Kirish
Mazkur kitob Zakariyo payg‘ambarning bashoratlaridan iboratdir. Bu bashoratlarni payg‘ambar miloddan avvalgi 520-518 yillarda aytgan, deb hisoblanadi. Yahudo yurti u paytda Midiya–Fors shohligining kichik bir qismi edi, xolos. Quddus xalqining juda ko‘p muammolari bor edi. Yahudo xalqida esa hatto Dovud urug‘idan kelib chiqqan shoh ham yo‘q edi. Ular Ma’badni qayta qurishni boshlagan edilar. Ammo qayta qurilayotgan bu yangi Ma’bad hech qachon birinchi Ma’badday ulug‘ bo‘la olmasdi.
Bu kitobning birinchi qismida (1-8–boblar) payg‘ambar Zakariyoga Xudo sakkizta vahiy bergani haqida yozilgan. Bu vahiylar xalqning muammolarini yechishga yordam berish uchun yuborilgan edi.
Vahiylarning ma’nosi quyidagilardan iborat edi. Kelajakda shunday bir kun bo‘ladi–ki, Quddusda yana Xudo tanlagan shoh hukmdorlik qiladi. Hamma xalqlar Xudoga qaytib, Uning xalqi bo‘lishadi. Ammo Xudo hozircha Zarubabel degan odamni hokim, Yoshuani esa oliy ruhoniy qilib tanlagan. Ular Xudo xalqining yo‘lboshchilari bo‘lishlari kerak edi.
Bu kitobning ikkinchi qismida (9-11–boblar) Xudo, Yahudo yurtining atrofidagi xalqlarni va Yahudo yo‘lboshchilarini vafosizliklari uchun jazolayman, deb va’da beradi.
Uchinchi qismda (12-14–boblar) esa Xudo payg‘ambar Zakariyoga uzoq kelajakda bo‘ladigan voqealar, Quddus va Yahudoga boshqa xalqlar tomonidan hujum bo‘ladigan vaqt haqida vahiy beradi. Bu vahiylarda aytilishicha, Yahudo xalqining ko‘pchiligi o‘ldiriladi, lekin Xudoning O‘zi kelib, O‘z xalqini qutqaradi. Vahiylarga ko‘ra, Yahudo xalqi Xudoga qaytadi va Xudo O‘z xalqini kechiradi. Quddus atrofidagi tog‘lar tekislanadi. Ammo Quddus baland tog‘ ustida turaveradi. Quddus shahri tog‘ning atrofidagi yerlar ustidan ularga qarab turadi. Quddusdan hayotbaxsh irmoqlar oqib chiqadi. Butun yer yuzidagi xalqlar Xudoga sajda qilishadi.
Xudo, kelajakda yana O‘z xalqimga shoh tanlayman, deb va’da bergan. Xudo Isoni o‘sha shoh qilib tanlaganini ko‘rsatish niyatida, Yangi ahdga kiritilgan kitoblarning mualliflari Matto va Yuhanno Zakariyo kitobining 9–bobidagi 9–oyatni o‘z kitoblariga kiritishgan:
“Xursand bo‘lib, quvoning,
Ey Quddus xalqi!
Shodlik–la hayqiring,
Ey Sion xalqi!
Mana shohingiz kelyapti.
U zafar qozongan g‘olibdir.
Shunga qaramay,
Kamtarindir shohingiz,
U eshakning ustida,
Ha, eshakning bolasini —
ho‘tikni minib kelyapti.”
1–BOB - Zakariyo
Egamiz xalqini O‘ziga qaytishga undaydi
1 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, sakkizinchi oyida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi.
2 Egamiz unga quyidagi xabarni xalqqa yetkazishni buyurdi: Egamiz ota–bobolaringizdan qattiq g‘azablangan edi. Endi Sarvari Olam shunday aytmoqda:
3 — Menga qaytinglar, — demoqda Sarvari Olam. — Shunda Men ham sizlarga qaytaman, — deydi Sarvari Olam.
4 Ota–bobolaringizga o‘xshagan bo‘lmanglar. Oldingi payg‘ambarlar Sarvari Olam nomidan ularni shunday deb ogohlantirishgan: — Yomon yo‘ldan va qabih qilmishlaringizdan qaytinglar. Sarvari Olam shunday demoqda: — Garchi Men ota–bobolaringizni ogohlantirgan bo‘lsam–da, ular Mening so‘zlarimga e’tibor bermadilar, Menga quloq solmadilar.
5 Qani endi o‘sha ota–bobolaringiz?! Qani, o‘sha payg‘ambarlar, ular abadiy yashaydilarmi?!
6 O‘z qullarim payg‘ambarlar orqali aytgan so‘zlarim, ogohlantirishlarim ota–bobolaringizning boshiga tushdi–ku! Shunda ular tavba qilib: “Sarvari Olam O‘zi rejalashtirganday, yurgan yo‘llarimiz va qilmishlarimizga yarasha bizni jazoladi”, deb aytishdi.
7 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, o‘n birinchi oy — Shebat oyining yigirma to‘rtinchi kunida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz yana O‘z so‘zini ayon qildi. Zakariyo quyidagi vahiylarni ko‘rdi:
8 Kechasi men qizil ot mingan Egamizning farishtasini ko‘rdim. U kichik jarlikda mirta butalar orasida to‘htab turardi. Uning orqasida esa qizil, jigarrang va oq otlarda o‘tirgan chavandozlar turardi.
9 Boshqa bir farishta men bilan gaplashayotgan edi. Men undan: — Ey to‘ram, bu chavandozlar kim bo‘ldi? — deb so‘radim. U shunday dedi: — Ularning kimligini senga ko‘rsataman.
10 Shunda mirta butalar orasidagi farishta javob berib dedi: — Egamiz ularni, butun yer yuzini kezib chiqsin, deb yuborgan.
11 Keyin chavandozlar mirta butalar orasidagi Egamizning farishtasiga dedilar: — Biz butun yer yuzini aylanib chiqdik, butun dunyo tinch ekan.
12 Shunda Egamizning farishtasi shunday deb yolvordi: — Ey Sarvari Olam, qachongacha Quddus va Yahudo shaharlaridan o‘z mehr–shafqatingni darig‘ tutasan?! Axir, yetmish yildan beri ulardan g‘azabdasan!
13 Shunda Egamiz men bilan gaplashgan farishtaga mehribon va tasalli beruvchi so‘zlar bilan javob berdi.
14 O‘sha farishta odamlarga quyidagi habarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Men Quddus va Sionni juda rashk qilaman.
15 O‘z xalqimdan ozgina jahlim chiqqan edi, mana bu xalqlar esa ularning boshiga tushgan kulfatni yanada ko‘paytirishdi. Endi mana shu tinch yashayotgan xalqlardan g‘azabdaman.
16 Shuning uchun Egamiz aytmoqda: — Men Quddusga mehr–shafqat ko‘rsatay, deb qaytdim. Mening uyim o‘sha yerda quriladi, Quddus qaytadan qurilishi uchun o‘lchanadi. Sarvari Olamning kalomi shudir.
17 Farishta yana shunday so‘zlarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam demoqda: — Mening shaharlarimda yana to‘kin–sochinlik bo‘ladi. Men Quddus aholisini yana bir bor yupataman, Sionni, O‘z shahrim, deb yana aytaman.
18 Men tepaga qarab, to‘rtta shox ko‘rdim.
19 Men bilan gaplashgan farishtadan: — Bular nima? — deb so‘radim. U menga dedi: — Bu shoxlar Yahudo, Isroil va Quddus xalqlarini sochib tashlagan hukmdorlarni bildiradi.
20 Shundan keyin Egamiz menga to‘rtta temirchini ko‘rsatdi.
21 Men yana: — Bu temirchilar nima qilgani kelishyapti? — deb so‘radim. U shunday deb javob berdi: — Boshqa hech kim bosh ko‘tarmasin, deb to‘rtta shox Yahudo xalqini sochib tashlagandi. Endi temirchilar o‘sha shoxlarni qo‘rquvga solishga kelishyapti. O‘zga xalqlar Yahudo yurtini o‘z shoxlari bilan suzgandi. Yurtning xalqini sochib yuborgandi. Endi temirchilar mana shu xalqlarning shoxlarini kesib tashlash uchun kelishyapti.