Kirish
Mixo payg‘ambar kichkina bir qishloqda tug‘ilgan. U miloddan avvalgi taxminan 750-686 yillarda Yahudo yurtida payg‘ambarlik qilgan. Ishayo payg‘ambarning zamondoshi bo‘lgan bu payg‘ambar o‘z kitobida Isroil poytaxti Samariya va Yahudo poytaxti Quddus haqida bashorat qiladi. Mazkur poytaxtlarning amaldorlari va boylari butun xalqni yo‘ldan ozdirib, begona xudolarga sajda qilishga o‘rgatishadi. Bundan tashqari, firibgarlik qilib, kambag‘allarni talon–taroj qilishadi. Shu sabablarga ko‘ra, Isroil va Yahudo xalqlarini Xudo jazolamoqchi bo‘ladi.
Ammo kelajakda Isroil va Yahudo xalqlari yana haq Xudoga sajda qilishadi. O‘sha vaqt kelganda, hamma joyda osoyishtalik bo‘ladi. Xudo O‘zi tanlagan shoh bilan birgalikda xalqqa cho‘ponlik qiladi:
“Egamiz hukm qiladi ko‘p xalqlarning orasida,
Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida.
Qilichlarini aylantirishadi omochga,
Nayzalarini esa tok qaychilariga.
Qilich ko‘tarmas bir–biriga xalqlar,
Hech qachon jang qilmaydi ular.
Orom olar har kim o‘z uzumzorida,
O‘tirar har kim o‘z anjirzorida,
Biror kimsa ularga tahdid solmaydi.
Buni Sarvari Olamning O‘zi aytdi!” (4:3-4)
1–BOB - Mixo
Samariya va Quddus hukm qilinadi
1 Yahudo shohlari Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Egamiz Mo‘rashatlik Mixo payg‘ambarga O‘z so‘zini ayon qilib turdi. Samariya va Quddus haqida Egamiz aytgan bu so‘zlar Mixo payg‘ambarga vahiy orqali ayon bo‘ldi.
2 Quloq tuting, ey xalqlar! Quloq soling, yer yuzida yashovchilar! Egamiz Rabbiy sizlarga qarshi guvohlik beradi. MuqaddasMa’badidanRabbiy gapiradi.
3 Ana, Egamiz O‘z maskanidan chiqyapti, Tog‘ cho‘qqilarini bosib kelyapti.
4 Uning oyog‘i ostida eriydi tog‘lar, Yorilib ketadi daralar. Tog‘lar olovda erigan mum kabi bo‘ladi, Tepalikdan oqib tushgan suvday to‘kiladi.
5 Yoqub nasli itoatsizlik qilgani uchun, Isroil gunohga botib ketgani uchun, Bu voqealar sodir bo‘ladi. Yoqub nasli orasida itoatsizlik qilgan kim? Poytaxt shahar Samariya emasmi?! Butparastlar uyasi Yahudoning qayerida joylashgan? Quddusning naq o‘zida emasmi?!
6 Egamiz shunday deydi: “Men Samariyani yo‘q qilaman. Uni tok ekiladigan joyga, Ochiq maydondagi bir uyum toshga aylantiraman. Shahar toshlarini vodiyga yumalataman, Uning poydevorlarini ochib tashlayman.
7 Samariyaning butlari parcha–parcha bo‘ladi, Barcha sanamlari sindirib, yondiriladi. Fahsh yo‘li bilan kelgan butlarning qimmatbaho bezaklari O‘zga yurt fohishalariga to‘lov qilib beriladi.”
8 Bunday musibatdan yig‘lab, faryod qilaman, Yalang‘och, oyoq yalang yuraman, Chiyabo‘riday uvullab fig‘on chekaman, Bo‘ta kabi bo‘zlab yig‘layman.
9 Axir, davo yo‘q Samariyaning yarasiga, Yopishdi Yahudoga ham u yara, Xalqim darvozasi — Quddusga yuqdi.
10 Gat aholisiga buni hasrat qilmang, Ular oldida ko‘z yoshingizni to‘kmang! Bayt–Lafroga borib, U yerda qayg‘udan tuproqqa yumalang!
11 Ey Shofir ahli, Siz asirlikka ketasiz, Yalang‘och, sharmanda bo‘lib borasiz. Zanon xalqi tashqariga chiqishga jur’at etmaydi. Bayt–Ezel ahli motam tutadi, Endi ular sizga panoh bermaydi.
12 Moro‘t aholisi madad kutgan edi, Ammo Egamiz falokat yubordi. Bu falokat hatto Quddus darvozalariga yetdi.
13 Ey Laxish ahli, Otlaringizni aravalarga qo‘shing! Siz itoatsiz Isroil xalqiga taqlid qildingiz, Quddus ahlini ilk bor gunohga boshladingiz!
14 Shunday ekan, ey Yahudo xalqi, Endi Mo‘rashat shahri bilan xayrlashavering, Esdalik sovg‘alaringizni ularga taqdim qiling. Attang, Axsib ahli Isroil shohlariga pand berdi, Bera olmaydigan yordamni ularga va’da qildi.
15 Ey Morisho ahli, Egamiz ustingizga bir bosqinchini yuboradi. Isroil yo‘lboshchilari Adullamga qochib borishadi.
16 Suyukli farzandlaringizni deb Sochingizni oldiring. Kalxatlar kabi siyqa bosh bo‘ling, Axir, bolalaringiz surgun qilinadi.