Kirish
“Sulaymonning hikmatlari” kitobi maqol, matallar shaklidagi axloqiy va diniy ta’limotlardan iborat. Ularning ko‘plari kundalik hayotda uchraydigan muammolar haqida so‘z yuritadi. Bu kitob “Egamizdan qo‘rqish ilmu ma’rifatning boshidir” degan nasihat bilan boshlanadi va faqatgina diniy ishlar emas, balki yaxshi axloq va aql bilan qilish lozim bo‘lgan ishlar haqida gapiradi. Qadimgi Isroil muallimlarining bu matallarda dono kishi ma’lum bir vaziyatda nima qilishi lozimligi haqida bergan maslahatlari ularning donoligini ko‘rsatadi. Bu hikmatlarning ba’zilari oila va oiladan tashqaridagi munosabatlar, qanday qilib ish bajarish haqida, yana ba’zilari esa jamiyatdagi munosabatlar va o‘zini tuta bilish haqidadir. Bu kitobda kamtarinlik, sabr–toqat, kambag‘allarni hurmat qilish va do‘stga sodiqlik kabi fazilatlar haqida ko‘p fikrlar aytilgan.
1–BOB - Sulaymonning hikmatlari
Hikmatlarning qadri
1 Isroil shohi Dovud o‘g‘li Sulaymonning Hikmatlari.
2 Bu hikmatlar donolik va nasihatni o‘rgatadi, hikmatli so‘zlarni tushuntiradi,
3 Aqlli ko‘rsatmalarga, to‘g‘rilik, adolat, odillikka ega qiladi,
4 Soddalarga idrok, yoshlarga bilim, fahmu farosat beradi.
5 Donolar tinglab bilimini ko‘paytirsin, idrokli esa yo‘l–yo‘riq olsin.
6 Bu hikmatlar — matallarni, jumboqlarni, dononing so‘zlarini va topishmoqlarini tushunish uchundir.
7 Egamizdan qo‘rqish ilmu ma’rifatning boshidir. Donolik va nasihatdan nafratlangan esa nodondir.
8 O‘g‘lim, otang nasihatlariga quloq sol, onang o‘gitlarini rad etma,
9 Chunki ular boshingga go‘zal gulchambar, bo‘yningga marjondaydir.
10 O‘g‘lim, agar gunohkorlar seni yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, bo‘yin berma.
11 Agar ular: “Kel, bizga qo‘shil, pistirma qo‘yib qon to‘kaylik, aybsizning yo‘lini vajsiz to‘saylik,
12 do‘zaxga o‘xshab uni tiriklayin o‘z qa’rimizga tortaylik, chuqur kabi butunlayin yutib yuboraylik,
13 har xil boyliklarni tortib olib, uyimizni o‘lja bilan to‘ldiraylik,
14 hamma narsa o‘rtada bo‘lsin, hamyonimiz bitta bo‘lsin”, — deb aytsalar,
15 o‘g‘lim, ularning yo‘lidan yurma, bir qadam ham bosma.
16 Chunki ular qon to‘kishga tayyordirlar, oyoqlari yovuzlikka shoshiladi.
17 Qushlarning ko‘zi oldida to‘r qo‘yish foydasizdir.
18 Yovuzlar o‘zlarining qoni to‘kilishini kutadilar, o‘zlarining jonlarini poylaydilar.
19 Ochko‘zlik bilan tortib oladiganlarning ahvoli shu! Ular o‘z hayotiga zomin bo‘ladi.
20 Donolik ko‘chada chaqiradi. Maydonda baland ovoz bilan hayqiradi.
21 Gavjum ko‘chaning boshida, shahar darvozalarida jar soladi.
22 “Ey, nodonlar, qachongacha nodon bo‘lib yuraverasiz?! Siz–chi, mazax qiluvchilar, qachongacha mazax qilishdan zavqlanasiz?! Aqlsizlar, qachongacha ilmu ma’rifatdan nafratlanasiz?!
23 Pand–nasihatlarimga quloq solinglar. Mana, sizlarga ruhimni beraman. So‘zlarimni ochaman.
24 Lekin sizlarni chaqirganimda rad etdingiz, qo‘llarimni uzatganimda, e’tibor bermadingiz.
25 Maslahat, pand–nasihatlarimning hech birini qabul qilmadingiz.
26 Shuning uchun boshingizga falokat kelganda, men ham kulaman. Vahimaga tushganingizda, mazax qilaman.
27 Vahima bo‘ronday, falokat esa to‘fonday kelganda, kulfatu mashaqqatlar boshga tushganda,
28 ular meni chaqiradilar, lekin javob bermayman. Ular meni qidiradilar, izlaydilar, lekin topolmaydilar.
29 Chunki ular ilm–ma’rifatdan nafratlandilar, Egamizdan qo‘rqishni tanlamadilar.
30 Maslahatlarimni, o‘gitlarimni qabul qilmadilar.
31 Shuning uchun o‘z qilmishlarining mevasini yeb, pushaymon bo‘lib qoladilar.
32 Nodonlar yo‘ldan adashib o‘zini o‘ldiradi, aqlsizlarning beg‘amligi esa o‘zlarini halok qiladi.
33 Lekin menga quloq solganlar osoyishta hayot kechiradi, yomonlikning vahimasidan xalos bo‘ladi.”