Kirish
Mazkur kitob Xo‘sheya payg‘ambarning nomi bilan atalgan. Xo‘sheya payg‘ambar Amos payg‘ambardan keyin va’z qilgan. Uning faoliyati shimoliy Isroil shohligining qulashidan avvalgi davrga to‘g‘ri keladi. Isroil shohligi miloddan oldingi 721 yilda qulagan.
Kitobning birinchi uch bobida Xo‘sheyaning oilaviy hayoti tasvirlangan. Xo‘sheyaning oilasi u Isroil yurtida va’z qilgan xabarning jonli surati edi. Xudo xalqi Isroilning bevafoligini namoyon qilmoqchi bo‘lib, Xo‘sheyaga: “Fohisha ayolga uylan”, — deb amr qilgan. Xo‘sheya fohisha ayoldan uch farzand ko‘rdi. Xo‘sheyaning farzandlariga Xudo Isroil xalqining jazolanishini eslatib turadigan ismlarni qo‘ydi. Xudo Xo‘sheyaga: “Bevafo xotiningni sevgin”, — deb amr qilgandi, chunki bu sevgi Xudoning bevafo Isroil xalqiga bo‘lgan abadiy sevgisining timsoli edi.
Kitobning qolgan qismida Xudoning Isroil xalqi bilan tuzgan ahdiga alohida e’tibor berilgan. Bu ahdga ko‘ra, Xudo va Isroil xalqi bir–biriga sadoqatli, vafodor bo‘lishlari kerak edi. Xudo doimo ahd shartlarini bajarib kelgan, Isroil xalqi esa har safar ahd shartlarini buzgan. Ular Xudoning yordamiga inonmay, lashkarining kuchi va boshqa yurtlarning yordami bilan o‘zlarini himoya qilmoqchi bo‘lganlar. Bundan tashqari, butlarga sig‘inib, yaxshi hosil yig‘ib olamiz, qo‘y–mollarimiz ko‘payadi, deb umidini butlarga bog‘laganlar.
Isroil va Yahudo xalqlari bilan Xudo da’volashardi, ularni ahdni buzishda ayblardi. Ular qilgan gunohlari uchun jazosini tortishardi.
Ularning gunohlariga qaramay, Xudo O‘z xalqini sevgandi. Shuning uchun Xudo ularni kechirib, ularga baraka berishini va’da qildi. Xudoning bu va’dasi Isroil xalqi vafodor bo‘lishni o‘rgangandan keyin amalga oshadi.
1–BOB - Xo‘sheya
1 Yahudo yurtida shohlar Uzziyo, Yo‘tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Isroil taxtida Yo‘sh o‘g‘li Yorubom o‘tirgan edi. O‘sha vaqt mobaynida Beri o‘g‘li Xo‘sheyaga Egamiz O‘z so‘zlarini ayon qildi.
2 Egamiz dastlab Xo‘sheya orqali gapirishni boshlaganda, unga shunday degan edi: “Borib fohisha ayolga uylan, u senga begona erkaklardan orttirgan farzandlar tug‘ib beradi. Zotan, Mening xalqim ham fohishaga o‘xshaydi. Ular Menga bevafolik qilib, begona xudolarga sajda qilishmoqda.”
3 Xo‘sheya Diblayim qizi Go‘meraga uylandi. Go‘mera homilador bo‘lib, Xo‘sheyaga o‘g‘il tug‘ib berdi.
4 Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Yizril qo‘y. Chunki ko‘p o‘tmay Men Yohu xonadonini Yizril vodiysida qon to‘kkani uchun jazolayman. Isroil shohligini yo‘q qilaman.
5 O‘sha kuni Men Yizril vodiysida Isroilning kamonu o‘qlarini sindiraman.”
6 Go‘mera yana homilador bo‘lib, qiz tug‘di. Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “Qizingning ismini Lo‘ruxamo, ya’ni ‘Rahmdan bebahra’, deb qo‘y. Chunki bundan buyon Men Isroil xonadoniga rahm qilmayman, ularni kechirmayman.
7 Yahudo xonadoniga esa rahm qilaman. Men, Egasi Xudo, ularga najot beraman. Qilichu kamon, jang–jadal, otlaru chavandozlar bilan emas, O‘z qudratim bilan ularni qutqaraman.”
8 Go‘mera qizini ko‘krakdan chiqargach, yana homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘di.
9 Egamiz Xo‘sheyaga dedi: “O‘g‘lingning ismini Lo‘ami, ya’ni ‘Xalqim emas’, deb qo‘y. Chunki Isroil xalqi endi Mening xalqim emas, Men esa ularning Xudosi emasman.
10 Ammo shunday vaqtlar keladiki, Isroil xalqi dengizdagi qum kabi bo‘ladi, ularni na sanab, na o‘lchab bo‘ladi. Ularga: ‘Xalqim emas’, deb aytilgan bo‘lsa, kelajakda ular: ‘Barhayot Xudoning bolalari’, deb ataladi.
11 Yahudo va Isroil xalqlari qayta birlashadilar. Ular o‘zlariga bir yo‘lboshchi tanlaydilar. O‘z yurtida tup qo‘yib palak otadilar. Ha, Yizrilning kuni ulug‘ bir kun bo‘ladi.”