1 Xudo odami Musoning ibodati.
2 Ey Rabbiy, nasllar osha Sen panohimiz bo‘lgan eding.
3 Tog‘lar hali paydo bo‘lmasdan oldin, Yeru olamni yaratmasingdan oldin, Abadulabad Sen Xudosan.
4 Sen insonni tuproqqa qaytarasan, “Qaytinglar, ey bandalar tuproqqa”, deb aytasan.
5 Ming yil Sening nazaringda bir kundaydir, Qisqa bir tun vaqtidaydir.
6 Sen odamlarni supurib tashlaysan, Ular go‘yo tushga o‘xshaydi. Ular tongda ungan yangi maysa kabidir. Tongda maysa yangidan o‘sib chiqsa ham Oqshomda so‘lib, xazon bo‘ladi.
7 Sening g‘azabingdan biz tugadik, Qahringdan biz vahimaga tushdik.
8 Gunohlarimizni Sen oldingga keltirding, Yashirin gunohlarimizni nurlaring yoritib turadi.
9 Kunlarimiz Sening g‘azabing ostida o‘tadi, Yillarimiz bir oh kabi tez nihoyasiga yetadi.
10 Kunlarimiz yetmish yil ekan, Agar bardam bo‘lsak, sakson yil ekan. Eng ajoyib yillar zahmat, jafo bilan kecharkan, Umrimiz tez o‘tar, o‘zimiz uchib ketarmiz.
11 Sening g‘azabing qudratini kim bila olar?! Qahring, O‘zingga loyiq qo‘rquv kabi buyukdir.
12 Umrimiz kunlarini sanashni bizga o‘rgatgin, Toki biz dono qalbga ega bo‘laylik.
13 Kel, ey Egam! Qachongacha kutamiz?! O‘z qullaringga shafqat qilgin!
14 Saharda sodiq sevging bilan bizni qondirgin, Umrimiz bo‘yi qo‘shiq aytib, xursand bo‘laylik.
15 Kulfatlar ko‘rdik ko‘p kunlar, Bizni mahzun etganding qancha yillar, O‘sha kunlar evaziga bizni xursand qil.
16 Biz, O‘z qullaringga qudratli ishlaring ko‘rinsin, Bizning naslimiz ulug‘vorligingni ko‘rsin.
17 Ey Rabbimiz Xudo, lutf–karaming bizga yor bo‘lsin, Ishlarimizga omad bergin, Ha, ishlarimizga baraka bergin!