Kirish
“1 Solnomalar” va “2 Solnomalar”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitobdir. Bu kitobni bitta o‘ramga joylashtirishning imkoni bo‘lmagani uchun, kitob ikki qismga — “1 Solnomalar” va “2 Solnomalar”ga bo‘lingan. Garchi ikkala kitobda “Shohlar” kitoblaridagi ko‘p voqealar takrorlansa ham, Isroil tarixi “Shohlar” kitoblaridagiga qaraganda bir oz boshqacharoq nuqtayi nazardan bayon qilinadi.
“2 Solnomalar” kitobi shoh Sulaymonning hukmronligi tarixi bilan boshlanadi. So‘ng miloddan avvalgi 586 yildagi Quddus shahrining qulashigacha Yahudo va Isroil shohliklarida yuz bergan voqealar hikoya qilinadi.
Shoh Sulaymon Isroilning mukammal shohi sifatida shuhrat taratadi. “2 Solnomalar”ning birinchi qismi (1-9–boblar) Sulaymonning hukmronligi davridagi voqealarni bayon qiladi. Xususan, Quddusdagi Ma’badning qurilishi, Xudoga bag‘ishlanishi va u yerdagi sajda qilish boshlangan paytlardagi hodisalarni o‘z ichiga oladi.
Kitobning ikkinchi qismi (10-36–boblar) Isroildagi shimoliy qabilalarning isyoni bilan boshlanadi. Isyon natijasida mamlakat ikkita alohida shohlikka — janubda Yahudo shohligi va shimolda Isroil shohligiga bo‘linadi. Kitobning bu qismida Quddusning qulashi va vayron bo‘lishigacha yuz bergan voqealar bayon qilinadi. Mazkur kitob “3 Shohlar” dan farqli ravishda shimoliy shohlik to‘g‘risida kam ma’lumot beradi. “2 Solnomalar” kitobida yozilishicha, Isroil xalqi Xudodan yuz o‘girib, ko‘p gunoh qilgan. Shuning uchun ularning tarixi bayon qilinishga arzimas edi.
“2 Solnomalar” kitobi, “1 Solnomalar” kitobi singari, Xudoga to‘g‘ri yo‘llar bilan sajda qilish muhimligiga katta e’tibor beradi. Yahudo shohlari Hizqiyo va Yo‘shiyo Xudoga bo‘lgan sadoqati, qonunga itoatkorligi va tatbiq etgan islohotlari tufayli yuksak obro‘ga sazovor shohlar hisoblanadi.
Mazkur kitobda Quddusning vayron bo‘lishi va Yahudo xalqi Bobilga asir qilib olib ketilishi to‘g‘risida ham hikoya qilinadi. Yahudo xalqiga berilgan umid va’dasi kitobga yakun yasaydi. Fors shohi Kurush asirlarga Yahudoga qaytishlari uchun ijozat berib shu so‘zlarni aytadi: “Samoviy Xudo — Egam yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudodagi Quddusda O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi. Egamizning xalqidan bo‘lgan har bir kimsa Yahudoga borsin, Egasi Xudo unga yor bo‘lsin.” (36:23)
1–BOB - Solnomalar (ikkinchi kitob)
Shoh Sulaymon donolik so‘rab ibodat qiladi
1 Dovud o‘g‘li Sulaymon o‘z hokimiyatini mustahkamlab oldi. Egasi Xudo u bilan birga bo‘lib, uni nihoyatda yuksaltirdi.
2 Sulaymon jamiki Isroil xalqini — mingboshilarni, yuzboshilarni, hakamlarni, Isroilning hamma yo‘lboshchilarini va urug‘boshilarini chaqirtirdi.
3 Sulaymon bilan butun jamoa Givondagi sajdagohga yo‘l olishdi. Egamizning quli Muso sahroda qurdirgan Xudoning Uchrashuv chodiri o‘sha davrda Givonda joylashgan edi.
4 Xudoning ahd sandig‘i esa Dovudning tashabbusi bilan Xirat–Yorimdan Quddusga olib kelingan edi, chunki Dovud sandiq uchun Quddusda bir joy tayyorlab, chodir o‘rnatib qo‘ygan edi.
5 Bazalil qurgan bronza qurbongoh esa hanuz Givondagi Egamiz chodirining qarshisida joylashgan edi. Bazalil Urining o‘g‘li va Xurning nevarasi edi. Sulaymon va jamoa qurbongoh oldida Egamizdan Uning xohish–irodasini so‘radilar.
6 So‘ng Sulaymon Egamizning oldida Uchrashuv chodirining qarshisidagi o‘sha bronza qurbongoh ustiga chiqib, mingta qurbonlik kuydirdi.
7 O‘sha kuni kechasi Xudo Sulaymonga zohir bo‘lib, unga: — Tila tilagingni! — dedi.
8 Sulaymon Xudoga aytdi: — Sen otam Dovudga ulug‘ sevgingni ko‘rsatding. Meni uning o‘rniga shoh qilding.
9 Ey Parvardigor Egam! Otam Dovudga bergan va’dang ustidan chiq. Axir, Sen meni yerning qumiday ko‘p bo‘lgan bir xalq ustidan shoh qilding.
10 Bu xalqni boshqara olishim uchun, menga donolik va ilmu ma’rifat bergin. Bo‘lmasa Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila olar?!
11 Xudo Sulaymonga shunday javob berdi: — Sen o‘zing uchun mol–mulk, boylik, shon–shuhrat yoki dushmanlaringning jonini so‘ramading, hatto o‘zingga uzoq umr ham tilamading. Aksincha, Men seni ustidan shoh qilgan xalqimni boshqaray deb, donolik va ilmu ma’rifat so‘raganing uchun
12 donolik va ilmu ma’rifat senga hadya bo‘lsin. Bularga qo‘shimcha qilib senga boylik, mol–mulk va shon–shuhrat beraman, sengacha o‘tgan va sendan keyin bo‘ladigan hech qaysi shoh senga teng kelmaydi.
13 Shundan keyin Sulaymon Givondagi sajdagohda joylashgan Uchrashuv chodiridan Quddusga qaytib ketdi. U Isroil ustidan hukmronlik qila boshladi.
14 Sulaymon jang aravalari va otlarni to‘pladi. Uning 1.400 ta jang aravasi va 12.000 ta oti bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — o‘zining yoniga joylashtirdi.
15 Shoh Quddusda kumushu oltinni oddiy tosh bilan baravar qilib qo‘ydi. Sadr yog‘ochlari esa ko‘pligidan Yahudo qir etaklarida o‘sadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiga tenglashib qoldi.
16 Shohning savdogarlari Misrdan va Quvaydan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvaydan sotib olishardi.
17 Misrdan keltirgan har bir jang arava uchun 600 kumush tanga, har bir ot uchun 150 kumush tanga to‘lashardi. So‘ng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi.