1 Ijrochilar rahbariga. “Nilufar” kuyiga aytilgan. Ko‘rax naslining qasidasi. To‘y qo‘shig‘i.
2 Shohimga she’rlarimni bag‘ishlayman, Yuragimdan go‘zal so‘zlar to‘kiladi, Tilim mohir kotib qalamiga o‘xshaydi.
3 Ey shohim! Insonlar orasida juda chiroylisan. Xudo senga to abad baraka bergani uchun Lablaringdan latif so‘zlar yog‘iladi.
4 Ey qudratli shoh, belingga bog‘la qilichingni, Hashamatu ulug‘vorliging bilan zohir bo‘lgin.
5 Ulug‘vorlik bilan olg‘a bos! Haqiqat, kamtarlik, adolat uchun g‘alaba qil! O‘ng qo‘ling qo‘rqinchli ishlar ko‘rsatsin.
6 G‘animlaringning yuragini O‘tkir o‘qlaring teshib o‘tadi. Xalqlar oyog‘ing ostiga yiqiladi.
7 Xudo bergan taxting abadiydir, Adolat hassasi shohliging hassasidir.
8 Sen solihlikni sevasan, qabihlikdan nafrat etasan. Shu bois Xudo seni do‘stlaringdan ustun qildi, Ha, Xudoying shodlik moyini senga surtdi.
9 Libosingdan mirra, sabur, dolchinning Xushbo‘y hidlari ufurar. Fil suyagi bilan bezatilgan saroylarda Cholg‘u navolari seni shod qilar.
10 Shoh qizlari izzatli xonimlaring orasidadir, Ofir oltiniga bezangan malika o‘ng qo‘lingda o‘tirar.
11 Tingla, ey qiz, quloq solib, o‘ylagin, Xalqing, otang xonadonin unutgin.
12 Jamolingga shoh maftun bo‘lgandir, Ta’zim qil unga, u xo‘jayiningdir.
13 Tir xalqi hadyalar olib keladi, Boylar sendan marhamat istaydi.
14 Saroyda malika naqadar go‘zal! Liboslari oltin bilan bezatilgan.
15 Naqshli libosida uni shoh huzuriga olib kelishadi, Ortidan qizlar, uning dugonalari ergashib keladi.
16 Ular shod–xurramlik ichra keladi, Shohning saroyiga ular kirib keladi.
17 Ey shohim, o‘g‘illaring olgaylar otalaring o‘rnini, Butun yurtda shahzodalar qilgaysan sen ularni.
18 Qo‘shig‘im tufayli noming nasllar osha yashar, Shu bois xalqlar seni to abad madh etarlar.