1 Biz uchun ibodat qilinglar. 6 Ishlagan tishlaydi. 16 Xotima.
Salonikaliklarga ikkinchi maktub 3 bob
1 Ey birodarlar, xatimiz ham nihoyasiga yetib qoldi. Biz uchun ibodat qilinglar, xuddi sizlarning orangizda bo‘lgani kabi Rabbimiz Iso haqidagi Xushxabar tarqalaversin va izzat–hurmat bilan qabul qilinsin.
2 Xudo bizni yovuz va yomon odamlardan qutqarishi uchun ham ibodat qilinglar, chunki hamma ham imonli emas.
3 Ammo Rabbimiz Iso sadoqatlidir. U sizlarni kuchga to‘ldirib, yovuz shaytondan himoya qiladi.
4 Siz haqingizda Rabbimiz bizda ishonch hosil qildi. Biz aminmizki, buyurganlarimizni bajaryapsizlar va bajarishda davom etasizlar.
5 Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Unga sodiq bo‘lishga va Xudoni sevishga yo‘naltirsin.
6 Birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: dangasalik qilayotgan, biz bergan ta’limotlarga ko‘ra yashamayotgan birodarlardan uzoqroq yuring.
7 Bizdan qanday o‘rnak olishingiz kerakligini o‘zingiz bilasiz. Sizlarning orangizda bo‘lganimizda dangasalik qilmadik.
8 Birovning nonini bekorga yemadik. Aksincha boshqalarga og‘irligimiz tushmasin deb, kechayu kunduz ishladik. Mashaqqat bilan mehnat qildik.
9 Albatta, sizlardan biror narsa talab qilishga haqimiz yo‘qligi uchun emas, balki sizlarga namuna bo‘lish uchun shunday qildik.
10 Axir, sizlar bilan bo‘lganimizda: “Ishlamagan tishlamaydi!” deb aytgandik–ku!
11 Eshitishimizcha, ba’zi birlaringiz yalqovlik qilayotgan ekansiz. Boshqalarning ishlariga aralashishdan boshqa narsani bilmas emishsiz.
12 Mana shunday odamlarga Iso Masih nomi bilan buyurib aytamizki, tinchgina o‘z ishlaringiz bilan mashg‘ul bo‘ling, nonni peshana teringiz bilan topib yeng.
13 Sizlar esa, birodarlar, hech qachon yaxshilik qilishdan charchamanglar.
14 Ushbu xatimizdagi yo‘l–yo‘riqlarga quloq solmaganlarni ko‘z ostingizga oling. Bunday odamni uyaltirish uchun u bilan aloqada bo‘lmang.
15 Uni dushman hisoblamang, balki birodar sifatida ogohlantiring.
16 Tinchlik manbayi bo‘lgan Rabbimiz Isoning O‘zi sizlarga har doim va har yo‘sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo‘lsin.
17 Men, Pavlus mana shu salomni o‘z qo‘lim bilan yozyapman. Har bir yozgan maktubimning o‘ziga xos belgisi shudir.
18 Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo‘lsin!