Kirish
Zabur kitobi ruhiy she’rlarning majmuidir. Ularni ba’zan qo‘shiq qilib, ba’zan esa yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ibodat sifatida aytishgan. Kitob 150 sanodan iborat bo‘lib, ko‘p sanolarning muallifi shoh Dovud hisoblanadi. Sanolar uzoq zamonlar davomida to‘plangan. Bu sanolar Isroil xalqining Xudoga sajda qilishida muhim bir o‘ringa ega bo‘lib qoldi.
Sanolarning ba’zilarida musiqa yo‘lboshchisiga qaysi musiqa asboblaridan foydalanish va sanoni qanday kuy jo‘rligida aytish kerakligi haqida yozilgan. Masalan, 4–sano va 45–sanoga karashimiz mumkin.
Muqaddas Kitob tarkibidagi ko‘p kitoblarning bosh g‘oyasi sanolarda o‘z aksini topadi. Bu g‘oyalar — hamdu sano, shukronalik, imon, umid–ishonch, gunoh uchun qayg‘u, Xudoning sodiqligi va madadi. Hamma sanolarning tub mag‘zida Xudoga qattiq ishonch, Unga nisbatan izzat–hurmat yotadi. Sanolarning ijodkorlari Xudoning marhamatlari uchun Uni hamdu sano aytadilarmi yo qiyinchilik paytlarida shikoyat qiladilarmi, ular sanolarida doimo chin his–tuyg‘ularini ifodalaydilar.
Qadimgi Isroilda sanolar xilma–xil holatlarda ishlatilgan:
104–sanodagi singari, Xudoga hamdu sano aytish uchun,
12–sanodagi singari, qayg‘u–g‘amlarni ifodalash uchun,
1–sanodagi singari, ruhiy haqiqatlarni o‘rgatish uchun,
71–sanodagi singari, Isroil shohini izzat–hurmat qilish va uning hukmronligi davrida adolat hukm surishi uchun ibodat qilish uchun,
46–sanodagi singari, jamiki borliq ustidan hukmron bo‘lgan Xudoning qudratini e’tirof etish uchun,
121–sanodagi singari, Quddusga bo‘lgan sevgini ko‘rsatish uchun,
125–sanodagi singari, bayramlarni nishonlash uchun.
Albatta ko‘p sanolar bittadan ortiq maqsadda foydalanilgan.
Iso Masih va’z qilganda va ta’lim berganda sanolardan foydalangan. Yangi Ahd mualliflari ham sanolarning ba’zilarini o‘z yozuvlariga qayd etib o‘tganlar. Ilk masihiylar sajda qilganlarida, ta’lim berganlarida, Iso Masih orqali Xudo nimalar qilgani to‘g‘risida xushxabarni boshqalarga hikoya qilib berganlarida ham sanolardan foydalanganlar. Masalan, Iso Masih to‘g‘risida ma’lumot berish uchun 117–sanoning bir oyati Yangi Ahdda olti marta keltirilgan:
“Binokorlar rad etgan tosh
Binoning tamal toshi bo‘ldi.” (117:22)
1–SANO - Zabur