Kirish
Mazkur maktubning muallifi Yoqub, mutaxassislarning aytishicha, Quddusdagi jamoatning yetakchisi va Iso Masihning tug‘ishgan ukasi edi. Iso Masih yer yuzida xizmat qilgan davrda Yoqub Unga ishonmadi, Uning xizmatini ham ma’qullamadi. Masih o‘likdan tirilgandan keyin esa Yoqub Unga ishonib, Quddusdagi imonlilar jamoatining yetakchisi bo‘ldi.
Mazkur maktub imonlilar uchun hayotiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Imon faqat tilda emas, balki amalda qo‘llanilishi kerak, degan g‘oya maktubning mag‘zi hisoblanadi. Beqarorlik, mag‘rurlik, manmanlik, ochko‘zlik, nafsi buzuqlik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlarni muallif ayovsiz tanqid qiladi.
Yoqub mevali daraxtni namuna qilib, haqiqiy imon odamning hayotida, uning yurish–turishida aks etadi, degan o‘gitni keltiradi: har bir daraxt faqat o‘ziga xos meva bergani kabi, haqiqiy imon ham insonda faqat o‘ziga xos ijobiy xislatlar uyg‘otishini aytadi. Xullas, imonli odam imoni bo‘yicha yashashi kerak deb ta’kidlaydi.
1–BOB - Yoqubning maktubi
Duoyi salom
1 Men, Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqubdan, o‘zga yurtlarga tarqalib ketgan o‘n ikki qabilaga salom!
2 Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo‘lganingizda o‘zingizni baxtli deb bilinglar.
3 Axir, imoningiz sinalganda sizlar sabr–toqat qilishni o‘rganasizlar. Bu o‘zingizga ham ayon.
4 Har qanday vaziyatda sabr qilishni o‘rganinglar, shunda yetuk, bekamu ko‘st, komil insonlar bo‘lasizlar.
5 Agar birortangizga donolik yetishmasa, Xudodan so‘rang, U beradi. Chunki so‘raganlarning hammasiga Xudo saxovat bilan, beminnat beradi.
6 Shu bois umidingizni faqatgina Xudoga bog‘lab, imon bilan so‘rang. Ikkilanmang, chunki Xudoga sidqidildan ishonmagan kishi go‘yo dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi, shamol qaysi tomonga essa, to‘lqin o‘sha tomonga qarab yo‘naladi.
7 Bunday odam Egamizdan biror narsa olaman deb umid qilmasin.
8 U Xudoga tayanmagani uchun hayotida beqaror, o‘zgaruvchan bo‘ladi.
9 Nochor ahvoldagi birodar Xudoning nazarida yuksak ekanligidan xursand bo‘lsin.
10 Boy birodar esa Xudoga muhtoj ekanligidan shodlansin. Chunki o‘z boyligiga tayangan kishi dasht guliday xazon bo‘ladi.
11 Quyosh jazirama issig‘i bilan dashtning o‘t–o‘lanlarini qovjiratib yuboradi. Gullarning go‘zalligi yo‘qolib, xazon bo‘ladi. Boylik orqasidan quvib, davlatiga tayanganlar ham xuddi shu singari nobud bo‘lishadi.
12 Sinovlarga bardosh bergan odam baxtlidir. Chunki u sinovdan o‘tgach, hayot toji bilan taqdirlanadi. Bunday tojni Xudo O‘zini sevganlarga va’da qilgan.
13 Vasvasaga tushganingizda Xudoni ayblamang! Chunki Xudo hech qachon vasvasaga tushmaydi va hech kimni vasvasaga solmaydi.
14 Lekin har kim o‘z ehtirosi dastidan vasvasaga duchor bo‘lib, nafs tuzog‘iga ilinadi.
15 Keyin ehtiros homilador bo‘lib gunohni tug‘adi, gunoh esa yetilib, o‘limga olib boradi.
16 Ey aziz birodarlarim, aldanmanglar!
17 Har bir yaxshi va mukammal hadya samodan keladi. Bu hadyalarni osmondagi jamiki yoritqichlarni yaratgan Xudo beradi. Yoritqichlarning nuri paydo bo‘lib, g‘oyib bo‘ladi, Xudoning ezguligi esa yo‘qolmaydi. Zero, Xudo hech qachon o‘zgarmaydi.
18 Xudo kelajakda butun borliqni yangilaydi. Biz bu yangilanishning ilk hosili bo‘lishimiz uchun, Xudo O‘z xohishiga ko‘ra bizga haqiqat kalomi orqali yangi hayot berdi.
19 Ey aziz birodarlarim, shuni esingizda tutinglar: har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g‘azab kelganda bosiq bo‘lsin.
20 Chunki insoniy g‘azabingiz Xudoga manzur bo‘lgan solih hayot kechirishingizga yo‘l qo‘ymaydi.
21 Shunday ekan, har qanday jirkanch va yomon ishlarni bas qilinglar! Xudoning qalbingizga ekkan kalomini kamtarlik bilan qabul qilinglar. Axir, bu kalom joningizni qutqarishga qodir.
22 Xudoning kalomiga rioya qilinglar! Kalomni eshitsam bas, deb o‘z–o‘zingizni aldamanglar.
23 Kalomni tinglab, amalda rioya qilmagan odam o‘z yuzini ko‘zguda ko‘rgan kishiga o‘xshaydi.
24 U o‘ziga qaradi–yu, ketdi va o‘sha zahoti o‘zining qanday ekanligini unutib yubordi.
25 Sizlar esa ozodlik beruvchi Xudoning mukammal qonuniga doim sinchiklab qaranglar. Qonunni shunchaki eshitib, unutib yubormanglar, unga qat’iy amal qilinglar. Bu ishingiz uchun Xudo sizga baraka beradi.
26 Agar siz o‘zingizni dindor hisoblab, tilingizni tiymasangiz, o‘z–o‘zingizni aldagan bo‘lasiz va sizning bunday din–diyonatingiz befoydadir.
27 Otamiz Xudoning nazarida pok va beg‘ubor din–diyonatga ega bo‘lgan inson yetim–yesiru bevalarni qayg‘uli kunlarida yo‘qlab boradi, u bu dunyo dastidan bulg‘anmaydi.