Kirish
Salonikadagi jamoatda Masihning kelishi haqidagi mavzu hali ham notinchliklar kelib chiqarayotgan edi. Pavlus Salonikaliklarga yozgan bu ikkinchi maktubida, Masihning keladigan kuni yetib keldi, degan gaplarni muhokama qiladi. Bu fikrni to‘g‘irlab, Pavlus, Masih kelishidan oldin, sirli bir “qabih odam”, deb atalgan kishi kelishi kerakligini aytadi. Iso Masihga qarshi chiqadigan mana shu odam kelganda, uning boshchiligida yovuzlik va fosiqlik uchiga chiqadi.
Pavlus Salonikalik imonlilarni qiyinchilik va azob–uqubatlarga qaramay, imonda mahkam turishga undaydi. Pavlusning o‘ziga hamda uning hamkorlariga o‘xshab ishlashga, yaxshilik qilishda davom etishga dalda beradi.
Pavlus maktubni quyidagi duo bilan yakunlaydi: “Tinchlik manbayi bo‘lgan Rabbimiz Isoning O‘zi sizlarga har doim va har yo‘sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo‘lsin.” (3:16)
1–BOB - Salonikaliklarga ikkinchi maktub
Duoyi salom
1 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Sila va Timo‘tiydan salom!
2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
3 Birodarlar, biz doim sizlar uchun Xudoga shukr qilishimiz kerak. Shunday qilishimiz juda o‘rinli, chunki sizlarning imoningiz kundan kunga o‘sib boryapti, bir–biringizga va boshqa hammaga mehr–muhabbatingiz oshyapti.
4 Shuning uchun biz Xudoning jamoatlari oldida sizlar bilan faxrlanamiz. Axir, sizlar quvg‘inlaru azob–uqubatlarga sabr–toqat va imon bilan bardosh beryapsiz.
5 Mana shularning hammasi Xudoning hukmi odil ekanligidan dalolatdir. Chunki sizlar Xudoning Shohligiga loyiq, deb topilasiz. Hozir mana shu Shohlik uchun azob chekyapsiz.
6 Xudo odildir, sizlarni azoblaganlarga U azob beradi.
7 Azob chekayotgan sizlarga esa biz bilan birga tinchligini ato qiladi. Bularning hammasi Rabbimiz Iso O‘zining qudratli farishtalari bilan, lovullab turgan alanga ichida, ko‘kdan zohir bo‘lganda ro‘y beradi.
8 Xudoni rad etganlarni va O‘zining Xushxabarga quloq solmaganlarni Iso Masih jazolaydi.
9 O‘sha odamlar Rabbimiz Isoning huzuri va qudratli ulug‘vorligidan ayrilib, abadiy halokat jazosini oladilar.
10 O‘sha kuni Rabbimizni Uning muqaddas xalqi ulug‘laydi. Unga ishongan hamma odamlar Uni madh qiladi. Sizlar ham o‘sha insonlarning qatoriga kirasiz, chunki biz aytgan xabarga sizlar ishondingiz.
11 Shuning uchun, Xudoyimiz sizni O‘z chaqirig‘iga loyiq deb topsin, O‘z qudrati bilan sizlarning barcha yaxshi niyatlaringizni ro‘yobga chiqarsin, imon bilan qilgan ishlaringizni amalga oshirsin, deb biz doim sizlar uchun ibodat qilamiz.
12 Rabbimiz Isoning nomi orangizda ulug‘lansin, sizlar esa Xudoyimiz va Rabbimiz Iso Masih inoyati bilan U orqali ulug‘laninglar, deya ibodat qilamiz.