Kirish
Filimo‘n masihiy bo‘lib, yuqori martabali edi. Ehtimol, u Kolossa shahridagi jamoatning a’zosi bo‘lgan. Filimo‘nning O‘nisim degan quli bor edi. Bu qul xo‘jayinidan qochib ketib, qandaydir bir yo‘l bilan Pavlusni uchratib qoladi. Pavlus bu vaqtda qamoqda bo‘lgan. Pavlus orqali O‘nisim imonga keladi. Pavlus bu maktubni Filimo‘nga quli O‘nisim bilan yarashishni iltimos qilib yozgan. Pavlus O‘nisimni Filimo‘nning oldiga qaytarib yuboradi. U Filimo‘ndan O‘nisimni faqat qul emas, balki masihiy birodar sifatida qabul qilishni iltimos qiladi.
Filimo‘nga maktub juda qisqa bo‘lgani uchun boblarga bo‘linmagan.
Duoyi salom
IZOHLAR
qamoqda — 1–oyatning birinchi izohiga qarang.
1:1 qamoqda bo‘lgan — bu paytda Pavlus Rimda mahbus bo‘lgani ehtimoldan holi emas (Havoriylar 28:16, 30 ga qarang).
1:1 Timo‘tiy — ilk jamoatning yetakchisi bo‘lib, havoriy Pavlusning hamkori (Havoriylar 16:1-3, Filippiliklar 2:20-22 ga qarang).
1:2 Singlimiz — ularning tug‘ishgan singlisi emas, balki imonli ayollarga shunday murojaat qilingan.
1:10 O‘nisimus — Pavlus Rimda mahbus bo‘lganda O‘nisimus u orqali imonga kelgan va shu sababdan Pavlusga juda yaqin bo‘lib qolgan edi. Kolosaliklar 4:9 ga va o‘sha oyatning izohiga qarang.
1:11-12 foydasiz…foydali — O‘nisimus ismining ma’nosi foydali bo‘lib, bu oyatlarda so‘z o‘yini ishlatilgan.
1:15 Balki, sen O‘nisimusni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir — O‘nisimus Filimo‘nning uyidan qochib ketganda hali masihiy emas edi. U Rimda imonga kelib, Filimo‘nning oldiga masihiy birodar sifatida qaytib ketayotgan edi. Endi ular imonli birodarlar bo‘lib, Masihda abadiy hayotga ega edilar va ularning o‘zaro munosabati butunlay o‘zgargan edi.
1:19 …o‘z qo‘lim bilan yozyapman — 1 Korinfliklar 16:21 izohiga qarang.
1:19 …o‘z hayoting uchun… — Filimo‘n Pavlus orqali Iso Masihga imon keltirgan bo‘lishi mumkin.
1:23-24 Mark — Kolosaliklar 4:10 ning oxirgi izohiga qarang.
1:23-24 Luqo — Kolosaliklar 4:14 izohiga qarang.
1:25 Yunoncha matndan. Ba’zi yunon qo‘lyozmalarida quyidagi so‘z oyatga qo‘shimcha qilingan: omin.
1 Iso Masihga qilgan xizmatim tufayli qamoqda bo‘lgan men — Pavlusdan hamda birodarimiz Timo‘tiydan sevikli hamkorimiz Filimo‘nga salom!
2 Singlimiz Affiya bilan safdoshimiz Arxippga, shuningdek, xonadoningda yig‘ilib turadigan imonlilar jamoatiga ham salom yo‘llaymiz.
3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
4 Ey Filimo‘n, men ibodat qilganimda seni eslab, har doim Xudoyimga shukr aytaman.
5 Chunki sening Rabbimiz Isoga bo‘lgan imoning va barcha aziz birodarlarga bo‘lgan muhabbating haqida eshitib turibman.
6 Ibodatim shuki, bizniki bilan bir bo‘lgan imoning Iso Masih nomi uchun qilishimiz kerak bo‘lgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin.
7 Birodarim, sen tufayli birodarlarning ko‘ngli tinch. Sening mehr-muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi.
8 Filimo‘n, sen ham, men ham Masihga ishonamiz. Shuning uchun men jasorat bilan senga o‘z burchingni bajargin, deb buyursam bo‘lardi.
9 Ammo sen meni yaxshi ko‘rganing uchun iltimos qilishni afzal ko‘rdim. Iso Masih tufayli qamoqda bo‘lgan, yoshi o‘tib qolgan, men, Pavlus,
10 mahbusligimda imon orqali menga o‘g‘il bo‘lib qolgan O‘nisim uchun sendan iltimos qilyapman.
11 O‘nisim bir vaqtlar senga foydasiz edi. Endi esa u senga ham, menga ham foydalidir.
12 Ko‘zimning oqu qorasiday bo‘lib qolgan O‘nisimni sening oldingga qaytarib yubordim.
13 Men Xushxabarni targ‘ib qilganim uchun qamoqda yotibman. O‘nisimning yonimda qolishini, sening o‘rningga menga xizmat qilishini xohlar edim.
14 Ammo sening roziligingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim, chunki sening iltifotingni majburiy emas, balki ixtiyoriy bo‘lishini istadim.
15 Balki, sen O‘nisimni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir.
16 Endi u senga faqatgina qul emas, balki quldan yuqori, sevikli birodaringdir. Men uni juda qadrlayman. Ishonchim komilki, u senga ham qul sifatida, ham Rabbimiz Iso orqali birodaring sifatida yanada qadrliroqdir.
17 Agar sen meni Rabbimiz xizmatidagi safdoshing, deb bilsang, O‘nisimni meni qabul qilganday qabul qilgin.
18 Mabodo u senga zarar keltirgan bo‘lsa yoki sendan qarzdor bo‘lsa, buni mening zimmamga yukla.
19 Men, Pavlus, quyidagini o‘z qo‘lim bilan yozyapman: men qarzingni to‘layman. Sen o‘z hayoting uchun mendan qarzdor ekanligingni aytishimning esa hojati yo‘q.
20 Ha, birodarim, Rabbimiz Iso tufayli mendan bu iltifotingni ayama! Masih haqi–hurmati jonimga oro kirgin!
21 Sen mening so‘zlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham ko‘prog‘ini bajarasan, deb ishonganim uchun bularni yozdim.
22 Bundan tashqari, menga biror turar joy ham tayyorlab qo‘ygin. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga ishonaman.
23 Men bilan birga Iso Masih nomi uchun mahbus bo‘lgan Epafras,
24 hamkorlarim Mark, Aristarx, Dimas, Luqo senga salom yo‘llayaptilar.
25 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo‘lsin.