1 Sulaymonning boshqa hikmatlari.
Sulaymonning hikmatlari 25 bob
1 Quyidagilar ham Sulaymonning hikmatlaridir. Bu hikmatlar Yahudo shohi Hizqiyoning odamlari tomonidan yozib olingan.
2 Sirli qilish — Xudoning shuhrati, ishlarni tekshirib bilish esa shoh sharafidir.
3 Osmon baland, dengiz chuqur, shohning yuragi ham shunday, uni tushunish qiyin.
4 Kumushdan chiqindini olib tashla, o‘shanda yaxshi idish qoladi.
5 Fosiqni shoh oldidan chiqarib tashla, shunda shohning taxti haqiqat bilan mustahkam bo‘ladi.
6 Shohning oldida o‘zingni yuqori qo‘yma, ulug‘ odamlar turganda to‘riga chiqma.
7 Chunki o‘zing ko‘rib turgan amirlar oldida birov seni poygakka tushirgandan ko‘ra, “To‘riga o‘ting” degani yaxshiroq.
8 Shoshilib arz qilma, oxirida qo‘shnilarning oldida uyalib qolsang nima bo‘ladi?
9 Qo‘shningning o‘zi bilan gaplash, sirni boshqalarga ochma.
10 Bo‘lmasa, eshitganlar seni uyatga qo‘yadi, noming bir umrga yomon bo‘ladi.
11 O‘z o‘rnida aytilgan so‘z tilla uzukka qo‘yilgan yoqut ko‘zdaydir.
12 Dononing tanbehi tinglagan quloqqa tilla sirg‘a va oltin bezakdaydir.
13 Sadoqatli xabarchi uni yuborganlarga o‘rim paytidagi qordaydir, xo‘jayinining qalbini sevintiradi.
14 Qilmagan sovg‘asi bilan maqtanadigan odam yomg‘irsiz bulut va shamol kabidir.
15 Sabr–toqat bilan gapirilsa amaldor ham ko‘nadi, muloyim so‘z esa toshni ham sindiradi.
16 Asal topsang, yetarlicha yegin, ortiqchasi qayt qildiradi.
17 Qo‘shningnikiga hadeb kiraverma, bo‘lmasa sendan bezib, yomon ko‘rib qoladi.
18 O‘zgaga qarshi soxta guvohlik bergan odam bolta, qilich, o‘tkir o‘qqa o‘xshaydi.
19 Tashvishli kunda vafosizga suyanish, singan tish va cho‘loq oyoqqa ishonish kabidir.
20 G‘amgin odam oldida qo‘shiq aytish ayozda ust–boshini yechib tashlaganday, jarohatga sirka surtish kabidir.
21 Dushmaning och bo‘lsa, ovqat ber, chanqagan bo‘lsa, suv ichir.
22 Shunda uning boshiga yonayotgan cho‘g‘ yiqqanday bo‘lasan, Egamiz esa seni taqdirlaydi.
23 Shimoldan esadigan shamol jala, g‘iybat esa g‘azab keltiradi.
24 Keng uyda urishqoq xotin bilan yashashdan ko‘ra, chordoqda yashagan yaxshiroq.
25 Uzoq yurtdan kelgan xushxabar charchagan odamga sovuq suv kabidir.
26 Fosiqqa bosh eggan solih loyqalangan buloq va buzilgan quduqdaydir.
27 Ko‘p asal yeyish yaxshi emas, izzattalab bo‘lish ham hurmat keltirmaydi.
28 O‘zini tuta olmaydigan odam devorsiz vayrona shahar kabidir.