3 Payg‘ambarning vazifasi. 9 Samariyaning qismati.
Amos 3 bob
1 Ey Isroil xalqi, Egamizning so‘zlariga quloq soling. U Misrdan olib chiqqan butun xalqingizga shunday deb aytmoqda:
2 “Yer yuzidagi barcha xalqlar orasidan Yolg‘iz sizlarni tanlab olgan edim. Shu sababdan ham gunohlaringizga toqat qila olmayman, Qilgan hamma gunohlaringiz uchun sizlarni jazolayman.”
3 Ikki kishi kelishib olgandan keyingina birga yo‘lga tushadi.
4 Sher qurbonini ko‘zlab qo‘ysagina, o‘rmonda o‘kiradi, Shervachcha o‘ljasini ushlasagina, uyasida irillaydi.
5 Tuzoqqa yemish qo‘yilsagina, qush sirtmoqqa tushadi, Tuzoqqa hech narsa ilinmasa, sirtmoq tortilmaydi.
6 Xo‘sh, shaharda burg‘u chalinsa, kim sarosimaga tushmaydi?! Egamizning irodasisiz hech bir kulfat shaharga kelmaydi.
7 Darhaqiqat, Egamiz Rabbiy O‘z sirini payg‘ambarlariga ayon qiladi, Sirini o‘sha xizmatkorlariga ayon qilmay turib, U hech narsa qilmaydi.
8 Ana, sher o‘kirdi! Kim qo‘rqmaydi?! Ana, Egamiz Rabbiy gapirdi! Kim bashorat qilmaydi?!
9 Ashdod qal’alarida e’lon qiling, Misr qal’alarida shunday deb jar soling: “Samariya atrofidagi qirlarda to‘planing, U yerdagi avjga chiqqan g‘alayonni bir ko‘ring, Zo‘ravonlikning guvohi bo‘ling.”
10 Egamiz shunday demoqda: “Samariyaliklar qal’alarini harom boylikka to‘ldirdilar, To‘g‘rilik nimaligini ular bilmaydilar.”
11 Shu sababdan Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Dushman Samariyani qurshovga oladi, Istehkomlarini vayron qiladi, Samariya qal’alari talon–taroj bo‘ladi.”
12 Egamiz shunday demoqda: “Arslonning og‘zidan qo‘zichoqni tortib olmoqchi bo‘lgan cho‘pon, qo‘zichoqning ikki tuyog‘ini yoki qulog‘ining bir parchasini tortib oladi, xolos. Shu singari, Samariyada istiqomat qiluvchi Isroil xalqidan ayrimlarigina omon qoladi, ular bor– yo‘g‘i kursisining bir parchasiga, to‘shagining bir qismigagina ega bo‘ladi.”
13 Parvardigori Olam — Egamiz Rabbiy demoqda: “Gapimni eshiting! Yoqub xonadoniga qarshi guvohlik bering!
14 Men Isroil xalqini qilgan gunohi uchun jazolayman, O‘sha kuni Baytil qurbongohlarini vayron qilaman. Qurbongohning shoxlari kesilib, yerga tushib yotadi.
15 Men qishki va yozgi saroylarni buzib tashlayman, Fil suyagi bilan bezatilgan koshonalarni vayron qilaman, Barcha hashamatli uylarni yo‘q qilaman.” Egamizning kalomi shudir.