1 Rabbimiz Iso Masihning kelishiga tayyor bo‘ling. 12 Oxirgi yo‘l–yo‘riqlar va salomlar.
Salonikaliklarga birinchi maktub 5 bob
1 Birodarlar, bular qachon, qaysi payt sodir bo‘lishi haqida sizlarga yozishimizning hojati yo‘q.
2 Axir, Rabbimiz Iso, kechasi o‘g‘ri tushganday, nogahon kelishini o‘zingiz bilasiz–ku!
3 Homilador ayolning to‘lg‘oq og‘riqlari kutilmaganda kelganiday, odamlar: “Hammasi tinch, osoyishta”, deb yurganlarida, birdaniga boshlariga halokat tushadi. Ular qochib qutula olmaydilar.
4 Biroq, birodarlar, sizlar zulmatda yurmaysizlarki, bu kun o‘g‘riday, kutilmaganda kelib, sizlarni hayratda qoldirsa!
5 Sizlarning hammangiz yorug‘likda yashaysiz, kunduz kunga tegishlisiz. Biz zulmatga, tunga tegishli emasmiz.
6 Shuning uchun boshqalarga o‘xshab uxlab qolmaylik. Biz uyg‘oq, hushyor bo‘lishimiz kerak.
7 Chunki uxlaydiganlar kechasi uxlaydi, ichkilikka berilganlar ham kechasi ichadi.
8 Biz esa kunduz kunga tegishli ekanmiz, kelinglar, imon va sevgini sovut qilib, boshimizga esa najot umidini dubulg‘a qilib kiyib, hushyor bo‘laylik.
9 Chunki Xudo bizni g‘azabga uchrasin, deb emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot topishimiz uchun tayinladi.
10 Biz tirik bo‘lsak ham, hayotdan ko‘z yumsak ham, U bilan birga yashashimiz uchun Rabbimiz Iso biz uchun o‘ldi.
11 Shuning uchun ham hozir qilayotganingizdek, bundan keyin ham birbiringizga dalda berib, kuch va g‘ayrat bag‘ishlang.
12 Birodarlar, sizlarga iltijo qilamiz. Orangizda ishlab, Rabbimiz Isoning yo‘lida sizlarga yetakchilik qilayotgan, yo‘l–yo‘riq ko‘rsatayotganlarni hurmat qiling.
13 Qilayotgan ishlari uchun muhabbat bilan ularni e’zozlang. Bir– biringiz bilan tinch–totuv yashang.
14 Ey birodarlar, sizlardan o‘tinib so‘raymiz: beboshlarni ogohlantiring, jur’atsizlarga dalda bering, zaiflarga yordam ko‘rsating, hammaga sabr–toqatli bo‘ling.
15 Hech biringiz yomonlikka yomonlik qaytarmang, balki har doim bir–biringizga va hammaga yaxshilik qilishga intiling.
16 Hamisha xursand bo‘lib yuringlar.
17 Tinmay ibodat qilinglar.
18 Har qanday sharoitda ham Xudoga shukr qilinglar, chunki sizlar, ya’ni Iso Masihga imon keltirganlar uchun Xudoning irodasi shudir.
19 Muqaddas Ruhning o‘tini so‘ndirmang.
20 Bashoratlarni kamsitmanglar.
21 Hammasini tekshirib ko‘ringlar. Yaxshilikni mahkam tutib,
22 har qanday yomonlikdan qochinglar.
23 Tinchlik manbayi bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarni butunlay poklasin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va taningiz aybsiz saqlansin.
24 Sizlarni chaqirgan Xudo sadoqatlidir, U har doim O‘z aytganini bajaradi.
25 Birodarlar, biz uchun ibodat qiling.
26 Hamma birodarlar bilan o‘pishib ko‘rishinglar.
27 Rabbimiz nomi bilan sizlarga buyuraman, mana shu xatni barcha birodarlarga o‘qib beringlar.
28 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin.