Kirish
Bu kitob miloddan oldingi 586 yilda Quddusning qulashi va Isroil xalqining Bobilga surgun bo‘lishi munosabati bilan yozilgan. Mazkur kitob beshta she’riy to‘plamdan tashkil topgan. Chuqur qayg‘u ifodasi bo‘lgan bu she’rlar “Marsiya” deb ataladi. Mazkur she’rlar Quddus shahri va “payg‘ambar” deb atalmish kitob muallifi nomidan bayon qilingan.
Payg‘ambar Quddusning o‘z gunohlari uchun jazo tortayotganini tan oladi, lekin gunoh qilgan Quddus aholisi bunchalik qattiq jazo tortishi unga o‘rinsizday tuyuladi. Biroq umid uchqunlari o‘shanday musibatli damlarda ham o‘chmaydi. Payg‘ambarning fikricha: “Bir kunmas–bir kun odamlar gunohlaridan tavba qilishadi, yana haq yo‘lga kirishadi, shunda Xudo ularga rahm–shafqat qiladi.” Payg‘ambar o‘z umidini quyidagi satrlarda ifoda etgan:
Biroq men bir narsani yodda tutarman,
Shuning uchun doim umid qilarman:
Egamning sodiq sevgisi bo‘lmaydi ado,
Uning rahm–shafqati tugamas aslo.
Har tong ular yangilanadi,
Buyukdir Xudoning sadoqati!
Qalbimda aytaman: “Egamdir mening bor–yo‘g‘im,
Shunday ekan, yolg‘iz Undadir mening umidim.” (3:21-24)
1–BOB - Yeremiyoning marsiyasi.
Quddusning kulfati
1 Voy sho‘rim! Odamlarga to‘lib–toshgan bir vaqtlar, Naqadar yolg‘izdir endi bu shahar! Xalqlar orasida shuhrat qozongan, Endi bir beva ayolga u o‘xshab qolgan. U viloyatlar orasida malikaday edi, Endi u bir cho‘riga o‘xshab qoldi.
2 Kechalari u achchiq–achchiq yig‘laydi, Ko‘zlaridan yoshlar oqadi. Uni yupatadigan biron kimsa Yo‘qdir o‘ynashlarining orasida. Do‘stlari unga xiyonat qilishdi, Unga dushman bo‘lib qolishdi.
3 Yahudo xalqi surgun bo‘lib, azoblar tortdi, Tutqunlikning mashaqqatini u totib qo‘rdi. Begona xalqlar orasida o‘rnashganda, O‘ziga orom topa olmadi. U tang ahvolga tushib qolganda, Ta’qib etuvchilar uni qo‘lga oldi.
4 Quddusga boradigan yo‘llar tutyapti motam, Axir, belgilangan bayramlarga kelmas biror ham odam. Shaharning hamma darvozalari huvullab qoldi, Ruhoniylari xo‘rsinib o‘tiribdi. Quddusdagi qizlar qayg‘uga botgan, Quddusning o‘zi ham iztirobda qolgan.
5 Quddusga dushmanlari bosh bo‘ldi, Uning g‘animlari ravnaq topdi. Quddus behad ko‘p gunoh qildi, Shu sababdan Egamiz uni azobga soldi. Quddusning farzandlari surgun qilindi, G‘animlari ularni olib ketdi.
6 Qiz Quddus o‘z savlatini yo‘qotdi. Yo‘lboshchilari o‘tloq topa olmagan kiyikka o‘xshaydi. Ovchidan qochishga ularning madori qolmadi.
7 Kulfatu sargardonlik kunlarda, Quddus oldingi hazinalarini esladi. Uning aholisi dushmanlarga taslim bo‘lganda, Quddusga yordam beradigan hech kim yo‘q edi. G‘animlar uning qulashini tomosha qilib, Quddusni masxara qilardi.
8 Ha, Quddus jirkanch gunohga qo‘l urdi, Atrofdagilarga u kulgi bo‘ldi. Oldin uni e’zozlagan hammalar Endi undan hazar qiladilar. Quddusning sharmandaligini ular ko‘rdilar. Mana endi, Quddus xo‘rsinib o‘tiribdi, Hammadan yuzini yashirib o‘tiribdi.
9 Uning nopokligi kiyimini dog‘ qildi, Kelajagi haqida u qayg‘urmadi. U dahshatli tarzda quladi, Uning yupatuvchisi yo‘q edi. U shunday deb yolvordi: “Kulfatimga bir nazar solgin, ey, Egam, Zero, dushmanlarim g‘olib keldi ustimdan!”
10 G‘animlar Quddus xazinalariga chang soldi. Quddusning ko‘zi oldida Begona xalqlar muqaddas makonga kirdi. Ammo Egamiz o‘sha g‘ayriyahudiylarga Hatto Isroil jamoasida bo‘lishni man etgandi!
11 Mana endi, shahardagi hamma odamlar xo‘rsinyapti, Bir burda nonni izlab yuribdi. Ular boyliklarini sotib, ovqat olishyapti, Shu yo‘sin o‘z jonlarini saqlashyapti. Quddus shunday deb yolvormoqda: “Ey Egam, menga bir boqqin, Xor bo‘lganimni ko‘rib qo‘ygin!”
12 Quddus o‘tgan–ketganlarga xitob qiladi: “Nahotki sizlarga bari bir bo‘lsa?! Menga bir qaranglar! — deb yolvoradi. — Egamiz g‘azab kunida menga azob bergan, Bunday azobni hech kim ko‘rmagan.
13 U osmondan olov yubordi, O‘sha olov ichimni yondirdi. Xudo oyog‘imga tuzoq qo‘ydi, Meni ortga qaytishga majbur qildi. Adoyi tamom qildi meni Xudoyim, Azobu alamda qoldi mening jonim.
14 Gunohlarim bo‘yinturuqqa aylangan, O‘sha bo‘yinturuqni Xudoning O‘zi yasagan. U gunohlarimni bo‘ynimga osdi. Meni tamom holdan toydirdi. Rabbiy berdi meni dushmanlarim qo‘liga, Men qarshilik qila olmayman ularga.
15 Egam kuchli jangchilarimni rad etdi, Yigitlarimni yakson qilish–chun lashkar yubordi. Bokira qiz Yahudoni Rabbiy uzum ezganday ezdi.
16 Shuning uchun men faryod qilaman, Ko‘z yoshimni sel–sel oqizaman. Axir, yupatuvchim mendan uzoqda, Jonimga oro kiruvchi olisda. Evoh, dushmanlarim mendan g‘olib keldi, Farzandlarim xonavayron bo‘ldi.”
17 Quddus qo‘llarini cho‘zib yordam so‘raydi, Biroq hech kim uni yupatmaydi. Egamiz qo‘shni xalqlarga amr berdi, Shunda hammasi Yoqub nasliga dushman bo‘lib qoldi. Dushmanlarining nazarida Quddus axlatday jirkanch bo‘lib qoldi.
18 Quddus aytmoqda: “Ha, mening Egam haq, Axir, o‘zim Uning amriga qarshi bosh ko‘tardim. Ey xalqlar, menga quloq soling, Mening kulfatimni ko‘rib qo‘ying. Mening yigit–qizlarim surgun bo‘ldi.
19 Men o‘ynashlarimni chaqirdim, Ular esa meni aldashdi. Jonini saqlash uchun non izlagan Ruhoniyu oqsoqollarim ko‘chalarda jon berdi.
20 Ey, Egam, ko‘rib qo‘ygin qayg‘umni, Ko‘r to‘kilib turgan yuragimni. Evoh, yurak–bag‘rim ezilib ketdi, Axir, men Senga qarshi bosh ko‘tardim. Ana, tashqarida qilich odamlarni chopyapti, Ichkarida o‘lim hukmronlik qilyapti.
21 Odamlar ohu nolalarimni eshitdi, Biroq mening yupatuvchim yo‘q edi. G‘animlarim eshitdi kulfatlarim haqida, Xursand bo‘lishdi qilgan ishingdan shunda. Sen e’lon qilgan o‘sha kuningni keltirgin, Dushmanlarim ham mening holimga tushsin.
22 Nazaringdan qochmasin ularning qilgan qabihliklari, Gunohim–chun meni jazolaganday jazolagin ularni. Ko‘pdir mening ohu nolalarim, Hech ham qolmadi mening madorim.”