Kirish
Muallif Yuhanno bu maktubini imonlilar jamoatining yetakchisi Gayga yo‘llagan. U ushbu maktubida Gayni birodarlarga ko‘rsatgan yordami uchun maqtab: “Bu ishingni davom ettiraver”, deb dalda beradi. Shu bilan bir qatorda, u Diotref degan kishining yaramas qilmishlarini fosh etadi.
Yuhannoning uchinchi maktubi juda qisqa bo‘lgani uchun boblarga bo‘linmagan.
Duoyi salom
IZOHLAR
1:1 oqsoqol — ya’ni havoriy Yuhanno.
1:4 farzandlarim — Yuhannoning o‘z farzandlari emas. Yuhanno ularning ruhiy yo‘lboshchisi bo‘lib, aziz imonlilarga shunday murojaat qilgan.
1:7 Imonsizlar — ulardan Xushxabarni eshitadigan odamlar.
1:9 imonlilar jamoati — Gayus va Diotrefes a’zo bo‘lgan jamoat nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
1:12 Demitrus — Xushxabarni yoyish maqsadida safarga chiqqan, ushbu maktubni Gayusga olib borayotgan odam bo‘lishi mumkin.
1 Chin ko‘ngildan yaxshi ko‘radigan aziz birodarim Gayga men — oqsoqoldan salom!
2 Aziz do‘stim, hamma ishlaringga Xudodan rivoj tilayman. Tanang ruhing singari sog‘–salomat bo‘lsin.
3 Har safar birodarlarimiz kelib, sening haqiqatga sodiq qolganingni va haqiqat bo‘yicha yashayotganingni aytishganda, men g‘oyat xursand bo‘laman.
4 Men uchun farzandlarimning haqiqat bo‘yicha yashayotganlarini eshitishdan kattaroq xursandchilik yo‘q.
5 Aziz do‘stim, sen birodarlarimizga, hatto o‘zing tanimaganlarga ham, doim sadoqat bilan yordam berib kelyapsan.
6 Ular sening mehribonliging to‘g‘risida imonlilar jamoatiga aytib yurishibdi. Bu ishingni davom ettiraver, Xudoga munosib tarzda safardagi birodarlarga yordam ber.
7 Axir, ular Masih nomi uchun yo‘lga chiqqanlar. Imonsizlardan hech qanday yordam olmaslikka qaror qilganlar.
8 Biz bunday odamlarni qo‘llab–quvvatlashimiz kerak, shunda haqiqatni e’lon qilishda ularga hamkor bo‘lamiz.
9 Men imonlilar jamoatiga bir maktub yozgan edim. Ammo ularning oralarida o‘zini katta tutayotgan Diotref gaplarimizga e’tibor bermayapti.
10 Agar borsam, uning qilmishlarini fosh etaman. U biz haqimizda yomon gaplar tarqatib, tuhmat qilib yuribdi. Bu bilan ham kifoyalanmay, birodarlarni qabul qilmayapti, qabul qilmoqchi bo‘lganlarga to‘sqinlik qilib, ularni hatto jamoatdan quvib chiqaryapti.
11 Aziz birodarim, sen yomonlikka emas, yaxshilikka taqlid qil. Yaxshilik qiluvchi odam Xudodandir. Yomonlik qiluvchi esa Xudoni ko‘rmagan.
12 Dimitriy haqida esa hamma yaxshi gapirmoqda, uning hayotida va ta’limotida aks etgan haqiqat ham u tomondadir. Biz ham u haqda yaxshi fikrdamiz, gapimiz to‘g‘ri ekanligini o‘zing bilasan.
13 Senga aytadigan gapim ko‘p, ammo ularni siyoh bilan qog‘ozga yozishni istamadim.
14 Undan ko‘ra, yaqin orada o‘zing bilan yuzma–yuz ko‘rishib gaplashaman, deb umid qilaman.
15 Tinch–omon bo‘lgin. Do‘stlarimiz senga salom yo‘llayaptilar. U yerdagi do‘stlarimga ham nomma–nom salom aytib qo‘y.