Kirish
“3 Shohlar” va “4 Shohlar”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob bo‘lib, ikkala qismini bitta o‘ramga joylash uzunlik qilganidan, kitob ikki qismga — “3 Shohlar” va “4 Shohlar”ga bo‘lingan. “4 Shohlar” o‘sha yaxlit kitobning ikkinchi qismidir. “4 Shohlar” kitobida ham ikki mustaqil shohlik — Yahudo va Isroil shohliklarining tarixi bayon etiladi.
“4 Shohlar” kitobi, asosan, ikkita qismdan iborat. Birinchi qism (1-17–boblar) miloddan avvalgi 722 yilgacha ikkala shohlikda yuz bergan voqealar — Shimoliy shohlik Isroilning Ossuriya shohligi tomonidan bosib olinishigacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga oladi. Isroilning poytaxti Samariya yo‘q qilinib, bu shohlikdagi xalq Ossuriya tomonidan asirga olingan, faqat Janubiy shohlik — Yahudo qolgan edi.
Kitobning ikkinchi qismi (18-25–boblar) Yahudo shohligining miloddan oldingi 586 yilgacha bo‘lgan tarixidan iborat. Bu paytga kelib Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoni bosib olgan edi. Poytaxt Quddus tamomila vayron qilinib, Yahudo va Quddus aholisining ko‘pchiligi Bobilga asir qilib olib ketiladi. Shoh Navuxadnazar Gadaliyo degan bir odamni Yahudoda qolgan xalqqa hukmdor qilib tayinlaydi. Kitob Yahudoning kelajagiga umid borligini ko‘rsatish bilan tugaydi. Yohayixin degan Yahudo shohi Bobil asirligidan ozod bo‘ladi va har kuni Bobil shohi bilan taom yeyishga taklif qilinadi.
“4 Shohlar” kitobida aytilganiday, xalq Egamizga bo‘lgan sadoqatidan yuz o‘girgani uchun, Isroil va Yahudo yo‘q qilinadi. Egamiz bu yurtlarga payg‘ambarlarni qayta–qayta jo‘natib, begona xudolarga sajda qilishni to‘xtatinglar, Menga qayta yuz buringlar, deb xalqni va shohlarni ogohlantiradi. Xalq quloq solmagani uchun oxiri jazosini oladi. Ikkala shohlik ham yo‘q qilinadi. Xalq o‘z yurtidan uzoqda — begona xalqlar orasida yashaydi. Quddusning qulashi — Isroil tarixida eng dahshatli voqealardan biridir. Nima uchun bunday kulfatlar sodir bo‘lgani kitobda quyidagicha izohlanadi: “Egamiz Quddus va Yahudo xalqidan g‘oyat g‘azablangan, oqibatda ularni O‘z huzuridan quvib yuborgan edi.” (24:20)
1–BOB - Shohlar (to‘rtinchi kitob)
Ilyos va shoh Oxaziyo
1 Isroil shohi Axabning vafotidan keyin, Mo‘ab yurti Isroilga qarshi isyon ko‘tardi.
2 Isroil shohi Oxaziyo Samariya shahridagi saroyining tomi[5] panjarasidan yiqilib, qattiq shikastlandi. So‘ng choparlariga: “Filistlarning Exron shahridagi xudosi Baal–Zabub yoniga borib, undan so‘ranglar–chi, men sog‘ayarmikanman”, deb ularni jo‘natdi.
3 Shunda Tishba shahridan bo‘lgan payg‘ambar Ilyosga Egamizning farishtasi gapirdi: — Qani, bo‘l, Samariya shohi yuborgan choparlarga peshvoz chiqib, ularga shu gaplarni yetkaz: “Nima uchun sizlar Exron shahrining xudosi Baal–Zabubdan, shoh sog‘ayarmikan, deb so‘rab bilish uchun kelyapsizlar?! Isroilda Xudo yo‘q deb o‘ylayapsizlarmi?!
4 Endi Egam shunday aytmoqda: shohingiz shu qilgani uchun yotgan joyidan turmay, o‘ladi.” Ilyos Egamizning aytganini bajardi.
5 Choparlar Oxaziyoning huzuriga qaytib bordilar. Shoh: — Namuncha tez qaytib keldingizlar? — deb so‘radi.
6 Choparlar Oxaziyoga aytdilar: — Qarshimizdan bir odam bizga peshvoz chiqdi. Sizning huzuringizga qaytishimizni, shu xabarni yetkazishimizni aytdi: “Egamiz shunday demoqda: nimaga sen Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog‘ayarmikanman, deb so‘rab bilish uchun choparlar jo‘natding? Isroilda Xudo yo‘q deb o‘yladingmi?! Shu qilganing uchun yotgan joyingdan turmay, o‘lasan.”
7 Oxaziyo choparlardan: — Sizlarga peshvoz chiqib, shu gaplarni aytgan odamning ko‘rinishi qanaqa? — deb so‘radi.
8 — U odam hayvon terisidan kiyim kiygan ekan, beliga charm kamar bog‘lab olibdi, — deb javob berishdi choparlar shohga. — U Ilyos, — dedi Oxaziyo.
9 Shundan keyin shoh Oxaziyo Ilyosni olib kelish uchun ellikboshini ellikta sipohi bilan jo‘natdi. Ilyos tog‘ tepasida o‘tirgan edi. Ellikboshi Ilyosni topib, unga dedi: — Ey, Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda.
10 — Agar men Xudoning odami bo‘lsam, — deya javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin. Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, hamma sipohlarini ham yondirib yubordi.
11 Shoh Ilyosning oldiga yana boshqa ellikboshisini ellikta sipohi bilan jo‘natdi. U ellikboshi ham: “Ey, Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda”, dedi.
12 — Agar men Xudoning odami bo‘lsam, — deb javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin. Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, ellikta sipohini ham yondirib yubordi.
13 Oxaziyo uchinchi marta yana ellikta sipoh bilan boshqa ellikboshini jo‘natdi. Ellikboshi Ilyosning oldiga chiqib, uning qarshisida tiz cho‘kdi va unga iltijo qilib dedi: — Ey, Xudoning odami! Mening jonimga va mana shu ellikta qulingizning joniga rahm qiling.
14 Osmondan olov tushib, mendan oldingi ikkala ellikboshi ham barcha sipohlari bilan yonib ketgandi. Endi mening jonimga rahm qiling.
15 Shunda Ilyosga Egamizning farishtasi zohir bo‘lib: — Shohdan qo‘rqma, ellikboshi bilan birga boraver, — deb aytdi. Ilyos ellikboshi bilan birga shoh huzuriga borib,
16 unga shunday dedi: — Egamiz aytmoqda: “Isroilda Xudo yo‘qday, Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog‘ayarmikanman, deb so‘rab bilish uchun choparlar jo‘natding. Shu qilganing uchun yotgan to‘shagingdan turmay, o‘lasan.”
17 Shunday qilib, Egamizning Ilyos orqali aytganiga muvofiq, shoh Oxaziyo vafot etdi. Shohning o‘g‘li bo‘lmagani uchun uning o‘rniga ukasi Yoram shoh bo‘ldi. Bu voqea yuz berganda, Yahudo shohi Yohuram ikkinchi yil shohlik qilayotgan edi. Yohuram Yohushafatning o‘g‘li edi.
18 Oxaziyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.