobiliyatlarini o‘rganib chiqadi. U inson donoligining, hatto xudojo‘y inson donoligining ham chegaralari bor, degan xulosaga keladi. Bu donolik bilan inson Xudoning buyuk maqsadlarini tushuna olmaydi, hayotning ma’nosini bila olmaydi, tagiga yetolmaydi.
Voiz dunyoga nazar tashlar ekan, inson goh u narsaning, goh bu narsaning orqasidan quvganini ko‘rdi. Dunyoni o‘ziga bo‘ysundirib, uning sirlarini bila olishi, dunyodagi eng muhim qonun–qoidalarni o‘zgartirishiyu o‘zini chegaralab qo‘ygan to‘siqlardan o‘ta olishi, o‘z taqdirini hal qila olishi mumkinday, inson mehnat qilishdan horimaydi. Voiz insonning o‘z orzu–umidlarini ro‘yobga chiqarishga bekorga intilayotganini ko‘rdi, lekin bu orzu–umidlar ham Voizning nazarida “behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan.”
Voizning imoni unga Xudo tayinlagan hamma narsani qabul qilishni o‘rgatdi. Barcha narsalarni Xudo o‘z maqsadiga ko‘ra joylagan, ularning hammasini, hatto insonning kamchiliklarini ham Xudo belgilagan. Shuning uchun inson sabr–toqatli bo‘lib, Xudo bergan hayotdan zavqlanishi kerak. Inson o‘z qobiliyatlarining chegaralanganini tan olishi kerak. U o‘z oldiga bajarib bo‘lmaydigan rejalar qo‘yib, qayg‘ularini orttirmasligi kerak. Ammo eng muhimi Voizning xulosasidir: “Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar, Xudo hukm qiladi.” (12:13-14)
{1} Voiz — o‘zbekchada bu so‘z ko‘pchilikka qarata ibratli voqealarni, hikmatlarni aytib, ta’sir o‘tkaza oladigan bilimdon, donishmand odamga nisbatan ishlatilgan. Shubhasiz, keng omma orasida bunday odamlar katta obro‘–e’tiborga sazovor bo‘lganlar. Yana 1:1 izohiga qarang.
1–BOB - Voiz
Hayot behudadir