1 Ijrochilar rahbariga. “O‘g‘ilning o‘limi” kuyiga aytilgan. Dovud sanosi.
2 Butun yuragimdan, ey Egam, Senga shukr aytaman, Barcha ajoyib ishlaringni so‘ylayman.
3 Sen tufayli shodlanib, quvonaman. Qo‘shiq aytib, Seni madh etaman, Ey Xudoyi Taolo!
4 Dushmanlarim chekinib qochganlarida, Qoqilib, nobud bo‘ldi Sening huzuringda.
5 Sen adolat ila hukm qilib taxtga o‘tirding, Meni hukm etib, yuzimni yorug‘ qilding.
6 Xalqlarni Sen vahimaga solding, Qabihlarni qirib tashlading. Ularning nomini bir umrga o‘chirding.
7 Vayronalar ichra dushmanimiz to abad g‘oyib bo‘ldi, Ularning shahrini Sen vayron etding, Ularning xotirasi tamoman o‘chdi.
8 Egamiz esa to abad O‘z taxtida o‘tiradi, U taxtini hukm qilish uchun qurgandir.
9 U olamni adolat bilan boshqaradi, Xalqlarni odilona hukm qiladi.
10 Mazlum uchun Egamiz qal’aday bo‘ladi, Ha, qayg‘uli damlarda U panoh bo‘ladi.
11 Ey Egam, Seni taniydiganlar O‘zingga umid bog‘laydi. Senga yuz burganlarni tark etmaysan.
12 Hamdu sano kuylang Quddusda taxt qurgan Egamizga! Uning ishlarini e’lon qiling xalqlar orasida!
13 Qasoskor Egamiz mazlumlarni yodida tutadi, Jafokashlar faryodini U unutmaydi.
14 Rahm qil menga, ey Egam, qara! Mendan nafratlangan g‘animlarim azob bermoqda! O‘lim og‘zidan meni qaytaradigan Sensan!
15 Shu bois go‘zal Quddus darvozalari oldida Senga hamdu sano aytayin, Menga najot bergan Sensan, Shu bois ham quvonayin.
16 Xalqlar o‘zlari qazigan chuqurga o‘zlari yiqildi, Yashirgan to‘rlariga oyoqlaridan ilindi.
17 Egamiz adolatli hukmi ila O‘zining kimligini ko‘rsatdi. Qabihlar o‘zlari qo‘ygan tuzoqqa ilindi.
18 Qabihlar va Xudoni unutgan jamiki xalqlar O‘liklar diyoriga tushar.
19 Muhtojni Xudo bir umrga unutmas, Bechoraholning umidini to abad yo‘qqa chiqarmas.
20 Qani, ey Egam! Inson zoti g‘olib chiqmasin, Xalqlar huzuringda hukm qilinsin.
21 Ularni qo‘rquvga sol, ey Egam! Xalqlar inson zoti ekanligini bilsin.
22 Nechun, ey Egam, uzoqda turibsan? Qayg‘uli damlarda O‘zingni yashirasan?
23 Takabbur qabihlar bechorani ta’qib qiladi, To‘qigan ig‘volari o‘zlarining boshiga yetsin.
24 Qabihlar yovuz ehtiroslari bilan maqtanadi, Ochko‘zlar Egamizni la’natlaydi, Undan nafratlanadi.
25 Xudoga intilmaydi o‘ziga bino qo‘ygan qabihlar, “Xudo yo‘qdir”, deb doim o‘ylaydi ular.
26 Qabihlar har doim omadga erishadi, Xudoning amrlarini tushunmaydi, Dushmanlarini ular pisand qilmaydi.
27 Ular o‘ylaydilar o‘z ko‘nglida: “Biz hech qachon qoqilmaymiz, Hech qachon kulfatlarga duch kelmaymiz.”
28 Qabihlarning og‘zidan la’nat, hiyla, po‘pisa chiqadi, Ular manfur, jaholat so‘zlarini aytishga mohir.
29 Ular qishloqlarda yashirinib oladi, Begunoh insonni poylab o‘ldiradi. Ko‘zlari ojiz qurbonni qidiradi.
30 Sherga o‘xshab panada kutib turadi, Bechorani ushlayman, deb pisib yotadi, Zaifni o‘z sirtmog‘iga ilintirib, ushlab oladi.
31 Qabihlar o‘z kuchi bilan zaifni yiqitadi, Uni yotqizib, ezg‘ilab tashlaydi.
32 Ular o‘z ko‘ngillarida: “Xudo qilmishlarimizni unutgan, U ko‘zlarini yumib olgan, hech narsani ko‘rmaydi”, — deb o‘ylaydi.
33 Qani, ey Egam! Urgin qabihlarni, Ey Xudo! Unutmagin mazlumlarni!
34 Nechun qabihlar Sendan nafratlanadi? Nechun o‘z ko‘nglida ular: “Xudo Mendan hisob so‘ramaydi”, deb aytadi?
35 Sen esa ko‘rib turasan, Bilib turasan kulfatu azobda qolganlarni. Qo‘llaringni ularga uzatasan, Ojiz o‘zini panohingga topshiradi, Sen yetimga doim yordam bergansan.
36 Qabihlaru yovuzlarning qo‘lini qirqqin, Qilmishlari uchun ulardan hisob so‘ra, Toki ular boshqa yovuzlik qilmasin.
37 Egamiz shohdir to abad, O‘zga xalqlar yo‘q bo‘ladi Uning yurtidan.
38 Ey Egam, mazlumlarning istaklariga quloq solasan, Ularning yuraklariga dalda berasan. Yetimu mazlumning dodini Sen eshitib,
39 Yer yuzida banda ularni vahimaga solmasin, deya Ularga Sen adolat qilasan.