O‘Smir Bilan Ochiq Suhbat (Josh va Dotti Makdauell) 4 bob

Kitob O'zbek tilida (Audiokitob) - Josh va Dotti Makdauell. O‘Smir Bilan Ochiq Suhbat.

Китоб PDF | Kitob PDF (latin)

Книга на Узбекском языке

4 bob - Yaqin munosabatlar doirasida jinsiy aloqa haqida qanday gapirish mumkin?

U yugurgancha kelib qo‘llarimni qisib ushladi. Unga nigohimni qaratdim. Hatto o‘zini tanishtirishga ulgurmay turib, u bidirlay ketdi:

- Josh, men oilamni nima qilay? - Men hozirgina Filippinda olti yuzdan ko‘proq cho‘ponlar qarshisida “Farzandlar uchun qay tarzda qahramon bo‘lish mumkin” mavzusidagi va’zimni yakunlagandim. Va mana, cho‘ponlardan biri uning uchta - o‘n yetti, o‘n uch va o‘n yoshdagi - bolalari “jamoatdagi eng yomon bolalar” deya hisoblanishini aytdi. - Men qo‘limdan kelganini qildim, - qizishdi u. - Men ularga doimo Xudoning Kalomini targ‘ib qilganman. Muqaddas Kitob oyatlarini yodlashga majbur qilganman. Ular o‘zlarini nima kutayotganini bilishadi, ammo har qanday qoidalarga qarshi chiqishadi. Xo‘sh, men nima qilay?

Otaning ovozida o‘kinch aks etardi. U bor kuchi bilan bolalarini Xudo belgilagan chegaralardan chiqmaslikka majbur qilishga uringan. U bolalarining Xudo himoyasi ostida va Uning g‘amxo‘rligi qurshovida itoat etib yashashlarini xohlagan. Biz barchamiz ham bolalarimizga shuni istaymiz.

Men uning yelkasiga qo‘limni qo‘yib, ko‘zlariga tik qaradim:

- Birodar, sizga maslahatim - qoidalarni unuting.

- Nima-a-a? - u shubha bilan o‘zini tortdi. - Mening muammom ana shunda: ular hech qanday qoidalarga bo‘ysunishmaydi.  Ular qoidalarga ehtiyojmand bo‘lishlari haqida umuman o‘ylashmaydi!

- Nimalar deganingizni tushundim, - javob berdim men, - lekin qaytaraman: qoidalarga e’tibor qaratishni bas qiling.

Birinchi qarashda unchalik ham yaxshi maslahat emasdek tuyuladi, to‘g‘rimi? Biz barchamiz qoidalar qanchalik muhim ekanligini bilamiz, zero ular xavfsizligimiz chegaralarini qamrab oladi va faoliyatimizni yo‘naltiradi. Biroq aytish mumkinki, bu aysbergning faqat tepa qismi, xolos. Biz bolalarimizning o‘zini tutishlarida nima muayyan o‘zgarishga olib kelishini tushunishimiz lozim, zero biz eng avvalo, farzandlarimiz to‘g‘ri qaror qilishga o‘rganishlarini istaymiz, ular buni bilmaganlarida esa, biz bolalarimizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga urinamiz. Biroq buni qanday qilish mumkin? Biz Dotti bilan sizga farzandlaringizni ahloqan to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rgatadigan diagrammalarni misol tariqasida tushuntirishimiz mumkin.

Ma’lumki, bizning har bir faoliyatimiz va barcha harakatlarimiz qadriyatlarimiz bilan belgilanadi. Biz siz bilan baham ko‘radigan ahloqiy tanlovimiz ham qadriyatlarga tayanadi. Ha, lekin qadriyatlarimiz qanday shakllanadi? Ular e’tiqodimiz asosida tug‘iladi. Bizni o‘rab turgan olam haqidagi ayrim fikrlarni biz to‘g‘ri deb bilamiz, ba’zilarini esa yolg‘on. Bu fikrlar bizning qadriyatlarimizni shakllantiradi, ular esa o‘z navbatida bizning harakatlarimizni belgilaydi (diagrammaga qarang). (В диаграмме: Действия – Harakat, Ценности – Qadriyatlar, Убеждения E’tiqod)

 

Biz nimagaki ishonsak, o‘shani dunyoqarash deya atashimiz mumkin. Dunyoqarash nima o‘zi? Agar ikkita so‘z bilan ifodalay qolsak, bu bizning olamga nisbatan nuqtai nazarimiz. Biz nimani qanday tartibda qurilganiga ko‘ra to‘g‘ri deb bilishimiz ishonchlarimiz to‘plamini yaratadi. Bu bir oyna bo‘lib, biz undan hayotga boqamiz. Bu xuddi asl hayotning xayolan chizilgan xaritasiga o‘xshaydi. Xo‘sh, misol uchun, nega 67% yosh erkaklar va 49% yosh ayollar pornografiyaga murojaat qilishni mumkin bo‘lgan harakat deya hisoblashadi?1 Negaki, ularda shunday dunyoqarash shakllangan. Ularning tasviridagi dunyoda pornografiyaga murojaat qilish - jinsiy maylning odatiy ko‘rinishi. Ularning qarashlariga ko‘ra harakatlarini belgilaydigan qadriyatlar shakllangan.

Demak, mabodo filippinlik cho‘pon do‘stimiz o‘z bolalarining harakati va o‘zlarini tutishlariga ta’sir ko‘rsatishga urinsa, ta’qiq va qattiqqo‘l qoidalarni qo‘llab katta natijaga erishadimi? Har holda nimadir o‘zgaradi, lekin uzoq vaqtga emas, negaki uzoq davom etadigan o‘zgarishlar yanada chuqurroq darajada boshlanishi kerak. Biz avval yozib o‘tganimizdek, ko‘plab ota-onalar farzandlarini uyda ta’lim olishga yoki masihiylik maktablarida o‘qishga o‘tkazishgan yoxud ularning hatti-harakatlarida o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bilan yozgi masihiylik ta’tilgohlariga yuborishgan. Ular farzandlarining to‘g‘ri yo‘l tutishga o‘rgatishlariga, sevgi va jinsiy aloqa borasida ilohiy haqiqatni qabul qilishga yordam berishlariga, nima yaxshiyu nima yomon ekanligini tushuntirishlariga umid qilishgan. Ehtimol, ana o‘shanda bolalar ahloqan to‘g‘ri qaror qabul qilishga qodir bo‘lishlari mumkin. Bularning hammasi ajoyib: ammo biz sizlarga shuni aytmoqchimiz: bolalarni ilohiy haqiqatlarni qabul qilishga o‘rgatish - bu hali juda kamlik qiladi.

Buzg‘unchi poydevor

Men (Josh) qachonlardir O‘rta G‘arbdagi katta jamoatda chiqish qilgandim. Jamoat endigina qurilish ishlarini tamomlab, yangi binoga ko‘chib o‘tgandi. Eshikka yaqinlashib, kirish tepasida  shunday so‘zlar bitilgan katta bannerni ko‘rib qoldim: “Biz faqat haqiqatni va faqat haqiqatni targ‘ib qilamiz!”

Albatta, biz bolalarimizni haqiqatga o‘rgatamiz, zero aynan shu tariqa ularda to‘g‘ri fikr va Muqaddas Kitobga monand dunyoqarash shakllanadi. Biroq men “haqiqat va faqat haqiqat” ruhidagi suhbatlarni ko‘p eshitganim bois, ular menda muayyan bir shubha uyg‘otadi, shu bois ushbu bannerni ko‘rganimdayoq xayolimga birinchi kelgan fikr shu bo‘ldi: “Agar barchasi men gumon qilayotganimdek bo‘lib chiqsa, ushbu jamoat halokatga mahkum”.

Ko‘plab ota-onalar ana shunday tuzoqqa ilinishadi. Ular o‘z farzandlariga ilohiy haqiqatni yetkazsalar bas, cho‘qqini zabt etdik deya o‘ylashadi, zero endilikda ularda “to‘g‘ri” qadriyatlar va “to‘g‘ri” harakatlar bor. Biroq bunday yondashuv halokatga mahkum, negaki ular ilohiy haqiqatni jonlantiradigan va inson hayotini o‘zgartiradigan asosiy masalliqni e’tiborga olishmaydi. Ammo bu masalliq yoki kalit - munosabatdir!

Shoh Dovud aytgan: “Ey Egam, to‘g‘ri yurganim uchun Meni oqlagin...Senga doim sodiqman”. (Zabur 25:1, 3). Biz bu o‘rinda faqatgina 1-oyatni va 3-oyatning yarmini keltirib o‘tganimizda, kontekstni e’tibordan chetda qoldiramiz: haqiqat botinda yashaydi. Tushunyapsizmi, ilohiy haqiqat hamisha bizga sevuvchi Otadan keladi, Uni esa bizning qalbimiz nihoyatda qiziqtiradi. Keling, 3-oyatni to‘liq o‘qib chiqaylik:

“Sening sodiq sevging ko‘z o‘ngimdadir, Senga doim sodiqman”.

Dovud hamisha Xudoning o‘zgarmas sevgisi haqida bilgan qv Xudo bilan yaqin munosabatlarda bo‘lgan. Ilohiy haqiqatni Samoviy Ota O‘z farzandlariga qanday g‘amxo‘rlik qilishi haqidagi satrlar orqali tushuntirish lozim. Dovud so‘ngra ibodat qilgan: “Yo‘lingni menga ko‘rsat, ey Egam, Toki to‘g‘ri so‘qmoqlaringdan yuray” - va tan olgan: “Menga bo‘lgan sodiq sevging g‘oyat buyukdir...” (Zabur 85:11, 13). Dovud Xudoni anglash va o‘zining g‘amxo‘r Otasiga manzur bo‘lishga intilishdan hosil bo‘ladigan Unga nisbatan sevgi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ko‘rgan. Zaburchi yoshlik davridayoq to‘g‘ri hayot kechirish manbai “ulug‘ marhamat”ga, o‘zining Xudoga abadiy sevgisi bilan bog‘liq ekanligini bilgan. Havoriy Yuhanno quyidagini yozganida aynan o‘sha kuchni nazarda tutgan: “Biz sevamiz, chunki Xudo bizni birinchi bo‘lib sevdi” (1 Yuhanno 4:19).

Aytib o‘tganimizdek, ishonch haqiqatdan ham qadriyatlarimizni shakllantiradi, qadriyatlar esa harakatlarimizni belgilaydi. Biroq gap shundaki, biz barchamiz muyeosabatlarimiz tajribasi asosida Xudo haqida, hayot haqida o‘z xulosalarimizni chiqaramiz. Shoh Dovud to‘g‘ri aytgan: uning to‘g‘ri yo‘l tutish xususiyati negizida “buyuk marhamat” - Xudoning o‘zgarmas sevgisi yotgan ilohiy haqiqatni (ishonch va qadriyatlarni) egallash orqali hosil bo‘lgan.

Farzandlarimiz nimaga o‘rgangan bo‘lsalar, nimani bilsalar va hatto bu haqda qanday bilib olgan bo‘lsalar, biror kishi orqali yoki qandaydir munosabatlardan kelib chiqqan bo‘ladi. Odamlar bu haqda ba’zan o‘ylab ko‘rishadi, xolos, ammo biz nimani o‘zimizda aks ettirsak, aksariyat tarzda bu munosabatlarga daxldor hisoblanadi. Bizning fikrimiz, demak, bizning dunyoqarashimiz kim bilan va qay tarzda ularni yaratganimizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasidir. Sevgi - bu yoshlarning to‘g‘ri fikrlarini rivojlantirishga qodir inoyat negizi bo‘lib, o‘z navbatida uning qadriyatlarini shakllantiradi, qadriyatlar esa uning harakatlarini belgilaydi (diagrammaga qarang). (В диаграмме: Правильные поступки – To’g’ri harakatlar, Библейские ценности – Kalomiy qadriyatlar, Верные убеждения – Qat’iy e’tiqod, Близкие отношения с Богом и ближними - Xudo va qadrdonlar bilan yaqin munosabatlar)

 

 

Nima uchun to‘g‘ri fikrlarni shakllantirish, bu orqali ezgu harakatlarni amalga oshirish uchun munosabatlar bunchalik muhim? Negaki biz bilan siz shunday yaralganmiz. Uch birlikni O‘zida jamlagan Xudo har bir qalbning chuqur burchagiga O‘zini tanitadigan muhrni, O‘z siymosiga xos farq belgisini, ya’ni sevgi munosabatlariga asoslangan qobiliyatni jo etgan. Kalom orqali bu qadimdan ma’lum (qarang: Ibtido 1:26-27), shuningdek, mazkur haqiqatni ong rivojlanishi borasidagi tibbiy tadqiqotlar ham tasdiqladi.

Bundan bir necha yillar muqaddam Dartmut kolleji huzuridagi Tibbiyot maktabi inson ongi o‘zgarishining yoshi borasida ilmiy tadqiqot uyushtirgandi. “Hardwired to Connect” deya nomlangan loyiha doirasida ikki yuz otmishdan ortiq tadqiqot ishlarining natijalari tahlil qilindi. Xulosaviy ma’ruzada ta’kidlangan: barcha hisob-kitoblar hech bir istisnosiz shundan dalolat beradiki, tug‘ilish arafasida chaqaloqning miyasi odamlar bilan munosabatlar orqali aloqa qilishga jismoniy, biologik va kimyoviy tarzda “dasturlangan”2. Los- Anjelesdagi Kaliforniya universiteti huzuridagi Tibbiyot maktabidan doktor Allan Shorning ma’lum qilishicha, “biz aloqalar uchun tug‘ilamiz. Bizning ongimiz so‘zlashga o‘rganishimizdan avvalroq boshqa odamlar bilan  hissiy muloqot doirasida rivojlanish uchun “dasturlangan”3. Agar biz uch birlikdagi Xudoga - sevgi Xudosiga monand tarzda yaratilgan bo‘lsak, bunga hayratlanish joizmikan? Biroq biz yaqin munosabatlardan qochgan holda, ko‘pincha bir-birimizga haqiqat va undan yenlib chiqadigan qoidalar haqida gapiramiz. Biz O‘rta G‘arbdagi cho‘ponlar kabi “haqiqatni, faqat haqiqatni targ‘ib qilamiz”.

Havoriy Pavlus Efesliklarga maktubida  “haqiqatni sevgi bilan aytishga” bizni chorlagan (Efesliklar 4:15). Haqiqat eng boshidanoq ichki yaqin munosabatlarda uni “o‘zlashtirib”olish uchun mo‘ljallangan. O‘sha havoriy Pavlus yana shunday deydi: “Sizlarga juda qattiq ko‘ngil bog‘lagan edik. Shuning uchun sizlarga Xudoning Xushxabarini aytibgina qolmadik, balki yuragimizdan ham joy berdik. Chunki sizlar bizga juda aziz bo‘lib qolgandingiz” (1 Salonikaliklar 2:8). Pavlus “haqiqatni va faqat haqiqatni” kabi yondashuvni tadbiq qilmagan - u birodarlarni jonli, ishonchli munosabatlar kontekstiga o‘rgatgan. Mana nima bois odamlarda uning so‘zlari ildiz otgan va odamlarning munosabatlari ham o‘zgargan.

Ishonchingiz komil bo‘lsin: sog‘lom munosabatlarsiz kimgadir o‘z nuqtai nazarini va qadriyatlarini singdirishga, to‘g‘ri harakatlarga o‘rgatishga bo‘lgan har qanday urinish befoyda, negaki ularga asosiy unsur - sevgi va g‘amxo‘rlik yetishmaydi. Xudo insonning to‘g‘ri qarorga kelishiga yordam berishni istaganida, aynan sevgi va g‘amxo‘rlikni qo‘llaydi. Mana nima uchun ruhiy yaqinlik bo‘lmagan haqiqat ko‘pincha rad etiladi, qat’iy tartib o‘rnatish esa tushunmovchilik va nafrat uyg‘otadi. Ammo yaqin munosabatlar doirasida o‘zini tutish qoidalari va haqiqatni uqtirib, siz deyarli hamisha ijobiy javoblar olasiz. Shoh Dovud nega pokdomon bo‘lib yurgan? Negaki u hamisha o‘z Samoviy Otasining “ulug‘ marhamati” - yaqin munosabatlar doirasidagi haqiqatni anglagan.

Yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal

Yoshlarga haqiqatni, jinsiy aloqaga taalluqli munosabatlarda nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanligini yaqin munosabatlar doirasida anglatish lozim. Eng avvalo, qaramog‘ingizdagi bola o‘zi qaror qilishi va harakatlarini tuzatmog‘i kerak, ya’ni pornografiyadan qochishi, ko‘pchilikning bosimiga qarshi turishi, Xudo buyurgan chin sevgini namoyon etib poklik va sadoqatni saqlashi lozim.. Ana shunda ular saboqlaringizni ko‘proq qabul qilishadi va shunga muvofiq ruhlanishadi, agar sizning “ulug‘ marhamatingiz” va o‘zgarmas sevgingizni his qilsalar, albatta. Bundan tashqari, ular sizning ham shu tariqa yashayotganingizni ko‘rishlari shart.

Havoriy Pavlus yozgan: “Aziz bolalarim, biz haqiqiy sevgimizni quruq gap bilan emas, amalda ko‘rsataylik” (1 Yuhanno  3:18). Farzandlarimiz ishonch-e’tiqodimizni va qadriyatlarimizni o‘zlashtirib olishlari va ahloqiy to‘g‘ri qaror qabul qilishga o‘rganishlari uchun bizning hayotimizda gavdalangan haqiqatni ko‘rishlari kerak.

Biz o‘z farzandlarimizda nosog‘lom munosabatlar yoki noto‘g‘ri harakatlarni ko‘rganimizda, albatta, ularni to‘g‘rilaganmiz. Lekin biz tez orada agar bolalar uchta muhim savolga “ha” deb javob bera olmasalar, gaplarimiz havoga uchib ketishini tushundik. Ularning javobidan biz o‘zimiz yaxshi namuna ko‘rsatayapmizmi yoki yo‘qmi, darrov ayon bo‘lardi. Shu bois, men (Josh) Kellining o‘zini noo‘rin tutayotganini payqaganimda va aralashuvim albatta zarur bo‘lganida, unga shunday savollar berdim:

1. “Kelli, seni yaxshi ko‘rishimni bilasanmi?”

2. “Onangni sevishimni bilasan-a?”

3. “Qachondir turmushga chiqqaningda, xuddi onang va menda hozir bo‘lganidek sevgini, ana shu kabi oilang bo‘lishini istaysanmi?”

Mabodo ana shu savollardan har biriga u “ha” deya javob bersa, so‘zlarimni eshitganini va qabul qilganini tushunardim. Misol uchun, shunday deyishim ham mumkin: “Kelli, sen qilayotgan ish kelajakda turmushingga putur yetkazishi va oilamizdagi hozirgi baxtingdan seni ayirishi mumkin”. Qizim ko‘z oldida munosabatlarning munosib ishonchiga ibratni ko‘rib turgani bois, mening boshqaruvimga ko‘proq bo‘ysunadigan bo‘lardi. Agar bolalar o‘z oldilarida aytilgan so‘zlarning isbotini ko‘rmasalar, ota-onalarining gapiga ishonishlari qiyin.

Havoriy Pavlus yozgan: “Birodarlarim, mendan o‘rnak olayotganlarga qo‘shilinglar. Bizning namunamiz bo‘yicha yashayotganlarga e’tibor berib, ulardan o‘rganinglar” (Filippiliklar 3:17). “Ko‘rinish, shakl” tarzida tarjima qilingan yunoncha tupos so‘zi “taqlid uchun ibrat yoki namuna”ma’nosini anglatadi. Pavlus o‘zining hayoti taqlid uchun namuna ekanligini aytgan. Xuddi shuningdek, bizning va sizning hayot ham bolalarimiz uchun ibrat bo‘lib xizmat qilishi lozim. Yo‘q, bizlar mukammal emasmiz. Mukammal ota-onalar mavjud emas. Biroq hattoki nomukammal bo‘lgan holda, biz itoatkor bo‘lishga va xatolik qilib, kechirim izlaydigan odamlarga ibrat bo‘lishimiz mumkin.

Men (Dotti) bir kuni Josh bilan bolalar huzurida qattiq tortishib qolganimizni eslayman. Josh bir payt o‘zini yo‘qotib qo‘ygancha, qog‘ozlar joylashgan papkani stolga uloqtirib shunday dedi: “Men ketaman”. So‘ngra eshikdan yugurib chiqib, qayoqqadir jo‘nab ketdi.  Bolalar buni ko‘rishdi.

Ammo Josh tezda qaytib keldi, bizni mehmonxonada to‘plab, barcha bolalarimiz oldida qattiq qizishib ketganini tan oldi. U mening qalbimga ozor berganidan afsusda ekanini aytib, mendan kechirim so‘radi. So‘ngra u bolalarga yuzlanib, onalari bilan hurmatsiz so‘zlashgani uchun farzandlarimizdan ham uzr so‘radi.

Albatta, Joshning o‘shandagi harakati mukammallikdan yiroq bo‘lsada, u baribir “vaziyatni izdan chiqarganingda odam o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida” ajoyib ibrat ko‘rsatdi.

Ehtimol siz ishonmassiz, ammo farzandlaringiz yoki ixtiyoringizdagi bolalar uchun  xatolikka yo‘l qo‘yib so‘ngra itoatkorlik bilan kechirim so‘rashingiz, ular sizdagi to‘g‘ri hayot namunasini ko‘rishlari nihoyatda muhim. Pavlus majusiylarni “aytganlarim va qilganlarim” orqali imonga keltirganman deb aytgan ( Rimliklar 15:18). Nafaqat yaqin munosabatlarimiz kontekstidagi haqiqat so‘zlarimiz, balki hayotning o‘zi ham taqlid uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi. “...Biz haqiqiy sevgimizni quruq gap bilan emas, amalda ko‘rsataylik” (1 Yuhanno 3:18).

Ota bilan aloqa ... yoki aloqaning yo‘qligi

Jon Xopkins universiteti qoshidagi Maykl Blumberg jamoat sog‘ligini saqlash Maktabi - shu maktabning bitiruvchilari bo‘lmish 1337 shifokor ishtirokida tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot ob’ekti sifatida ota-ona uyidagi oilaviy munosabatlar muayyan holatlar va kasalliklar kelib chiqishining sababi sifatida o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, saraton xastaligining asosiy turlari va ruhiy kasalliklar ota-onalar, ayniqsa ota bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqinlik yo‘qligi bois rivojlanar ekan4.

Bu haqda o‘qib shunchalik hayajonga tushdimki, maktabga qo‘ng‘iroq qilib tadqiqotni o‘tkazgan kishilar bilan gaplashib olmoqchi bo‘ldim. Men ota bilan yaqin munosabatning yo‘qligi nega muhim sabab ekanligini tushunmoqchi edim. Olimlar nega shunday ekanligini menga tushuntirishlari uchun uch daqiqadan ko‘p vaqt ketmadi. Ularning so‘ziga ko‘ra, kimki otasi bilan munosabatlari buzilgan bo‘lsa hayotida ko‘proq jiddiy ruhiy zarbalarni his etadi, ruhiy iztiroblar esa yuqorida qayd etilgan xastalik va holatlar rivojlanishiga asosiy sabab bo‘ladi.

Bu va boshqa tadqiqotlar 1980-yillarning boshi va o‘rtalarida o‘ta muhim natijalarni keltirib chiqargan. Ko‘plab olimlar jismoniy salomatlik va munosabatlar o‘zaro bog‘lik ekanligidan dalolat beruvchi shunga o‘xshash xulosalar chiqarishgan. 2012 yilning fevralida “Time” jurnalida quyidagi ma’lumot chop etilgan:

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, yaqin do‘stlari va qarindoshlari davrasiga ega bo‘lgan odamlarda arterial bosimi, ruhiy iztirob gormonlari past darajada hamda ular yaqin kishilari bo‘lmagan boshqalarga nisbatan kuchliroq immunitetga egadirlar. 2010 yilda Brigam Yang universiteti olimlari uch yuz mingdan ko‘proq kishilar haqidagi ma’lumotlarni tahlildan o‘tkazib,  ijtimoiy aloqalarning tanqisligi chekish odati, semirib ketishdan ham yuqori darajada barvaqt o‘limlarni keltirib chiqarishi mumkinligini aniqlaganlar5.

Bolalar jisman, hissiy, ruhan va ijtimoiy sog‘lom bo‘lib o‘sishlari uchun ota-onalari bilan yaqin munosabatlarga muhtojdirlar, bu esa kelajakda ular ahloqan to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga imkon beradi. Va bu o‘rinda ota bilan munosabat hayotiy muhim masala.

Kam daromadli onalar haqidagi “Men bajara olmaydigan va’da.  Nega bechora ayollar onalikni nikohdan muhim hisoblashadi” nomli nodir asarning hammuallifi, nikoh fenomeni va oilaviy muammolar tadqiqotchisi, jamiyatshunos Mariya Kefalas yozadi: “Ayollar ko‘pincha menga shunday deyishadi: “Men chaqalog‘imning onasini ham, otasini ham almashtirishim mumkin”, ammo bu haqiqat emas. Otasiz o‘tadigan bolalik go‘dakka chuqur ruhiy ta’sir ko‘rsatadi. Ehtimol, onaga bu odam kerak emasdir, lekin uning bolalariga doimo zarur”6.

Kolumbiya universiteti o‘smirning ota-onasi nazoratida yoki faqat yolg‘iz ona qo‘lida tarbiya olishi ichkiliklarga, giyohvand moddalarga va zo‘ravonlikka nisbatan qanday munosabatga olib kelishini aniqlash maqsadida keng miqyosda tadqiqot o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, yolg‘iz onalar tarbiyalagan bolalar ota-onasining ko‘magi muhitida o‘sgan yoshlarga nisbatan 30% ko‘proq zo‘ravonlikda ishtirok etishadi, ichkiliklar va giyohvand moddalar iste’mol qilishadi7. O‘smirning - onasi bilan va ayniqsa otasi bilan - oiladagi munosabatlari, hatti-harakatlari nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

Xudo bizni ijtimoiy mavjudotlar qilib yaratgan. Biz barchamiz ota-onalarning, shuningdek, ishonchli do‘stlarning doimiy sevgisiga muhtojmiz. Bunday yaqinlikka erisha olmasak, ayniqsa, bizga ota bilan aloqalarimiz yetishmasa, oqibatlardan aziyat chekishga to‘g‘ri keladi.

Yana bir bora ta’kidlamoqchimiz: otalar o‘z farzandlari bilan chuqur munosabatlar o‘rnatishlari zarur. Biz onalarga nisbatan otalar buni kamroq istaydi deb sha’ma qilmoqchi emasmiz, shunchaki, onalardan farqli tarzda, ular buni qanday qilishni sezgi darajasida bilishmaydi. Mana nima uchun biz butun bir kitobni bolaning ota bilan munosabatiga bag‘ishladik. Biz otalar o‘z qizlari va o‘g‘illari bilan munosabatlarni qanday chuqurlashtirishi, qay tarzda yaqin bo‘lishlarini tushunishda yordam berishni xohladik. Albatta, bolalarga otalarning nihoyatda yetishmayotgani onalarning farzandlari hayotidagi ahamiyatini aslo kamaytirmaydi.

Ilmiy tadqiqotlar ham, bizning shaxsiy kuzatuvlarimiz ham shuni ko‘rsatadiki, sizlar, onalar, aksariyat hollarda o‘z vazifangizni a’lo darajada uddalayapsiz, shu bois katta miqdordagi bolalar kerakli tarzda ko‘p hollarda sevgi, g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashni onalaridan qabul qilmoqdalar. Go‘dak onasining hech qayoqqa ketib qolmasligini sezadi - ayol hamisha bolasini tinglaydi, avaylaydi va unga nisbatan g‘amxo‘rlik qiladi. Ota - boshqa masala. Bolalar odatda otalarining yonida o‘zlarini shunday xavfsiz his qilishmaydi, bu esa ularga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, aksariyat otalar shunchaki o‘z xotinlarini tinglaganlarida edi, ko‘p narsalarni bilib olgan bo‘lishardi!

Agar siz yolg‘iz ona bo‘lsangiz, ushbuni aytishga ijozat eting: sizning ishingiz o‘zingizga tuyulganidan ham ko‘ra kengroq va murakkabdir. Yo‘q, siz o‘z farzandingizga ayol va erkak o‘rtasidagi sevgi namunasini ko‘rsatolmaysiz, ammo uning yonida bo‘lishingiz va Xudodan olgan barcha ko‘mak, g‘amxo‘rlik va sevgini berishingiz mumkin. Farzandingiz qaysidir tarzda sizga oson emasligini va har kuni “ortiqcha mil yo‘l bosishingiz”ni tushunadi.

Shu bilan birgalikda mana bu haqda ham o‘ylab ko‘ring: agar bolangizning otasi siz bilan endi yoningizda bo‘lmasa yoki ota vazifasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasa, qizingiz yoki o‘g‘lingiz uchun o‘z jamoatingizdan ijobiy namuna bo‘la oladigan yoshi katta taqvodor masihiy erkakni toping. Ehtimol, kimningdir otasi bolangizni oilaviy sayohatga olib chiqishdan yoki u bilan shunchaki gaplashib olish yoxud do‘stlashishdan xursand bo‘lar. Otaning ahloqiy qiyofasi bolaning hayotiga ulkan ta’sir ko‘rsatadi. Agar oilada ota bo‘lmasa, bu bo‘shliqni bolangizga munosib ibrat ko‘rsata oladigan boshqa kishi bilan to‘ldirish aqlli ish bo‘lardi.

Endi esa barcha onalarga murojaat qilamiz: bolangiz otasini qay tarzda ko‘rishni xohlashi ko‘p darajada sizga bog‘liq. Siz katta hukmronlikka egasiz, ya’ni otaning bolalaringizga sevgisini qo‘llab-quvvatlash yoki uning hurmat-e’tiborini barbod qilish va farzandlar nazarida noshud qilib ko‘rsatishingiz mumkin. Eringizning ota sifatidagi ahamiyatini taqdirlang. Bu uning uchun zarur. Buni hatto uning o‘zi ham to‘liq tushunmasa kerak. Uning so‘zlariga xayrixohlik bildiring, bolalar oldida u haqda faqat yaxshi gaplarni ayting. Sabr-bardoshli, dono bo‘ling va uning bolalar yonida bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashda davom eting.

Siz o‘z bolangizni qachon oxirgi marta bag‘ringizga bosgansiz?

Bolangiz balog‘at yoshiga o‘tish davriga kelganida, nazaringizda u jismonan va qalban ota-onaga bog‘liq emasdek bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq, ehtimol aynan shu paytda hozir unga har qachongidan ko‘ra “o‘zgarmas sevgi”ga ishonch kerak bo‘lishi mumkin.

Bir qiz otasi haqida qo‘shiq yozib, unda otasining eski kiyimini kiyib yurishini bayon etgan. U o‘zini hech qachon tashlab qo‘ymaydigan va hamisha unga e’tiborini ayamaydigan otasi bo‘lishini xohlagan.

Qiz ulg‘ayganida, “Siniq ko‘ngil tavbasi” nomi bilan shu qo‘shiqni kuylagan. Iqtidorli xonanda kinoda o‘ynagan, qamoqxonaga tushgan va ozodlikka chiqqach “o‘zini qo‘lga olish” uchun ko‘niktirish jarayonlaridan o‘tgan. Aytish joizki, agar sizni aktrisa, bastakor va xonanda Lindli Loxanning nojoiz harakatlari taajjubga solsa, unga chuqurroq nazar tashlang, ana shunda ota mehriga hanuz tashna qizni ko‘rasiz.

Bir noyob iqtidorli besh yoshli bolakay to‘rtta aka-ukasi bilan televizion shouda qo‘shiq kuylash uchun mashq qilib ko‘rdi. Ota ularni boshqarib turishga urindi, biroq bolalar uning ko‘rsatmalarini hamisha ham to‘g‘ri tushunmasdilar. Besh yoshli bola qaysidir bir o‘rinda tushuncha olmoqchi bo‘ldi. “Otajon...” - u endi og‘iz juftlaganida, otasi shu zahotiyoq uning gapini bo‘lib qat’iy ohangda dedi: “Men endi senga ota emasman - men sening menedjeringman. Buni bilib qo‘ygin”. Va Maykl Jekson bu so‘zlarni butun umr yodida saqlab qoldi.

U o‘limidan bir necha yil avval Oksford universitetida o‘zi yaqinda tuzgan “Help the Children” fondi bilan batafsilroq tanishtirish maqsadida taxminan sakkiz yuzta talabalar qarshisida chiqish qildi. Chiqish so‘zining o‘n beshinchi daqiqasida o‘zini boshqarolmay ho‘ngrab yubordi. So‘ngra u harqalay o‘zini qo‘lga oldi va buni aytish uchun hech bir asos yo‘qdek tuyulsada, shunday dedi: “Men otam bo‘lishini xohlardim, xolos.  Uning sevgisini ko‘rishni xohlardim. Lekin undan biror marta ham, “Mayk, men seni yaxshi ko‘raman”, degan so‘zlarni eshitmadim8.

Pul va shon-shuhratdan ham, tengdoshlar  tomonidan tan olinishdan ham yoki bolalaringiz orzu qilgan boshqa narsadan ham ko‘ra ular uchun yonida ekanligingizni anglash, sevgingiz barqaror ekanligini bilishlari muhimdir. Bu esa bolalaringiz himoyasi uchun o‘zingiz o‘rnatgan qoidalardan voz kechishingizni yoki cheklovlar haqida unutishingiz kerakligini anglatmaydi. Ular o‘zlarini xavfsizlikda his etishlari uchun qoida va chegaralar zarur, ammo bu regulyatorlar ularga sizning yaqin munosabatlaringiz doirasida bo‘lmog‘i kerak. Bolalaringizga bo‘lgan sevgingiz qudrati ular uchun to‘g‘ri, chuqur ahloqli qarorlar qabul qilishlarida sababkor omil bo‘ladi.

Mazkur so‘zlarni o‘qib bo‘lganingizda, bolangizning - ehtimol, u o‘smirlik yoshidadir - oldiga borib, uni bag‘ringizga bosing. Mayli, bundan taajjubga tushsin! U qo‘llaringiz taftini his qilib, sizdan shu so‘zlarni eshita qolsin: “Men seni yaxshi ko‘raman”. So‘ngra farzandingiz ko‘z oldida har kuni sevgidan ibrat ko‘rsatishni o‘z-o‘zingizga va’da bering. U hamisha yonida ekaningizni his qilsin, barqaror sevgingizni ko‘rib tursin. Sizning yaqin munosabatlaringiz uning   aniq fikrga kelishiga, maqbul qadriyatlarni o‘zlashtirishiga va to‘g‘ri yashashiga imkon beradi.

Aniq-ravshanki, buni bajarishdan ko‘ra aytish oson.  Albatta, biz -ota-onalar va jamoat yetakchilari - har bir farzand bilan qalin munosabatlar o‘rnatish muhim hayotiy ahamiyatga ega ekanligini bilamiz. Biroq, buni qanday hal etish, qanday bajarish - butunlay boshqa masala! Buning uchun yana ko‘plab kitoblar kerak bo‘lishi mumkin. Shu bois, biz bu o‘rinda nafaqat bunday munosabatlarning zarurligini qayd etibgina qolmay, hech bo‘lmaganda ham, ularni yaratish asoslariga sizni o‘rgatishni istaymiz. Keyingi bobda bayon etiladigan aksariyat so‘zlar biz Dik Dey bilan hammualliflikda yozgan “Farzandlar nazarida qanday qilib qahramon bo‘lish mumkin” kitobidan olingan. Biz o‘sha kitobni yozganimizdan buyon farzandlarimiz ulg‘ayishdi, o‘zlari oila qurishdi. Va ulardan munosabatlar qurilishi uchun biz qo‘yishga uringan o‘sha g‘ishtlar hayotlariga qanday ta’sir ko‘rsatganini so‘zlab berishlarini so‘radik. Biz bilan birgalikda qoling.

Gap bu o‘rinda Josh Makdauellning “The Father Connection” (rus tilida “Vzaimosvyaz s otsom” deb tarjima qilingan) kitobi haqida bormoqda. Kitob Dotti Makdauellning faol  ishtirokida yozilgan.

Josh  Makdauell va D.Deyning “Farzandlar nazarida qanday qilib qahramon bo‘lish mumkin” kitobi (asl nusxadagi nomlanishi “ How to Be a Hero to Your Kids”) rus tilida bir necha bora nashr etilgan.


Книга на узбекском языке - Прямой разговор с подроском. Дотти и Джош Макдауэлл.



Shu bobni eshitish:


AUDIOKITOB ►
butun kitobni tinglang

Kitoblar

Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?
Qaysi kitoblarni tinglashni istaysiz?

docs.google.com/forms

Xush kelibsiz!

Яхши аудио Китоблар
Audiokitoblar Uzbek tilida


Kinolar va Multiklar
Kinolar Uzbek tilida


Audiokitob - Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd
Audiokitob Injil Uzbek tilidagi. Yangi Ahd


Аудио Кутубхона
Audiokitob Uzbek tilida

Telegram bot: @audio_kito_bot
Kanal: @kitoblar_elektron_uz



Sharhlar

...ҳар куни — байрамнинг биринчи кунидан охирги кунигача Худонинг Таврот китобидан ўқиб берди...

...kunidan oxirgi kunigacha Xudoning Tavrot kitobidan o‘qib berdi...
Naximiyo 8:18



Yaxshi audio kitoblarni yuklab oling uzbek tilidagi

911. Xudoning irodasini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Haqiqiy sevgini izlash (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Rejalashtirilmagan homiladorlik (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. O'z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Jinsiy zo‘rlanish (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Ota-onaning ajralishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Nizolar (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    911. Yaqin insonning vafot etishi (Djosh Makdauell, Ed Styuart)    Сенинг Чўққиларинг томон йўл (Ханна Харвард)    Фаришталар ҳам сукут сақлаган эдилар (Макс Лукадо)    Худонинг Буюклиги (Эйден Тозер)    Яраланган юрак (Дэн Аллендер)    Худонинг Муқаддаслиги (Роберт Спраул)    Фарзандингиз учун қай тариқа чўпон бўлиш мумкин? (Тед Трипп)    Энага яна ёрдамга шошади (Мишель Лароу)    Сандон устида (Макс Лукадо)  Гувохлик ва биография (Николай Бойко Ерофеевич)    Турмуш ўртоғингиз нотўғри ёъл тутганда, Сиз тоғри ёъл тудинг (Лесли Верник)    Матонат соҳиби (Джош Макдауелл)    Бахтли оила (Абдулла Рашидов)    Zamonamiz durdonasi (Nikolay Boyko)    Худди Исо Каби (Макс Лукадо)    Уни Нажоткор деб аташлари таажжубли эмас (Макс Лукадо)    Дарбадар ўгилнинг қайтиши (Генри Нувен)    Худо жуда яқин келди (Макс Лукадо)    Эски Аҳд аёллари ҳақида вазлар (Чарлз Спержен)    Iso bizning taqdirimiz (Vilgelm Bush)    Сиз осмонда қилолмайдиган иш (Марк Кехилл)    Дарбадар ўғил (Чарлз Спержен)    Ҳомиладорлигим кундалиги (Вера Самарина)    Иброҳимнинг оиласи: парчаланган шажарани шифолаш (Дон Мак-Керри)    Зулматдаги нур (Доктор Джеймс ва Ширли Добсон)    Митти Тиллақўнғиз ва Серқуёш ўтлоқзор аҳолиси (Майя Огородникова)    Подшоҳнинг сири  (Урусла Марк)    Яна қароқчилар қўлидами? (Урусла Марк)    Қароқчиларникидай  эмас (Марк Урусла)    Эътиқод уфқлари (Георгий Винс)    (Биродар Андрей ва Алекс Янсен) Сирли масиҳийлар    Масиҳийлик таълимоти асослари (Роберт Спраул)    Ҳаёт бўронларига бардош беринг (Пол Эстебрукс)    Абадийликка ишонаман (Николай Ерофеевич Бойко)    Ўсмир ибодатининг кучи (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Чегарасиз хает (Ник Вуйчич) kitob Uzbek tilida    Севимли инсоннинг ҳаёти (Генри Нувен) kitob Uzbek tilida    Довюраклар (Макс Лукадо) kitob Uzbek tilida    Бирга қилинган ибодатнинг қудрати (Сторми Омартиан) kitob Uzbek tilida    Хузур халоват амрлари (Джон Макартур) kitob Uzbek tilida    Саботли инсон (Джош Макдауелл) kitob Uzbek tilida    Shijoatkor (Nik Vuychich) kitob Uzbek tilida    Мақсад Сари Йўналтирилган Ҳаёт (Рик Уоррен) kitob Uzbek tilida    Чалғитиш номли душман (Джон Мэйсон) kitob Uzbek tilida    Мафтункор Гўзаллик (Джон ва Стейси Элдридж) kitob Uzbek tilida    Севги ва ҳурмат (Эмерсон Эггерих) kitob Uzbek tilida    Ayollar... (Nensi Demoss) kitob Uzbek tilida    Хакиат асоси (Джон Стотт) kitob Uzbek tilida    ИБОДАТГЎЙ АЁЛНИНГ КУЧИ (СТОРМИ ОМАРТИАН) kitob Uzbek tilida    ТЎҒРИ ҚАРОР (Джош ва Дотти Макдауэлл) kitob Uzbek tilida    Нега? (Филип Янси) kitob Uzbek tilida    Hayotdagi yetakchilik va ijodiy salohiyat (Rik Joyner) kitob Uzbek tilida    Ishayo 53 sharxlar (Mitch Gleyzer) kitob Uzbek tilida    Xudoga qay tarzda manzur bolish mumkin (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Mukaddas ruxning siri (Robert Charlz Spraul) kitob Uzbek tilida    Ota-ona ibodatining kuchi (Stormi Omartian) kitob Uzbek tilida    Muhabbat tilsimi (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    Xudoning qalbiga mos erkak (Jim Jorj) kitob Uzbek tilida    Enaga yordamga shoshadi (Mishel Larou) kitob Uzbek tilida    Bolaning nazaridagi qahramon (Djosh Makdauell) kitob Uzbek tilida    G‘alamisning xati (Klayv Steyplz Lyuis) kitob Uzbek tilida    Dolzarb Savollarga Javoblar (James Paker) kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    kitob Uzbek tilida    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Bolalar Audiokitob Uzbekcha    Bolalar kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audio kitob Uzbekcha    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Audiokitob Uzbek tilida    Hamdu Sanolar Uzbekcha    Hamdu Sanolar - Imon yuli. Uzbek musika



Kitobook – Kitoblar, AudioKitoblar: Инжил ва Muqaddas Kitob ва Инжил Каракалпак