Kirish
Mazkur maktub muallifi Iso Masihning shogirdi havoriy Butrusdir. Butrus ushbu maktubini Rim imperiyasiga qarashli to‘rtta viloyatda* yashagan, jamiyat tomonidan ayovsiz ta’qib qilingan masihiylarga yozgan. Birinchi asrda masihiy bo‘lish degani, albatta, quvg‘inlarga duchor bo‘lib, har xil azoblarga bardosh berib yashash degani edi.
Muallif o‘z maktubida o‘sha imonlilarga dalda va tasalli beradi. Quvg‘inlarga qaramay, ularni imonda sobit turishga undaydi. U Xudoning mehribonligi haqida so‘z yuritadi. Iso Masihning o‘limi va tirilishi tufayli masihiylar bebaho umidga sazovor bo‘lganlari haqida bayon qiladi. So‘ng ular jamiyatda o‘zlarini qanday tutishlari kerakligini aytadi, Rabbimiz haqi davlat rahbariga va boshliqlarga bo‘ysunish kerakligini ularga uqtiradi. Muallif imonlilarning butun e’tiborini Masihga qaratadi, Uning boshdan kechirgan azoblari haqida so‘z yuritar ekan, imonlilarni Masihdan ibrat olishga, yomonlikka yomonlik qaytarmay, hammani duo qilishga chaqiradi.
1–BOB - Butrusning birinchi maktubi
1.Duoyi salom 3.Masihdagi umidimiz 13.Xudoga manzur bo‘lgan hayot kechiringlar
1 Iso Masihninghavoriysi men — Butrusdan Xudoning tanlangan xalqiga salom! Ey Xudoning aziz xalqi, sizlar bu dunyoda musofir bo‘lib yashayapsizlar, Pontus, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga tarqalib ketgansizlar,
2 ammo Otamiz Xudo azalda qaror qilib, sizlarni tanladi. Sizlar Iso Masihga itoat etishingiz va Uning to‘kilgan qoni orqali poklanishingiz uchun Xudo qudratli Ruhi bilan sizlarni O‘ziga ajratib oldi. Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin.
3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo‘lsin! U bizga behad rahm–shafqat ko‘rsatib, yangi hayot berdi. Iso Masih o‘likdan tirilib, barhayot bo‘lgani uchun endi bizning umidimiz bor.
4 Shu bois biz Xudo O‘z xalqiga atagan qut–barakaga ko‘z tikkanmiz. Ha, samoda saqlanayotgan bu abadiy, so‘lmas, beg‘ubor baraka sizlarni kutmoqda.
5 Oxirzamonda oshkora bo‘ladigan najotdan bahramand bo‘lishingiz uchun, Xudo O‘z qudrati bilan sizlarni omon saqlaydi. Imoningiz tufayli U sizlarni qo‘riqlaydi.
6 Shuning uchun xursand bo‘linglar! Hozir turli sinovlar tufayli qisqa vaqt qiynalayotgan bo‘lsangiz ham, quvoninglar.
7 Chunki sinovlar imoningizning samimiy ekanligini isbotlash uchun kerakdir. Hatto yo‘q bo‘lib ketadigan oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Sizning imoningiz esa oltindan ming barobar qadrliroqdir. Sinovdan o‘tgan imoningiz Iso Masih oxiratda kelganda sizlarga maqtov va shon–sharaf keltiradi.
8 Sizlar Masihni ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, Uni yaxshi ko‘rasizlar. Hozir ham Masihni ko‘rmay turib, Unga ishonyapsizlar, qalbingiz so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan ajoyib bir quvonchga to‘la.
9 Axir, imoningiz tufayli jonlaringiz najot topadi.
10 Payg‘ambarlar izlanib, bu najotni chuqur o‘rganganlar. Sizlarga beriladigan Xudoning inoyati haqida karomat qilganlar.
11 Ularning qalblarida Masihning Ruhi bor edi. Bu Ruh ularga Masihning chekadigan azob–uqubatlari va azoblar ketidan keladigan ulug‘vorligi haqida oldindan ma’lum qilgan edi. Bu voqealar qachon va qay tarzda yuz berishini payg‘ambarlar bilmoqchi bo‘lar edilar.
12 Aslida ularning bu izlanishlari o‘z manfaati uchun emas, balki sizlarning manfaatingiz uchun qilinganini Xudo ularga ayon etdi. Payg‘ambarlar e’lon qilgan najot haqidagi Xushxabar sizning davringizda amalga oshdi. Bu Xushxabarni sizlarga osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhning qudratiga to‘lgan odamlar bayon etishdi. Hatto farishtalar ham bu najotning qay tarzda amalga oshishini intizorlik bilan kutayotgan edilar.
13 Shuning uchun es–hushingizni yig‘ib olinglar, hushyor bo‘linglar. Butun umidingizni Xudoning inoyatiga bog‘langlar. Axir, Iso Masih oxiratda kelganda Xudo sizlarga inoyat ko‘rsatib, najot beradi.
14 Xudoga itoatkor farzandlar bo‘linglar, oldingi g‘aflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qul bo‘lib qolmanglar.
15 Aksincha, butun yurish–turishingizda muqaddas bo‘linglar, zero, sizlarni da’vat etgan Xudo muqaddasdir.
16 Axir, Xudoning O‘zi: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman”, deb aytgan.
17 Sizlar Xudoga iltijo qilib, Uni Ota deb ataysizlar. Ammo esingizda tutinglar, Xudo yuz–xotirchilik qilmaydi, U har bir kishini qilgan ishiga yarasha taqdirlaydi yoki jazolaydi. Shunday ekan, bu dunyodagi musofirchilik davringizda Xudodan qo‘rqib yashanglar.
18 Zotan, sizlar ota–bobolaringizdan o‘rgangan bema’ni turmush tarzingizdan kumush yoki oltinga o‘xshash o‘tkinchi narsalar evaziga emas,
19 balki Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar. Masih Xudoning benuqson qurbonlik Qo‘zisidir.
20 Xudo Masihni dunyo yaratilishidan oldin bu xizmat uchun tayinladi. Endi bu oxirgi kunlarda esa Uni sizlar uchun zohir qildi.
21 Sizlar Masih orqali Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulug‘vorlikka erishtirgani uchun ham sizlar imoningizda sobit turibsiz, chin qalbdan Xudoga umid bog‘lagansiz.
22 Sizlar haqiqatga bo‘ysunib, gunohdan poklanganingiz uchun birodarlarga samimiy mehr qo‘ya olasizlar. Shunday ekan, bir–biringizni chin yurakdan, ixlos qo‘yb yaxshi ko‘ringlar.
23 Axir, sizlar yangidan tug‘ilgansizlar. Bu yangi hayotni sizga foniy bandalar emas, balki abadiy va hayotbaxsh Xudoning kalomi ato etgan.
24 Muqaddas Bitiklarda shunday yozilgan: “Inson zotining hammasi maysaday, Ularning shuhrati dala guli kabidir. O‘tlar quriydi, gullar so‘lib qoladi.
25 Egamizning kalomi esa abadiy turadi.” Ana shu kalom sizlarga e’lon qilingan Xushxabardir.