Kirish
Mazkur maktubning muallifi Iso Masihning shogirdi Yuhannodir. U bu maktubdan tashqari “Yuhanno bayon etgan Xushxabar”, “Yuhannoning ikkinchi maktubi”, “Yuhannoning uchinchi maktubi” va “Vahiy” kitoblarini yozgan.
Uning bu maktubni yozishdan maqsadi —insonlarni haqiqiy Hayotga, ya’ni Iso Masihga umid bog‘lab yashashga chorlash va imonlilarni soxta payg‘ambarlarning yolg‘on ta’limoti haqida ogohlantirish edi.
Soxta payg‘ambarlarning ta’limotiga ko‘ra, moddiy dunyo bilan bo‘lgan har qanday aloqa yomonlikni keltirib chiqarar emish. Soxta payg‘ambarlar jismoniy tanani ham moddiyat tufayli bulg‘angan deb bilganlari uchun, Xudoning O‘g‘li inson bo‘lib kelmagan, deb aytishgan. Ularning nazarida ruhiy hayot bilan moddiy dunyo orasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q, shuning uchun najot topgan odam dunyo tashvishlaridan holi, mehr–oqibat va odob–axloq qoidalariga e’tibor bermasdan yashashi kerak ekan.
Yuhanno bu soxta ta’limotni fosh etib, Iso Masih haqiqiy inson bo‘lganini ta’kidlaydi, shu bilan bir qatorda Isoni va Xudoni sevgan hamma odamlar bir–biriga mehr–muhabbat ko‘rsatishlari kerakligini aytadi.
1–BOB - Yuhannoning birinchi maktubi
Muqaddima: Hayot kalomi
1 Boshidan ayon bo‘lgan Hayot kalomi haqida biz sizlarga xabar bermoqchimiz. Ko‘rib eshitganlarimizni, ha, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, o‘z qo‘llarimiz bilan paypaslab ko‘rganlarimizni sizlarga ma’lum qilmoqchimiz.
2 Otamiz Xudoning huzurida bo‘lgan Hayot bizga oshkor bo‘ldi! Biz bu abadiy Hayotni ko‘rib, endi U haqda sizlarga shohidlik qilyapmiz.
3 Ko‘rgan–eshitganlarimizni ma’lum qilish orqali sizlar bilan birodar bo‘lib yashamoqchimiz. Zero, o‘zimiz ham Otamiz Xudo va Uning O‘g‘li Iso Masih bilan yashayapmiz.
4 Bularni sizlarga qalbimiz shodlikka to‘lishi uchun yozyapmiz.
5 Biz Iso Masihdan eshitib, sizlarga yetkazayotgan Xushxabarimiz shundan iborat: Xudo — nur, Unda hech qanday zulmat yo‘q.
6 Agar biz Xudo bilan yashayapmiz deb turib, oldingiday zulmatda yashasak, yolg‘on gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan bo‘lamiz.
7 Bordi–yu, Xudo singari nurda yashasak, biz birodarlarimiz bilan uyg‘unlikda yashaymiz va Xudo O‘z O‘g‘li Isoning qoni orqali bizni har qanday gunohdan poklaydi.
8 Agar gunohimiz yo‘q desak, o‘zimizni o‘zimiz aldagan bo‘lamiz va bizda haqiqat bo‘lmaydi.
9 Bordi–yu, gunohlarimizni e’tirof etsak, sodiq va adolatli bo‘lgan Xudo gunohlarimizni kechirib, bizni har qanday yomonlikdan forig‘ qiladi.
10 Agar gunoh qilganimiz yo‘q desak, Xudoni yolg‘onchiga chiqargan bo‘lamiz. Demak, Uning kalomi qalbimizdan joy olmagan bo‘ladi.