5 Pavlusning shodligi.
Korinfliklarga ikkinchi maktub 7 bob
1 Ey azizlarim, Xudo bizga shunday ajoyib va’dalar bergan ekan, badanimizni va ruhimizni bulg‘ovchi har qanday narsadan o‘zimizni poklaylik. Xudodan qo‘rqib yashaylik, butunlay Xudo uchun ajratilganligimizni ko‘rsataylik.
2 Bizga bo‘lgan mehringizni ko‘rsating. Biz hech kimga ozor bermadik, hech kimga ziyon keltirmadik, hech qachon o‘zimizning manfaatimizni ko‘zlab, boshqalardan foydalanmadik.
3 Bularni sizga ta’na qilib aytmayapman. Axir, oldin aytganimdek, o‘lamizmi, yashaymizmi, sizlar bizning dilimizdasiz.
4 Sizlarga bemalol, ochiq–oydin gapira olaman, sizlardan juda faxrlanaman. Azob–uqubatlarimiz qanchalik ko‘p bo‘lmasin, dilim tasallidan to‘lib–toshadi, behad xursandman.
5 Hatto Makedoniyaga borganimizdan keyin ham hech xotirjam bo‘la olmadik, aksincha, har tomondan g‘am–g‘ussaga tushdik: sirtdan hujumlar bo‘ldi, ko‘nglimizda esa qo‘rquvlar bor edi.
6 Tushkunlikka tushganlarga tasalli beruvchi Xudo Titusni yonimizga yuborib, bizga tasalli berdi.
7 Biz faqatgina uning kelganidan emas, balki uning sizlardan olgan tasallisi haqida eshitib ham ancha dalda topdik. Sizlar meni qattiq sog‘inayotganingiz, men uchun qayg‘urib, tarafimni olganingiz haqida xabar olib kelganidan juda sevindim.
8 Shu sababdan, maktubim bilan sizlarni xafa qilgan bo‘lsam ham, uni yozganimdan afsuslanmayman. To‘g‘ri, bu maktub sizlarni bir oz muddatga bo‘lsa–da xafa qilganini bilib afsuslandim.
9 Mana endi sevinyapman. Sizlar xafa bo‘lganingizdan xursand emasman, balki bu xafagarchilik sizlarni tavbaga keltirgani uchun sevinyapman. Xudo bu xafagarchilikni yaxshilik uchun ishlatdi, shuning uchun bizdan hech qanday ziyon ko‘rmadingiz, deb ayta olaman.
10 Axir, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik tavba olib keladi, tavba esa najotga yetaklaydi va hech qanday armonu afsusga sabab bo‘lmaydi. Bu dunyo keltiradigan xafagarchilik esa o‘limga olib boradi.
11 Mana qarang, Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik sizlarning hayotingizda qanday samara keltirdi. Endi sizlar menga qarshi emasligingiz ko‘rinib turibdi. O‘sha aybdor bo‘lgan insondan g‘azablanyapsiz, unga hamtovoq bo‘lib qolishdan qo‘rqasiz. Meni ko‘rishga intizorsiz. Aybdorni jazolashga tayyorsiz. Mana shularning hammasi sizlarning bu masalada pok ekanligingizni isbotlamoqda.
12 Men bu maktubni ayb ish qilgan inson va ayb ish tufayli ranjigan inson haqi yozmadim. Asosiy maqsad, Xudoning oldida sizlarning menga qanchalik bag‘ishlangan ekanligingizni sizlarga ko‘rsatish edi.
13 Shuning uchun biz ancha tasalli topdik. Bundan tashqari, Titusning xursandchiligi bizni yanada quvontirdi, chunki sizlar uning ruhini ko‘taribsizlar.
14 Men unga sizlarni maqtagan edim, sizlar meni uyatga qoldirmabsizlar. Sizlarga aytganlarimiz to‘g‘ri bo‘lgani kabi, maqtanib Titusga aytganlarim ham to‘g‘ri ekanligi isbotlandi.
15 U sizlarning itoatkorligingizni, uni hurmat– ehtirom bilan kutib olganingizni eslar ekan, uning sizlarga bo‘lgan muhabbati yanada oshib bormoqda.
16 Sizlarga to‘liq ishona olganimdan juda xursandman.